Novikov: “IShID” Markaziy Osiyoda “Xalifalik” davlatini tiklamoqchi

0
777

Novikov: “IShID” Markaziy Osiyoda “Xalifalik” davlatini tiklamoqchi

  Mustaqil davlatlar hamdoʻstligining terrorizmga qarshi kurash markazi rahbari general Andrey Novikov “IShID” jangchilari Markaziy Osiyo mamlakatlarida “Xalifalik davlatini” tiklash rejasini tuzayotganligidan ogohlantirdi. General Novikov bu haqida terrorizmga qarshi kurash boʻyicha “Antiterror-2018” tadbirlari doirasida oʻtkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlaridagi xavfsizlik va razvedka xizmati rahbarlarining yigʻilishida maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, “IShID” jangchilari bu hududdagi “hujayralar”ini faollashtirish payiga tushgan.

 Oʻz navbatida Qirgʻiziston bosh vazirining oʻrinbosari Z. Razzoqov terroristik tahdidlar, Markaziy Osiyo va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlarida uzoq muddatli mojarolarni keltirib chiqarishi haqida ogohlantirdi. Unga koʻra, mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun “terrorchilar”ning shimoliy Afgʻonistondan bu hududlarga suqulib kirishga harakat qilayotgani alohida tashvish uygʻotmoqda.

 Iyun oyida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktorining oʻrinbosari hamda terrorizmga qarshi kurash milliy qoʻmitasining raisi Igor Sirotkin “IShID” tashkiloti shuncha yoʻqotishlarga qaramasdan, butun dunyo boʻylab tarqalib borayotganligini va jiddiy tahdidlarga sabab boʻlayotganligini bildirgan edi.

 Strategik reja tuzish institutining direktori Aleksandr Gusevning soʻzlariga koʻra, “Islomiy davlat xujayralari” Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning deyarli barcha taraflariga yoyilib bormoqda.

Turkiston:

Rossiya Markaziy Osiyo uchun Afgʻoniston orqali okeanga tranzit yoʻli ochilishidan xavotirda. Okean Markaziy Osiyoni jahon bozoriga olib chiqadi. Unda Markaziy Osiyo Rossiyaning iqtisodiy mustamlakasidan chiqib ketishi mumkin. Gaz, neft quvirlari qurilishi bilan “Gazprom”, “Rostneft” kabi Rossiya kompaniyalari Oʻrta Osiyodan siqib chiqariladi.

 Rossiya oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun Markaziy Osiyoda, xususan, Qirgʻiziston va Tojikistonda qalbaki vahimalar paydo qilish orqali harbiy ishtirokini kuchaytirib olmoqchi. Shuningdek, harbiy holatni vujudga keltirib, Afgʻoniston orqali har qanday iqtisodiy manfaatli loyihalarni ortga surmoqchi. Markaziy Osiyo davlatlarining rahbarlari Afgʻoniston orqali oʻtadigan tranzit yoʻli mintaqa uchun qanchalik manfaatli ekanini anglab turishgan boʻlsalar ham, Rossiyaning fitnalaridan choʻchib, uning nayranglariga bosh egishga majbur boʻlishadi. Aks holda Rossiya mintaqada qalbaki terrorchilar nomidan qoʻporuv amaliyotlarini amalga oshirib vaziyatni izdan chiqarib yuborishi mumkin!

Izohlar yo'q