Jeenbekov Qirgʻizistonning siyosiy elitasi nimaga amal qilishi kerakligini maʼlum qildi

0
876

Jeenbekov Qirgʻizistonning siyosiy elitasi nimaga amal qilishi kerakligini maʼlum qildi

 “Qirgʻizistonning siyosiy elitasi bir-birini hurmat qilishni, boshqalar fikriga quloq tutishni oʻrganishi lozim. Ular oʻzaro hamkorlik qila olsalar, mamlakatda tinchlik, birdamlik va rivojlanish oʻrnatiladi”, – dedi Sooronbay Jeenbekov Jogorku Keneshning sobiq spikerlari va sobiq bosh vazirlar bilan uchrashuvda.

Uning aytishicha, uchrashuvdan asosiy maqsad yagona maydonda mamlakatni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdan iboratdir.

 Qirgʻiziston prezidentining taʼkidlashicha, kelgusida tashqi va ichki siyosatda koʻplab sinovlar kutilmoqda.

 “Siz mamlakat uchun hal qiluvchi vaqtlarda muhim qarorlarni qabul qilishda ishtirok etgansiz. Siyosiy voqealar markazida boʻlgansiz. Koʻplab sohalarda boy tajribaga egasiz. Bu boy zaxira talab etilmay qolishi kerakmas”,- deb taʼkidlab oʻtgan Jeenbekov.

 “Elita mamlakatni rivojlantirish boʻyicha bir fikrga kelgan davlat har doim muvaffaqiyatlarga erishgan. Ular bahslashishgan, bir-birlarini tanqid qilishgan. Biroq ish asosiy yoʻnalishga kelganda, ular yagona fikrga kelganlar. Hozir Qirgʻizistonda davlatning barcha ijtimoiy-siyosiy kuchlari ishtirokida hal qilish lozim boʻlgan koʻplab masalalar va muammolar mavjud. Men siz bu birlashtiruvchi kuchga aylana olishingizga ishonaman”,- dedi Jeenbekov.

 Jeenbekov fuqarolik jamiyati, siyosiy kuchlar va davlat boshqaruvi organlari oʻrtasidagi hamkorlikni ilgari surishi va muloqotni qoʻllab-quvvatlashi, maʼnosiz mojarolarsiz tanqidni eshitishga tayyorligini qoʻshimcha qilgan.

Turkiston:

Vanihoyat Prezident Jeenbekov siyosiy elitaga murojaat qilishga majbur boʻldi. Bir yilgi faoliyati mobaynida deyarli hech qanday reforma yoki iqtisodiy va siyosiy oʻzgarishlar qila olmagan prezident, yillik hisobot topshirish vaqti kelganida oʻz salohiyatini elita vakillari bilan boʻlishmoqchi boʻlgandek taktikani qoʻllamoqda. Atambayev va uning tarafdorlari, prezidentning yillik hisobotini talab qilib qurultoy uyushtirishyapti. Xalq oldida yolgʻon populistik hisobot berish jarayoni  Jeenbekovni qoʻrqitib yubordi. Atambayevning shu kunlarda siyosatga qaytib, muxolifot yetakchisi sifatida kirib kelganini eʼlon qilgani bu qoʻrquvni vahimaga aylantirdi.

Jeenbekov bir yil mobaynida Qirgʻiziston siyosiy elita vakillaridan xoli boʻlgan oʻz siyosatini yurgizmoqchi boʻldi. Ammo u, yil boʻyi biror koʻzga tashlanarli ish koʻrsata olgani yoʻq. Atrofida mayda, koʻzga koʻrinmagan, tanilmagan lekin itoatkor siyosatchilar yigʻilib qoldi. Yodingizda boʻlsa Atambayev ham, eski elita vakillarini siyosatdan chetlatib, xuddi shu yoʻldan yurgan edi. Kecha prezident elita vakillari va avvalda bosh vaʼzir vazifasida ish yuritgan siyosatchilarni yigʻib, ularni oʻzi bilan birga faoliyat olib borishga chaqirdi. Demak, Jeenbekov Qirgʻiz siyosiy elitasi Atambayev tomonga oʻtib ketishidan xavotirga tusha boshladi. Yaʼni ular Atambayev tomonga oʻtib ketmasa ham, vaziyatga toʻgʻri baho berish bilan jamiyatni jumbushga keltirib yuborishlari mumkin.

Aylana stol atrofidagi muzokarada Adaxan Madumarov va yana bir qator siyosatchilar yangi hokimiyat olib borayotgan siyosiy yoʻnalishni ochiq muhosaba ostiga olishdi. Ha, bu siyosatchilar siyosatda oʻz oʻrinlariga ega boʻlib, ular bilan prezident hozirdagidek erkin faoliyat olib bora olmaydi. Prezidentning oilaviy boshqaruv sistemasini davom ettirishi ham oson kechmaydi. Shunga qaramay, kech boʻlsa ham prezident ulardan yordam soʻrashga majbur boʻldi.

Atambayev bilan Jeenbekov oʻrtalaridagi keskinlikka toʻxtatiladigan boʻlsak, ularning bir birlariga qarshi kurashishlari, xuddi oʻzi oʻziga qarshi kurashayotgan kimsani aks ettiradi. Ular avvalda har bir jinoyatlarini birga amalga oshirishgan yoki kamida oʻsha jinoyatdan xabardor boʻlgan holda sukut qilish bilan rozi boʻlib turishgan. Endi oʻsha jinoyatlarda biri ikkinchisini ayblayotib, oʻzini poklamoqchi boʻlayapti. Bu esa jinoyatni tan olib, lekin vaziyatdan oʻzini poklab olib chiqib ketish maqsadida fikr yuritilayotganini ochiq koʻrsatib turipti. Demak ish jinoyatga qarshi faoliyat asosida olib borilayotgani yoʻq. Balki oʻz jinoyatlarini sherigiga yuklab yuborish, jamiyatni bir biriga qarshi yoʻnaltirish yoʻlida bir tomon shallaqilik qilsa, ikkinchi tomon qoʻlidagi saltanatni suistimol qilishga harakat qilyapti. Buzuq elita vakillari esa, kim tomondan oʻzlariga qanday foyda kelishi mumkinligini hisob kitob qilib turishibdi!

Izohlar yo'q