Rus ciyosatchisi: Xitoy Tojikistonni  asta-sekin yutib yuboradi

0
455

Rus ciyosatchisi: Xitoy Tojikistonni  asta-sekin yutib yuboradi

Rossiya davlat Dumasining sobiq vakili, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo boʻyicha tadqiqot markazining mudiri Semyon Bagdasarov Xitoy hukumati Markaziy Osiyoga nisbatan tamaxoʻrligining ikkinchi bosqichini boshlaganligini bildirdi. Bagdasarovning taʼkidlashicha, Xitoy Tojikistonga bergan qarzlari evaziga asta-sekinlik bilan bu mamlakatning muhim tabiiy yer osti konlarini qoʻlga kiritmoqchi. Boshqacha qilib aytganda, Xitoy Tojikiston fuqarolarini oʻziga qul qilib, mamlakat boyliklarini yamlamay yutish istagida.

Semyon Bagdasarov bu haqida “Sputnik” radiosiga bergan intervyusida maʼlum qildi. “Sputnik” jurnalistlari bilan boʻlgan suhbatda sobiq vakil quyidagilarni taʼkidlab oʻtdi: “Xitoyliklar bosqichma-bosqich suratda Tojikistonni yutib yuboradilar. Tojiklar sharqiy Pomirdagi 1000 kilometr kvadratdan ortiq yerni, soʻngra Murgʻob tumanidagi hosil beruvchi yerlarni Xitoyga berishgan. Keyinchalik  Xitoy evaz tariqasida qarz berishni boshladi. Yaʼni “agar pul kerak boʻlsa, biz beramiz, ammo konlaringizni bizning ixtiyorimizga topshiringlar” qabilida ish tutishdi. Men shaxsan oʻzim 90 yillarda  Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston boʻyicha departamentning masʼul rahbari lavozimida ishalaganman. Oʻshanda bunday usuldan va uning oqibatlaridan ogohlantirib, qaytargan edim. Xitoyliklar bergan qarzlarining evaziga oltin va kumush konlariga egalik qilishadi. Yaʼni asta-sekin Tojikistonni yutib yuboradi”.

Semyon Bagdasarovning fikriga koʻra, ayni damda Xitoy yangi mintaqalarni bosib olishning ikkinchi bosqichini boshlagan va bu harbiy ekpansiya hisoblanadi.

“Ilgari Xitoy faqat iqtisodiy ekspansiya bilan mashgʻuldir, u harbiy ekspansiya qilishga jurʼat etolmaydi, deyilar edi. Unday boʻlsa, eng ulkan bandargoh – Arab dengizidagi Adan bandargohidagi baza kimga tegishli? Jibutidagi baza kimga oid? Tojikistondagi baza kimniki? Shundan kelib chiqib ayta olamizki, Xitoyliklarda endilikda iqtisodiy ekpansiyadan tashqari harbiy jihatdan bosib olish rejalari mavjud. Yana shuni taʼkidlab oʻtish joizki, ular bizlarning ittifoqchimiz emas. Agar vazʼiyat oʻzgarib, Rossiyaga qarshi harakatlanish shart boʻlib qolsa, bu ishni Xitoyliklar  amerikaliklardan yaxshiroq ishtiyoq bilan amalga oshirishadi”, dedi Bagdasarov.

Maʼlumki, Xitoy soʻnggi yillarda Tojikiston hukumatining asosiy investoriga aylangan. Tojikiston tashqi qarzining teng yarmi, yaʼni bir yarim milliard dollar atrofidagi mablagʻ Xitoyliklarga tegishli.

Xitoy tomonidan berilgan bunday katta miqdordagi qarz koʻpchilikni qattiq tashvishga solmoqda. Qirgʻiziston parlamenti vakillaridan biri taʼkidlab oʻtganidek, Xitoyning investitsiyaga doir shartnomasida bir maxsus band mavjud. Unga binoan davlatlar Xitoydan olgan qarzlari evaziga oʻz mustaqilligining bir qismidan voz kechishlari lozim, shu jumladan Xitoy bilan xalqaro sudda tortishish huquqidan ham mahrum boʻladilar.

Hali hanuzgacha Xitoy va Tojikiston oʻrtasidagi qarzga oid shartnomalar matni biror manbada nashr etilmagan va shartlari aniq koʻrsatilmagan. Tojikiston milliy Banki raisining muovini Jamoliddin Nuraliyev buning sababini quyidagicha izohlaydi: -“Xitoyning Tojikistonga yotqizgan sarmoyasi Jahon banki yoki Xalqaro bank qoidalariga binoan ortiqcha shartlarsiz yoʻlga qoʻyiladi”.

Ammo Tojikistondagi mutafakkirlar bu harakatlarga salbiy koʻzqarash bilan  yondoshib, Pekining Tojikistonga nisbatan  bunday “mehribonchiligi”ni tamaʼxoʻrlik deya baholashmoqda. Rasmiy Pekinning evazsiz, shartsiz sarmoya berishi – bu mustamlikachilikning bir uslubi hisoblanadi. Xech shubhasiz kelajakda bergan mablagʻlari hisobiga oʻz maqsadlarini roʻyobga chiqarishi muqarrar. Zero ayni paytda  boʻynigacha qarzga botgan Dushanbe, Xitoy bergan qarzlarni belgilangan muddatda ado qilolmay, majburan uning shartlariga rozi boʻladi.

Izohlar yo'q