Jon Kerri Moskvaga keldi
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Suriya va Ukraina masalasini muhokama qilish uchun Moskvaga keldi. Kremlning maʼlum qilishicha, Jon Kerri Rossiya prezidenti Vladimir Putin va rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashib, xalqaro mavzular, xususan Suriya inqirozi va Ukraina mojarosini muhokama qiladi. Shu bilan bir qatorda AQSh va Rossiya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar ham koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 15 iyul juma kuni amerikalik kasbdoshi Jon Kerri bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borishi kutilmoqda.
Rossiya prezidentining rasmiy soʻzchisi Dmitriy Peskov jurnalistlarga bergan bayonotida, Moskva Suriyadagi terrorizmga (Islomning rivojlanishiga) qarshi kurash uchun Vashington bilan hamkorlikda oʻzaro harakatlarini muvofiqlashtirish uchun tayyor ekanligini bildirdi.
Peskovning taʼkidlashicha, prezident Putin Suriya hududida va unga qoʻshni boʻlgan davlatlarda terrorizmga (Islomga) qarshi kurash nafaqat maʼlumot almashish, balki birgalikda olib borilayotgan harakatlarni muvofiqlashtirish bilangina samara berishi mumkinligini qayta-qayta takrorlab kelmoqda.
“Prezident Putin amerikalik hamkorlarimiz bu turdagi hamkorlikni rad qilganligi uchun bir necha bor taassufda ekanini bildirdi”, deya qoʻshimcha qildi Peskov.
Turkiston:
Rossiya oʻzini AQShning Suriyadagi hamkori sifatida talqin qilishga uringani bilan, aslida AQShning talablarini amalga oshirib beruvchi ijrochi vujuddan boshqa narsa emas. Shuning uchun Putin oʻzining istaklari amalga oshmaganligi bois taassuf bildirib qolaverishi tabiiy. AQSh esa yaqin Sharqda, xususan Suriyada oʻzining nufuzini himoya qilish uchun oʻzi tuzgan loiha boʻyicha harakat olib boraveradi. AQShning loyihasiga koʻra, Pentagon Suriya masalasiga bevosita harbiy aralashishni xohlamaydi. Balki unga Suriyadagi manfaatlarini himoya qilib beradigan Rossiya kabi ayiq polvonlar kerak. Shuning uchun AQSh Suriyada Islomning rivojlanishiga qarshi turish uchun gohida Erondan yoki uning Liviyadagi hizbidan, gohida esa Rossiyadan foydalanib kelmoqda.