Qozog’iston yaroqlilik muddati tugayotgan o’qlarni Qirg’izistonga beradi

0
526

Qozog’iston Qirg’izistonga evazsiz harbiy-texnik yordam ko’rasatadi. Jumladan, qo’shni davlat Qirg’izistonga yaroqlilik muddati tugashiga yaqin qolgan besh million donadan ziyod o’q (patron)larni berishni rejalashtirmoqda , chunki “ularni berib yuborish qayta ishlashdan” arzon tushishi aytilmoqda. Mazkur qaror senatorlar tomonidan 18 fevral payshanba kuni bo’lib o’tgan plenar yig’ilishda qabul qilindi.

“Mazkur bitimda Qirg’izistonga S-75MZ zenit-raketa tizimi ehtiyot qismlari, o’q-dorilar, tutinli granata va shashkalarni evazsiz taqdim qilishni nazarda tutilgan. Bularni etkazib berish Qozog’iston qurolli kuchlari yuk mashinalari bilan Qirg’izistonning Qo’ytosh aholi punktigacha etkazib beriladi”, – dedi mudofaa vaziri o’rinbosari Okas Saparov deputatlarga bergan hisobotida.

Shuningdek, u Yaqin Sharq va Afg’oniston hududida Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ochiq tahdid paydo qilayotgan jarayon rivojlanib borayotganini eslatib o’tdi.

“Shu munosabat bilan harbiy-texnik yordam ko’rsatish Qirg’iziston qurolli kuchlari qudratini oshiradi hamda tahdidlarni bartaraf qilish va Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni mustaxkamlash imkoniyatini beradi”,- dedi Okas Saparov.

Deputatlar esa qo’shnilarga qurol-aslaha berish orqali “qozoq bag’ri kengligini namoyon qilish” shunchali zarurmi, deya so’roq tashlashdi.

“Biz besh millionta o’q berishimiz kerak. Demak ular bizda ortiqcha yoki boshqa tizimga tegishli? O’zimizda shu vaqtga o’q-dori zavodi yo’q. Mening bilishimcha, biz shu vaqtga qadar o’q-dorini chetdan sotib olamiz. OAV orqali eshitishimcha, Janubiy Qozog’iston viloyatidagi harbiy qismda o’q-dorilar etishmayotgani sababli harbiy prokuratura jinoiy ish ochgan. Ularni yo otib tugatishgan yoki umuman bo’lmagan”, – dedi senator Dulat Kustavletov.

Mudofaa vaziri o’rinbosari Qozog’iston mamlakat uchun ortiqcha bo’lgan o’qlarni berayotganini, bundan tashqari yaqin vaqt ichida ular yaroqsiz bo’lib qolishini tushintirib o’tdi.

“Har qanday o’q va boshqa narsaning muddati bor. Biz berayotgan o’q va granatalarning yaroqlilik muddati tugayapti. Biz ularni ajratib bo’ldik, hamkasblarni taklif qildik, yaroqli yoki yaroqsizligini ko’rib chiqib, shunga asoslanib beryapmiz”, – deya tushintib o’tdi Saparov.

“Berilayotgan o’qlar soniga kelsak, vazir o’rinbosari tushintirishga harakat qildi, biz besh million donadan ko’proq o’q berar ekanmiz. Bizda esa ular millarddan ham ko’p. Bundan tashqari ularning muddati tugayapti. Biz keyinchalik ularni qayta ishlashimiz kerak bo’ladi, axir bu ham chiqim. Biz zarar ko’rayotganimiz yo’q, balki hatto yutamiz. Ularni yo’q qilish kerak bo’ladi, ular esa foydalanishadi”, – dedi senator Muxtor Altinboev.

Izohlar yo'q