Yana bir fuqaro chegarachilar o’qidan qurbon bo’ldi

0
468

 Qirg’iziston Davlat chegara xizmatining ma’lum qilishicha, 13 noyabr tongida qirg’iz-o’zbek chegarasidan kontrabanda mollari olib o’tishga uringan Qirg’iziston fuqarosi o’zbek chegarachilari tomonidan otib o’ldirilgan. Voqea Jalolobod viloyati Olabuqa tumani O’zak qishlog’iga yaqin joyda, chegara aniq belgilanmagan hududida sodir bo’lgan.

 Ma’lumotlarga ko’ra, o’ldirilgan qirg’izistonlik 40 yashar Ahmadjon Ëqubjonov Jalolobod viloyati Olabuqa tumanining Podek qishlog’ida yashab kelgan.

 Bu joriy hafta o’zbek-qirg’iz chegarasida o’q otar quroldan foydalanilgan ikkinchi voqea bo’ldi. 10 noyabr kuni Qizilqiya-Qadamjoy avtoyo’lida O’zbekiston chegarachilari fuqarolarga qarshi qurol qo’llagani oqibatida to’rt nafar o’zbekistonlik va Qirg’izistonning Qadamjoy tumani Markaz qishlog’ida istiqomat qiluvchi fuqaro tan jarohati olgan edi.

 Sobiq sho’rolar davlati tomonidan belgilangan va hozirga qadar O’rta Osiyodagi qardosh xalqlar o’rtasiga rahna solib kelayotgan chegaralar muammolari shu mintaqadagi davlatlarning o’zaro muammolari emas. Balki xalqaro siyosatni boshqarib kelayotgan katta davlatlar tomonidan atayin ilgari surib kelinayotgan muammolardan biridir.

 Bu Qirg’iziston yoki O’zbekiston hukumatlari tomonidan o’z manfaatlarini himoya qilish uchun atayin uyushtirib kelinayotgan ish ham emas. Negaki ularning barchasi shu chegaralardagi har qanday muammolardan faqat ziyon ko’radi. Davlatlararo kelishmovchiliklar ortidan o’rtalaridagi chegara to’siqlarini kuchaytirish yoki umuman berkitib olish bilan yakun topadi. Bu esa har ikki tomon xalqi uchun ijtimoiy, iqtisodiy muammolar keltirib chiqarish bilan bir qatorda, millatchilik harakatlari kelib chiqishiga ham asos bo’ladi.

 Mustamlakachi davlatlarga aynan shunday ishlar kerak bo’lib, qo’shni davlatlar qancha ko’p o’zaro adovatda bo’lishsa, ularni boshqarish, o’z yo’liga solish shunchalik oson bo’ladi. Shuning uchun ham katta davlatlar bu respublikalarga chegaralarni yanada mustahkamlash uchun mablag’ ajratib kelishmoqda.

 11 noyabr kuni Qirg’iziston Respublikasi prezidenti apparati tashqi siyosat bo’limi boshlig’i Sapar Isoqov, Qirg’izistonni Bojxona ittifoqiga qo’shilishi bo’yicha “yo’l xaritasi”ni amalga oshirish uchun Rossiya hukumati ajratadigan 200 million dollarni salmoqli qismi tashkilotga a’zo bo’lmagan davlatlar bilan chegaralarni mustahkamlashga yo’naltirilishini ma’lum qilgan edi.

Izohlar yo'q