Xitoyda G20 sammiti ish boshladi
Xitoyda 4 sentyabr kuni “Innovatsion, sogʻlom, izchil va inklyuziv dunyo iqtisodiyotini qurish” mavzusida G20 sammiti ish boshladi.
XXR hukumatining maʼlum qilishicha, mamlakat raisligida oʻtayotgan sammitning ustuvor vazifalari – butun dunyoda iqtisodiy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlarni izlash, jahon iqtisodiyoti va moliyaviy vositalarni yanada samarali boshqarish, davlatlararo savdo va sarmoya maydonlarini ragʻbatlantirish, inklyuziv va izchil taraqqiyotni yoʻlga qoʻyish.
G20 (20 davlat guruhi) – mamlakatlararo iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilishga bagʻishlangan anjuman. G20 tarkibiga Avstraliya, Argentina, Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Kanada, Xitoy, Meksika, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSh, Turkiya, Frantsiya, Janubiy Koreya, JAR, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi kiradi. Bundan tashqari G20 uchrashuvlarida odatda turli xalqaro tashkilotlar, jumladan Moliyaviy barqarorlik kengashi, Xalqaro valyuta fondi, Jahon savdo tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Jahon banki vakillari ham ishtirok etadi.
G20 davlatlarining yalpi ichki mahsuloti dunyo YaIMning 85 foizini tashkil etadi.
2013 yilda “G20”da Rossiya raislik qilgan, undan keyin esa – Avstraliya, oʻtgan yili “20 davlat guruhi” raisligini Turkiya qabul qildi.
Sammit 5 sentyabr kuni oʻz ishini tamomlaydi.
Turkiston:
Yuqoridagi “katta yigirmalik” va “katta yettilik” tashkilotlarining paydo boʻlishi va ularning ish faoliyatlaridan avval kutilgan maqsadlar qanday boʻlgan?
“Katta yigirmalik”: — Bu tashkilot 1999 yili oʻz faoliyatini boshladi. Maqsadi, dunyodagi rivojlangan va rivojlanib borayotgan mamlakatlarni, shuningdek xalqaro bank va boshqa yirik moliyaviy korxonalarni birlashtirib, ularning moliyaviy aloqalarini tartibga solib turish orqali olamiy iqtisodiy sistemani globallashgan holda ushlab turish. Bu tashkilot dunyoning qariyb 85% moliyasini oʻz tasarrufi ostiga olgan va uni oʻz nazorati ostida tartiblashtirib turadi.
“Katta yettilik”: — Bu norasmiy tashkilot ham, olamiy iqtisodiy balansni nazorat qiluvchi uyushma boʻlib, asosan dunyoning yetakchi davlatlari yoki ularning qoʻl ostilaridagi rivojlangan davlatlardan tashkil topgan. Bu tashkilotning ustavi va qarorgohi boʻlmaganidek, uni rasmiy olamiy tashkilot deb eʼtirof ham qilinmaydi. Bu uyushma faqat maslahat berish salohiyatiga ega deb eʼtirof etilishiga qaramay, u dunyo boshqaruv sistemasini asosi hisoblanadi.
Bu tashkilot va uyushmalarning maqsadi nima? Bular kapitalistik olamiy sistemasining asosiy yoʻnaltiruvchilari va uni yaroqsiz iqtisodiy sistemasining yamoqchilari desak toʻgʻri boʻladi. Chunki kapitalistik sistemaning siyosiy va iqtisodiy sistemasi olamiy kapitalni bir joyga yigʻilib qolishiga va moliyaviy tizimni buzulishiga olib borib qoʻyishi muqarrardir. Bu jarayonni biz voqeʼda koʻrib turibmiz.
Yaʼni, bu sistemani albatta kapitalistlar boshqarishadi. Ular esa, iqtisodiy farovonlikning garovi boʻlgan ishlab chiqaruvchi ogʻir va yengil sanoatlarni oʻz qoʻllariga olishadi. Keyin u kapitalistlar bu sohalarni manapoliya qilib olish uchun davlatlar va xalqaro tashkilotlarga bosim oʻtkazishadi. Yetakchi mamlakatlar rahbarlari ushbu kapitalistlarning manfaatlari uchun xalqaro tashkilotlar paydo qilishadi va ularni vosita qilib, olamiy globallashgan sistemalar tuzishadi. Masalan, patent sistemasini BMTda xalqaro qonun sifatida qabul qilinib, uni tish tirnoqlari bilan himoya qilinishi, bir qator olamiy stondartlarni roʻykach qilib, ularni cheklov sifatida qonuniylashtirilishi, zaif davlatlar hukumatlariga har xil bosim berish bilan, u hokimiyat vakillarini mamlakat dasturlarida ishlab chiqarishga toʻsiqlar qoʻyuvchi qonunlar qabul qildirishga majburlash va hokazo…….
Shunday boʻlgach, bu sistema tez orada inqirozga uchrashi muqarrar edi. Lekin bu mamlakatlar kapitalistik sistemani saqlab qolish uchun, yuqoridagi kabi bir qator tashkilotlar paydo qilishdi. “Katta yigirmalik” va “katta yettilik” kabi tashkilotlarning vazifasi, moliyaviy tizimni nazorat qilish bilan birga, kapitalni bir makonda yoki muayyan shaxslarda toʻplanib, iqtisodiy balansni buzulishining oldini olib turishga harakat qilishdan iboratdir. Yaʼni bu tashkilotlar yirik davlatlarni kichik va zaif boʻlgan uchinchi olam davlatlari deb nomlashgan mamlakatlarga, maʼlum miqdorda grant va qarz hisobidan moliyaviy koʻmak koʻrsatib turishni tartiblashtirish bilan shugʻullanishadi. Soddaroq aytganda, butun investitsiya sohasi, nodavlat jamgʻarmalar, nodavlat yordam koʻrsatish tashkilotlari va hokazo moliyalashtirishning barcha sohasi, shu tashkilotlarning nazorati va taʼsiri ostidadir. Bu tashkilotlar uchinchi olam mamlakatlarini xom ashyo bazasi sifatida ushlab turishga harakat qilishadi. Lekin shu jarayonda, mazkur davlatlar iqtisodiy oʻta nochorlashib, siyosiy noroziliklar kelib chiqishi mumkin. Bu tashkilot aʼzolarining vazifasi, shu norozilik keltirib chiqarish darajasi boʻlgan chegarani aniqlab, oʻsha mamlakatgp bir oz koʻmak koʻrsatishga harakat qilishdan iboratdir.
Bu kabi tashkilotlar dunyoning yetakchi davlatining qoʻl ostida boʻladi. Bu globallashgan olamiy tizimni boshqaruv tizgini kimning qoʻlida boʻlsa, u xohlagan mamlakatni olamiy iqtisodiy sanktsiyalar bilan xor qila oladi. Yoki aksincha, xohlagan mamlakatni iqtisodiy farovon yurtga aylantira olishi mumkin. Yaʼni bu tashkilotlar kapitalistlar uchun olamiy iqtisodiy global sistema yaratib beradi. Kapitalistlarning olamiy zulmlarining siyosiy portlash chegarasini belgilab beradi. Olamiy sistemaning kasofatidan yordamga oʻta muhtoj boʻlgan mamlakatlarni aniqlab, ularga yordam koʻrsatish daraja va chegaralarini aniqlab beradi. Yetakchi va rivojlangan davlatlararo iqtisodiy va moliyaviy muammolarni ham qisman tartiblashtira oladi.