28 fevralga o’tar kechasi Kreml yaqinida taniqli muxolifatchi-siyosatchi, 55 yoshli Boris Nemtsov o’ldirib ketildi. Noma’lum shaxslar unga etti marotaba o’q uzgan va jabrlanuvchi voqea joyida olamdan o’tgan.
Nemtsov “RPR-PARNAS” siyosiy partiyasi hamraisi, Rossiya muxolifati muvofiqlashtiruvchi kengashi a’zosi edi. U siyosiy faoliyatini Nijegorod viloyati gubernatorligidan boshlagan, Yonilg’i va energetika vaziri hamda Bosh vazirning birinchi o’rinbosari sifatida ishlagan, Davlat dumasi deputati bo’lgan.
Boris Nemtsov Rossiyaning hozirgi prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchilaridan biri edi. Putin Nemtsovning o’ldirilishini buyurtma va ig’vogarona qotillik, deb atadi.
G’arb davlatlari etakchilari Boris Nemtsovning o’ldirilishini qoralab, Rossiyani shaffof tergov o’tkazish va qotillarni jazolashga chaqirdi.
Rossiya Tergov qo’mitasi bu jinoyat oldindan rejalashtirilganiga hech qanday shubha yo’qligini ta’kidladi. Qo’mitaning fikricha, Nemtsovning o’ldirilishidan maqsad Rossiyadagi siyosiy vaziyatni izdan chiqarishdir.