Tramp: Amerikaning ruhi yangilandi
AQSh Kongressi oldida birinchi bor soʻzga chiqqan prezident Donald Tramp vazifasini boshlaganiga bir yarim oy oʻtganiga qaramay, odatda Amerika prezidentlari kamida bir yil xizmat qilgandan keyin qiladigan nutqni amalga oshirdi. Tramp nutqini AQShning “yomonlik”larga qarshi birlashganligini taʼkidlash bilan boshlar ekan, “Amerikani yana qayta buyuk kuchga aylantiraylik”, degan shiorga eʼtiborni qaratdi. Oʻlib borayotgan sanoatni jonlantirishini, armiyani zaruriy resurslar bilan taʼminlashini va choʻkib borayotgan infratuzilmani yangi yoʻllari, koʻpriklar aeroportlar qurish orqali qayta tiklashini bildirgan Tramp prezidentlik xizmatini boshlagandan buyon qisqa vaqt ichida rekord yutuqlarga erishganliga urgʻu berdi.
Shuningdek u toʻqqiz yildan soʻng Amerika Qoʻshma Shtatlari tashkil topganligining 250 yilligini nishonlashga ishtirok etishini, keyingi avlodga qanday oʻlka qolishi haqida oʻylab koʻrish kerakligini qoʻshimcha qildi. Xususan, Amerikaning ruhi yangilanganligini qayta-qayta takrorlagan AQSh rahbari radikal Islomiy terrorga qarshi kurash uchun yangi qadamlar tashlanganligini ham tilga olib oʻtdi.
Boshqa tomondan Tramp NATOga boʻlgan sadoqati davom etishini, lekin NATO aʼzolari oʻz zimmalaridagi moliyaviy toʻlovlarni toʻlab qoʻyishlari zarurligini ham qayd etdi.
Tramp uzoq vaqt davomida AQShning sarmoya bozorlari va boyliklari xorijiy mamlakatlarga oqqanligini qoʻshimcha qilib, “Bir global loyiha ortidan boshqa global loyiha tuzdik, farzandlarimizning kelajagini eʼtiborsizlik qoldirdik. Boshqa mamlakatlarning chegaralarini himoya qildik, ammo oʻzimizning chegaralarimizni barchaga ochib berdik”, dedi.
Turkiston:
Donald Tramp oʻzining barcha chiqishlari va nutqlari bilan AQShning dunyoga hukmronlik daʼvosini va takabburligini ochiq namoyon qilayotgan kishilardan biridir. Tramp saylov oldi kampaniyasida ham doimo “qudratli AQSh” shiorini olgʻa surgan edi.
Modomiki Tramp AQShning kuchayishini istar ekan, demak uchinchi dunyo davlatlari va oʻrta hol davlatlar, xususan Islomiy oʻlkalarda joylashgan davlatlarning mashaqqatlari yana-da ortadi. Chunki kapitalizm tuzumiga asoslangan kapitalistik davlat oʻz qudratini zayif davlatlarni ezish, och qoldirish, kasalliklarga duchor qilish evaziga kuchaytiradi. Yaʼni kapitalistik tuzumiga asoslangan davlat oʻzining kuchayishi uchun har qanday razil ishni hech tap tortmay amalga oshiradi.
Tramp dunyoda faqat AQShning kuchli boʻlishi haqida soʻz yurityapti. Bu esa, AQSh dunyo siyosatida birortani oʻziga sherik qilmaydi, biror ish qiladigan boʻlsa, u ishni BMT xavfsizlik kengashida muhokamaga qoʻyib, uning qarori bilan ish yuritishga hojat yoʻq, degan maʼnoni anglatadi. Bunday ochiq muomala qilish jumhuriyat partiyasining yoʻlidir.
Yevropa davlatlariga qarata esa “siz NATOning aʼzosi sifatida zimmangizga tushgan toʻlovlarni ortiqchasi bilan toʻlashga majbursiz. Yaʼni siz Rossiyaning kengayishidan himoyalanishni xohlasangiz koʻproq sarf xarajat qilishingizga toʻgʻri keladi” deyayotgandek muomala qilyapti.
Shu vaqtgacha AQSh dunyoda yuz berayotgan urushlarning sarf xarajatlarini boshqa davlatlarga yuklab kelayotgan edi. Endi esa, oʻsha davlatlarga “sarf xarajatlarni ham sizlar koʻtarasizlar, buning ustiga mening choʻntagimni ham toʻldirib qoʻyasizlar”, demoqchi boʻlyapti. Tramp bayonotlarining birida Iroq va Liviya neftiga koʻz tikib turganligi, Iroq neftidan 15 tirillion dollar foyda kutayotganligi va buning uchun Saudiya Arabistoni va koʻrfaz davlatlari xarajatlarning yana ham koʻproq qismini boʻyniga olishi kerakligi haqida aytgan edi.