Eron diniy rahbari Oyatulloh al-Homanaiy AQSh prezidenti Barak Obamaga o’z ehtiromini izhor etib maxfiy maktub yo’llaganligi oshkor bo’ldi. Ingliz tilida AQShda chiqadigan « The Wall Street Journal» kunlik gazetasining eronlik diplomatga tayanib yozishicha, o’tgan haftada Homanaiy Barak Obamaga Eron yadro loyihasi mazokaralariga aloqador maxfiy maktub yuborgan. Diplomatning bildirishicha, Homanaiyning maxfiy maktubi Obama tarafidan kelgan maxfiy maktubga javob tarzida yozilgan.
AQSh prezidenti Barak Obama 2014 yilning oktyabr oyida Homanayiga maktub yo’llaganligi xabar qilingan edi. Maktubda agar yadro muzokaralari ishonchli bosqichga o’tsa AQSh IShIDga qarshi qarshi kurashda Eron bilan hamkorlik qilish mumkinligi haqida aytilgan edi.
Har ikki davlat mams’ullari bu maxfiy yozishma haqidagi xabarni tasdiqlamagan bo’lsa-da biroq bu haqida biror bayonot ham berishmadi.
O’tgan hafta Eron tashqi ishlar vazirining yordamchisi Abdullihyon terrorchi (Islomiy) guruhlarga qarshi kurashda AQShga ishonmasligini bildirgan edi.
“AQSh Erondan terrorchi (Islomiy) guruhlarga qarshi kurash uchun yordam so’radi. Ammo biz AQShning to’g’ri so’zligiga ishonmaymiz. Chunki bu guruhlardan ba’zilariga AQShning o’zi yordam berib kelmoqda”, dedi Abdullihyon.
Shunday bo’lishiga qaramay, Abdullihyon maxfiy maktublar haqida biror kalima ham gapirmadi. Oq uy so’zchisi Josh Ernest esa maxfiy maktubga oid berilgan savolga “Men Obamaning maxfiy maktublari haqida bahs yuritadigan holatda emasman”, deya javob qildi va Eronga nisbatan pozitsiyasi o’zgarmaganligini bildirdi.
Homanaiy shu hafta bergan bayonotida yadroviy dastur bo’yicha kelishimga erishish tarafdori ekanligini bildirdi.
Eron yadroviy dasturi ustida BMT xavfsizlik kengashining doimiy besh a’zosi AQSh, Britaniya, Frantsiya, Rossiya va Xitoy hamda 5+1 hisobida Germaniya bir yildan ko’proq vaqtdan buyon muzokaralar olib bormoqda. Taraflar hanuz bir echimga kelisha olgani yo’q. Muzokaralar davom etyapti. 30 iyun muzokaralar uchun oxirgi muddat qilib belgilangan. G’ard davlatlarining mas’ullari kelayotgan mart oyida bir natijaga erishishni ko’zlayotganligini aytishmoqda. Eron atom qurollari ustida ishlamayotganini isbotlay olsa, G’arb unga iqtisodiy tarafdan yordam ko’rsatishi mumkinligini aytib keladi.