Musulmon uchun ibodat yoshi rasmiy hukumat tomonidan belgilanadimi?

0
543

Tojikiston hukumati Islom dinining beshinchi rukni bo’lgan haj ibodatini ado etish istagida bo’lgan respublika fuqarolari uchun minimal yoshni ikki barobarga oshirishga qaror qildi. Bu haqida Hukumati qoshidagi Din ishlari, milliy an’ana, tantana va urf-odatlarni tartibga solish qo’mitasi xabar berdi.

Qo’mita tomonidan dushanba kuni e’lon qilingan bayonotga muvofiq endilikda 35 yoshga to’lmagan Tojikiston fuqarolari haj ibodatini ado etishdan mahrum qilindilar. Qo’mitaning iddao qilishicha, mazkur qaror keksa avlodga xurmat va ularga haj ibodatini ado etishlariga ko’proq imkoniyat berish maqsadida qabul qilingan. Avval xaj ibodatini ado etish istagida bo’lgan fuqarolarning yoshi 18 yoshdan kichik bo’lmaslik shart edi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham Markaziy Osiyoda joylashgan boshqa respublikalar rahbarlari kabi o’zini musulmon deb atasada, o’z qo’shnilari kabi Islom dini, uning vojibotlari, ko’rinish va qadriyatlariga qarshi tinimsiz kurashib kelmoqda. Imomali Rahmon tomonidan olib borilayotgan mustabid siyosat avval boshda yoshlarni masjidga kelishini man qilib, 18 yoshga to’lmaganlarni masjidga kelishini ta’qiqlab qo’yildi va yoshlarning namoz o’qishiga to’sqinlik qilina boshlandi.

 Holbuki, payg’ambarimiz Muhammad sallollahu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadisda, “Bolalaringiz etti yoshga kirganida ularni namoz o’qishga o’rgating, o’n yoshga kirganlarida ham namoz o’qimasalar, ularni namoz o’qishga majbur qiling,” deya buyuriganlar.

Musulmonlar tomonidan hukumatning bunday qaroriga nisbatan hech qanday salbiy munosabat bildirilmaganidan so’ng rasmiy hukumat o’quv muassasalarida o’quvchi qiz va talabalarini ro’mol o’rab kelishi va erkaklarni saqoliga qarshi kurashni boshlab yubordi. Buning ortidan Tojikiston o’rta va oliy ta’lim dargohlarida hijob o’ragan xotin-qizlarni o’qishdan chetlatish, soqol qo’ygan yosh erkaklarning saqollarini majburlab oldirish hollari ko’paydi. Imomali Rahmon faqat ush bilan cheklanib qolmadi va mamlkatda masjidlar sonini qisqartirishga jiddiy e’tibor qaratdi. Bir necha yil ichida “yoshlar va qariyalarning hordiq chiqaradigan maskaniga aylantirish” bahonasi bilan yuzlab masjid, o’nlab madrasalar yopib tashlandi.

“Alloh masjidlarida Uning nomi zikr qilinishidan qaytaradigan va ularni xarob qilishga urinadiganlardan ham zolimrog’i bormi? Bundaylar faqat qo’rqqan hollaridagina masjidga kirishlari kerak edi. Ularga dunyoda sharmandalik, oxiratda qattiq azob bordir”. (Baqara: 114)

Islom diniga qarshi olib borayotgan kurashida erishayotgan “muvafaqqiyatlaridan” ruhlangan Imomali Rahmon sakkizinchi mart munosabati bilan bo’lgan yig’ilishda ayollarni jamoat joylarida hijob bilan yurishiga qarshi kurashni e’lon qildi. Mazkur yig’ilishda Imomali Rahmon “Xalqimiz hech qachon qora libos kiymagan. An’anamizda ham qora libos kiyish ravo emas. O’zingiz yaxshi bilasizki, hatto xalqimizning motam libosi ham qora emas. Ammo, ba’zi tojik xotin-qizlari qora libos kiyishadi. Bunday tarzda kiyim kiyish tarix va mohiyatini ham bilishmaydi va hatto bilishni ham istashmaydi”, – degan va Ichki ishlar vazirligiga ayollar libosini tartibga solishga topshiriq bergan edi. Buning ortidan respublikaning shahar va tumanlaridagi islomiy libos sotishga ixtisoslashgan do’kondorlarida keng ko’lamli reydlar boshlab yuborildi va yirik jarimalarga tortildi.

Endi bo’lsa navbat Allohning yana bir farzi bo’lgan Haj ibodatini man qilishga va bu ibodatni ado etish yoshini cheklashga etib keldi.

“Yo’lga qodir bo’lgan kishi zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron: 97).

Ulamolar haj ibodati farz bo’lishining shartlariga; musulmon bo’lish, balog’at yoshida bo’lish, oqil bo’lish, tani sog’ bo’lishi, borib kelguncha yo’l xarajatlariga etadigan mablag’ga ega bo’lish. Shu bilan birga hajga borib kelguniga qadar oila ahlini ularning ehtiyojlariga etadigan nafaqa bilan ta’minlagan bo’lishi kerakligi, shuningdek, yo’lning ochiq va xavf xatarsiz bo’lishini qo’shishgan bo’lsada, balog’at yoshiga etganlarning yosh miqdorini cheklashmagan.

Turkiston

Izohlar yo'q