Germaniyada ro’yxatga olingan har 12 qochqindan birining bedarak ketgani aytilmoqda. Germaniyaning so’l partiyasi tomonidan federal parlamentga taqdim etilgan savolga ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan javobda aytilishicha, o’tgan yili ro’yxatga olingan 1,1 million qochqindan taxminan 130 ming qochqinning qaerda ekanligini hozirda noma’lum.
“Süddeutsche Zeitung” nomli gazetasining yozishicha, o’tgan yilda ro’yxatga olingan qochoqlarning 13 foizi qabul markazlariga qaytib kelmagan. Yil davomida Germaniya hududiga kirgan qochoqlar “Easy-System” deb nomlangan dasturi orqali ro’yxatga olinadi.
Federal ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan bayonotga ko’ra, bu qochqinlardan ba’zilari o’z yo’lini davom ettirib, boshqa davlatlarga o’tib ketgan bo’lishi mumkin, yoki ular noqonuniy ravishda bu erda qolishni istagan bo’lishi ham mumkin. Federal migratsiya va boshpana palatasining rahbari Frank-Yurgen Weise bunga qo’shimcha ravishda shaxsi aniqlanagan 400 ming qochoqlar ham mavjudligini bildirdi.
“Roya” gazetasining internet nashri bundan biroz avval Yevropa politsiya xizmati (Yevropol)ga tayanib, so’nggi ikki yil mobaynida ota-onasiz Yevropaga hijrat qilgan o’n mingdan oshiq bolalarning g’oyib bo’lganini haqida yozgan edi. Yevropolga ko’ra, ular odam savdosi bilan shug’ullanuvchi jinoyatchilar qo’liga tushib qolib, jinsiy ekspluatatsiya va quldorlik qurboni bo’lish xavotiri mavjud.
«Yevropol» rahbari Brayan Donald Britaniyada chiqadigan «Observer» gazetasiga bergan intervyusida bu raqamlar Yevropaga etib borib, davlat organlari tomonidan qayd etilganlaridan so’ng yo’qolib qolgan bolalar raqamlaridir, dedi. Uning izohlashicha, birgina Italiyaning o’zida besh ming bola yo’qolgan. 2015 yil oktyabrda Shvetsiya hukumati organlari ham Trelleborg shahriga etib kelgan ming nafar atrofidagi bolaning yo’qolganini ta’kidlagan. Brayan Donald mazkur gazetaga bergan intervyusida o’z oilalari hamrohligida kelmagan qochqin bolalardan ayrimlarining jinsiy ekspluatatsiya qurboni bo’lganlariga ishora qiluvchi dalillar topilganini aytdi. Qochqinlarni ekspluatatsiya qilish jinoyatiga aralashgan ko’plab shaxslar hibsga olinganiga, ayniqsa, so’nggi 18 oy mobaynida immigratsiya bilan bog’liq jinoyat tizimi rivojlanganiga e’tiborni qaratdi. «Yevropol» xizmati ikki to’daning, ya’ni qochqinlarni Yevropaga kontrabanda qilish bilan shug’ullanuvchi to’da bilan jinsiy ekspluatatsiya va quldorlik maqsadida odam savdosi bilan shug’ullanuvchi to’daning yo’llari o’zaro kesishayotganini kuzatgan. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotidagi bir mulozim ayol bunday deb bildirdi: «Bunday xatarga ko’proq mana shu bolalar duch kelgan. Chunki ular ota-onalari nazoratisiz ko’chib yurishibdi. Ularni oilasidagilarning o’zlari Yevropaga jo’natib, o’zlari ham ularning ortidan keyinroq kelib qo’shilib olishni maqsad qilishgan yoki oila a’zolaridan birortasi bilan qochishgan.