Tojikistonda 14 nafar imomga qarshi jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

0
923

Tojikistonda 14 nafar imomga qarshi jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

 Oʻzini “millat rahnamosi” deb eʼlon qilgan, referendum orqali umrbod prezidentlikda qolishini kafolatlab olgan Tojikiston togʻuti Imomali Rahmon Islom va musulmonlarga qarshi olib borayotgan kurashida tobora tugʻyonga ketmoqda. Jamiyatdan islomiy koʻrinishlarni yoʻq qilishga qaratilgan kurash nitajasida bugungi kunda erkaklarni oq doʻppi kiyishi, saqol qoʻyishi, ayollarni jamoat joylarida sharʼiy talablarga muvofiq hijoblanib yurishi imkonsiz boʻlib qoldi. 18 yoshga toʻlmaganlar masjidlarga qoʻyilmaydigan, 40 yoshga toʻlmaganlar haj ibodatiga borishi taqiqlandi.  Islom diniga nisbatan adovatini namoyish qilayotgan Imomali Rahmon shu darajaga borib yetdiki, nomida Islom borligi uchun garchi demokratiyaga asoslangan boʻlsada “Islom uygʻonish partiyasi”ni ham terroristik tashkilotlar safiga qoʻshish orqali faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu partiya aʼzolari va tarafdorlarini esa quvgʻin va taʼqib ostiga olinib, turli xil tuhmatlar bilan qamoqqa tashlandi.

 Ammo bu bilan kifoyalanmagan Rahmon odamlarni islomiy fikr va tuygʻular bilan tarbiyalashi mumkin boʻlgan imomlarga qarshi kurashni boshlab yubordi.

Tojikiston hukumati qoshidagi din ishlari va milliy anʼanalar, marosimlarni tartibga solish boʻyicha qoʻmita rahbari Husayn Shokirov 12 iyul kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida, tojik kuch organlari 14 imom-hatibga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻatganini maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, qoʻlga olingan 14 imomdan faqat ikkitasi amaldagi imomlar boʻlsa, qolganlari allaqachon imomlikdan boʻshatilgan yoki yaqinda boʻlib oʻtgan attestatsiyadan oʻta olmaganlardan iborat.

Bu tojik hukumati imomlarga qarshi boshlagan kurashni dastlabkisi emas. Mazkur 14 imomga qarshi jinoyat ishi qoʻzgʻatilishidan avval ham joriy yilning mart oyida olti nafar imom noqonuniy diniy ekstremist guruhlarga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan boʻlsa, may oyida beshta masjid imomi ayni ayblovlar bilan qamoqqa olingan edi. Iyunda esa Sogʻd viloyati Bobojon Gʻofurov tumanidagi yetti nafar imom-hatib “Musulmon birodarlar” guruhiga aloqadorlikda ayblanib 3-3,3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Tojikiston togʻuti Imomali Rahmon Islom nurini oʻchirish maqsadida musulmonlarga, xususan diniy ulamolarga qarshi olib borayotgan kurashi mana shunday yoʻllar bilan davom etmoqda. Hukumat musulmonlarga islomiy fikrlarni berishi mumkin boʻlgan, odamlarga halol va haromni ajratib olishlariga yoʻl koʻrsatuvchi imomlarni yoʻq qilish orqali oʻsib kelayotgan yosh avlodni oʻzi istagan yoʻlga koʻr-koʻrona ergashib ketuvchi manqurtlarga aylantirishni rejalashtirgan. Imomali Rahmon ham qoʻshni davlat rahbarlari kabi oʻziga berilgan hokimiyat va qudratdan faxrlangan holda Islom diniga qarshi kurashib kelayotgan boʻlsada, oxir oqibat ziyon koʻruvchilardan boʻlib qolishini esdan chiqarmoqda.

“(Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam), Siz hargiz: “Alloh zolim kimsalarning qilayotgan amallaridan gʻofil”, deb oʻylamang! Faqat Alloh ularni(ng jazolarini) koʻzlar (dahshatdan) qotib qoladigan (qoʻrqinchli Qiyomat) Kuniga qoldirmoqda, xolos”  (Ibrohim: 42).

Abdurahmon Odilov

Izohlar yo'q