Turkiya Rossiyadan S-400 zenit-raketa komplekslarini sotib oladi
“Fargʻona” axborot agentligining xabar qilishicha, Turkiya prezidenti Rejeb Toyib Erdoʻgʻon 25 iyulda Rossiyadan S-400 rusumidagi zenit-raketa komplekslarini sotib olinishini rasman eʼlon qildi.
“Shartnoma imzolandi. Xudo xohlasa, mamlakatimizda S-400 raketalarini koʻramiz va birgalikda ishlab chiqara boshlaymiz”,- dedi prezident parlament deputatlariga qilgan murojaatida.
Iyul oyi oʻrtalarida Bloomberg agentligi oʻzaro kelishuvning qiymati 2,5 mlrd. dollarga teng ekani haqida xabar tarqatgan edi. Rossiya Harbiy-texnik hamkorlik Federal xizmati boshligʻi Dmitriy Shugayev oʻtgan haftada “MAKS” aviasalonida Moskva va Anqara haqiqatan ham S-400 zenit-raketa majmualarini yetkazib berish borasida muzokaralar olib borganligini tasdiqladi. “Tomonlar oʻrtasida printsipial qaror qabul qilindi”,- dedi u.
Oʻtgan haftada Pentagon Rossiyaning S-400 ni oʻrnatishda texnik jihatdan turk harbiylari muammolarga duch kelishidan Turkiyani ogohlantirgan edi. AQSh mudofaa vaziri Jim Mettis bayonot berib, NATO tizimi hech qachon Rossiya texnikasiga mos tushmasligini taʼkidladi.
Bunga javoban Erdoʻgʻon, NATO aʼzosi boʻlgan Gretsiya anchadan beri Rossiyaning S-300 ZRMdan foydalanayotganini va harbiylarda bu borada muammo yoʻqligini taʼkidlagan edi.
Raketa tizimlari strategik va taktik aviatsiya samolyotlarini, ballistik raketalarni, gipertovushli nishonlarni va boshqa qurollarni urib tushirishi mumkin.