بسـم الله الرحمن الرحيم
Aksar da’vatchilarda, Islomga da’vat qilish borasida Islom talab qilgan ta’lim tariqati emas, balki missionerlar qo’llaydigan va’zu irshod tariqati hukmron bo’lib qolgan. Bu bilan Islomni o’rganuvchilar xuddi harakatlanuvchi kitoblardek ta’sirsiz olimlarga yoki jamiyatga hech qanday ta’siri bo’lmasa ham, odamlarga zerikarli xutbalarni takrorlovchi va’zxonlarga aylanib qoldilar.
Da’vatchi olim ham, va’zxon ham, mufti ham yoki muallim ham emas. Olimning ishi kitob o’qish va yana o’qish. O’rgangan ilmidan loaqal atrofidagilarni, o’z yaqinlarini foydalantirmaydi. Ammo o’zini hamma narsani bilguvchi qilib ko’rsatadi. Hayot izdan chiqib ketganligi yoki musulmonlarning og’ir ahvoli uning parvosiga ham kelmaydi. Shaxsiy ishlaridan bo’shadi deguncha kitob titish bilan band bo’ladi. Hatto “kutubhona”ga aylanib kolgan bo’lsalar ham jamiyatga hech qanday ta’siri bo’lmaydi. Ularni Qur’onda kitob ortilgan eshak deb sifatlagan.
Alloh Taolo aytadi:
مَثَلُ الَّذِينَ حُمِّلُوا التَّوْرَاةَ ثُمَّ لَمْ يَحْمِلُوهَا كَمَثَلِ الْحِمَارِ يَحْمِلُ أَسْفَارًا بِئْسَ مَثَلُ الْقَوْمِ الَّذِينَ كَذَّبُوا بِآيَاتِ اللَّهِ وَاللَّهُ لَا يَهْدِي الْقَوْمَ الظَّالِمِينَ
“Tavrot yuklangan – berilgan, so’ngra uni ko’tara olmagan (ya’ni uning ko’rsatmalariga amal qilmagan) kimsalar (yahudiylar)ning misoli xuddi kitoblarni ko’tarib ketayotgan eshakka o’xshaydi (ya’ni, uning vazminligidan charchab-toladilaru, ammo u Kitobning ichidagi narsalardan foydalanmaydilar). Allohning oyatlarini yolg’on degan qavmning misoli naqadar yomondir. Alloh bunday zolim qavmni hidoyat qilmas!” [62:5]
Va’zxonlar odamlarning tuyg’ulariga ta’sir qiluvchi xutbalarni, zerikarli bo’lib qolganiga qaramasdan takrorlayveradilar. Ularning ishi pandu-nasihatlar qilish bo’lib, Ummatni amallarining natijasini oxiratda ko’rishlariga qanoatlantirishdir. Bu dunyo fasodga to’lib ketayotgan bo’lsa-da, “rahbarlar”ga lom-lum demasdan, bu Allohning irodasidan deb bilib, shu holga rozi bo’lishga, jim bo’lishga, imkoni boricha ibodatlar qilib, jamiyatdagi buzuqliklarni yaxshi ahvolga aylantirib qo’yishini Allohdan so’rashga chaqiradilar. Holbuki, Alloh Taolo avvalo bu munkarlarni o’zgartirishga o’zlari harakat qilishlarini zimmalariga yuklagan:
إِنَّ اللَّهَ لاَ يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يُغَيِّرُوا مَا بِأَنفُسِهِمْ
„Aniqki, to biron qavm o’zlarini o’zgartirmagunlaricha, Alloh ularning ahvolini o’zgartirmas“. [13:11]
Muftining ishi so’ralgan savollarga o’rgangan ilmidan turib fatvo berish bo’lib, unga so’rovchilar amal qilish-qilmasliklariga yoki bu savolning dalillar asosidagi shar’iy hukmi qandayligiga ahamiyat bermaydi. Odamlar uning aqlidan kelib chiqqan, siyosatga moslashtirilgan “hukmi”ni shariat deb tushunishadi. Uni Ummatning ahvoli qandayligi yoki Ummat ishlarini shariatga muvofiq bajarish – bajarmasliklari qiziqtirmaydi. Jamiyatning fasodga to’lib borayotganiga parvo ham qilmaydi. Lekin ularning fatvolariga shar’an amal qilib bo’lmaydi, chunki Alloh Taolo muammolarimizni Qur’on va hadis asosidan kelib chiqqan hukmlar bilangina amalga oshirishimizni talab qilgan:
فَإِنْ تَنَازَعْتُمْ فِي شَيْءٍ فَرُدُّوهُ إِلَى اللَّهِ وَالرَّسُولِ
„Bordiyu biron narsa haqida talashib qolsangiz, agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz, u narsani Allohga va Payg’ambariga qaytaringiz!“ [4:59]
Muftilarga yoki olimlarga demadi. Shar’iy hukmlarni faqat mujtahidlarning sahih ijtihodlaridangina bilish mumkin. Muallim esa, faqat tartibdagi kitobni dars berishgagina cheklanib, o’quvchilarining shaxsiyati qiziqtirmaydi. Jamiyatni o’zgartirish, uning ham ishi ekanligiga umuman ahamiyat bermaydi. Loaqal o’z o’quvchilarining ahvoliga ahamiyat qaratmaydi, holbuki Alloh Taolo uni javobgar qilgan: Buxoriy Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilishicha, Rosululloh(s.a.v) bunday dedilar:
“Ogoh bo’lingki, har biringiz rahbarsiz va har biringiz o’z raiyatidan mas’ulsiz. Odamlarga bosh bo’lgan imom rahbardir va u o’z raiyatidan mas’uldir…”. Yana aytadilarki: «E’tiborini Allohdan boshqaga qaratgan holda tong ottirgan odam Allohdan emas. Musulmonlarning ishiga ahamiyat bermagan holda tong ottirgan odam musulmonlardan emas».
Islomning aqida va ahkomlarini insonlarga tushunarlik qilib, ochiq-oydin etkazish da’vat bo’lib, bu ishda bizga Payg’ambarimiz(s.a.v) namuna bo’ladi. Alloh Taolo marhamat qiladi:
يَاأَيُّهَا الرَّسُولُ بَلِّغْ مَا أُنزِلَ إِلَيْكَ مِنْ رَبِّكَ
“Ey payg’ambar, sizga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan narsani etkazing!”. [5:67]
فَإِنْ تَوَلَّوْا فَإِنَّمَا عَلَيْكَ الْبَلَاغُ الْمُبِينُ
“(Ey Muhammad), agar endi ham ular (sizdan) yuz o’girsalar, u holda sizning zimmangizda faqat ochiq-oydin qilib etkazish bor, xolos. [16:82]
لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ
“Sizlar uchun Allohning payg’ambarida go’zal namuna bordir”. [33:21]
Demak, da’vat ishi bizga Payg’ambarimiz(s.a.v)dan meros bo’lib qolgan va bu ish sharaflik bo’lishi bilan birga juda mas’uliyatli hamdir. Shuning uchun da’vatchi avval o’zini bu ishga loyiq qilib olishi kerak. Alloh Taolo “da’vat” ishini Payg’ambarimiz Muhammad(s.a.v)ning zimmasiga yuklayotgan vaqtda Payg’ambarimiz(s.a.v) “Muhammad Amin(ya’ni Ishonchli)” deb tanilgan va go’zal xulq egasi bo’lgan. Alloh Taoloning Rasululloh(s.a.v)ga xitoban:
“Albatta, siz ulug’ xulq ustidadirsiz”. [68:4]
Shuningdek, Payg’ambarimizning: “Alloh Taolo meni ulug’ axloqlarni kamoliga etkazish uchun yubordi” va: “Men ulug’ axloqlarni kamoliga etkazish uchun yuborildim” – degan hadislari so’zimizning dalilidur. To’g’ri, xulq jamiyatning asoslaridan bo’lmasada, lekin shaxsning asoslaridan biridir, chunki shaxs to’rt asosda shakillanadi; aqida, ibodat, axloq va muomula. Agar bulardan birida nuqson bo’lsa, demak, bunday “da’vatchi” o’zini o’nglab olishga ko’proq ahamiyatini qaratishi kerak. Shuning uchun e’tiqodi g’ayriislomiy bo’lib, axloqi chiroyli bo’lgan odamdan ibrat olinmaydi. Chunki u bunday holatda kofir hisoblanadi. Vaholanki, kufrdan ortiq gunoh yo’q. Shuningdek, axloqi chiroyli bo’lib turib, ibodatlarni ado etmaydigan yoki muomalalarida shariat ahkomlariga muvofiq tasarruf yuritmaydigan odamning ham e’tibori yo’qdir. Shundan kelib chiqadiki, shaxsni tarbiyalashda e’tiqod, ibodat, muomalot va axloqning birgalikda mavjud bo’lishiga rioya qilinishi lozim. Faqat axloqning o’ziga ahamiyat berib, qolgan sifatlarni tark etish shar’an joiz emas. Bundan ham muhimrog’i, e’tiqodga qanoat hosil qilmay turib, boshqa hech bir narsaga ahamiyat berish joiz emas. Axloqdagi eng asosiy joy avvalo uning Islom e’tiqodi asosiga qurilmog’i, qolaversa axloq Alloh Taoloning buyruq va taqiqlaridan iborat ekanligiga asoslanib, mo’min uni o’z shaxsida mujassam etmog’i vojib. (bu sohada bizga “islomiy nafsiya asoslari” kitobi yaxshi yordamchi bo’ladi). O’z shaxsini tarbiyalab olish da’vatchi uchun yanada ahamiyatlidir. Chunki fosiqning gapini hech qanday ahamiyati yo’q. Alloh Taolo aytadi:
يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنْ جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَإٍ فَتَبَيَّنُوا
“Ey mo’minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) aniqlab-tekshirib ko’ringlar!” [49:6]
(davomi bor). G’arib.