Putin: Biz qo’shinlarimizni ortga qaytardik

0
460

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina chegaralaridagi rus qo’shinlarini tamoman ortga chekinganligini ma’lum qildi.

Prezident Putin Moskvada Shvetsariya prezidenti va Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) muvaqqat rahbari Dide Burkxalter bilan uchrashuvidan so’ng tashkil qilingan mushtarak matbuot anjumanida Ukrainadagi oxirgi vaziyatga to’xtaldi.

“Ukraina chegarasidagi qo’shinlarimizdan bezovta bo’lishayotganini bizga tinmay aytib kelishdi. Biz qo’shinlarimizni ortga qaytardik. Bugun askarlarimiz Ukraina chegarasida qolmadi, ularni hozir odatiy mashg’ulot o’tkazayotgan joyga ko’chirdik”, dedi Putin.

Putinning ta’kidlashicha, Ukraina inqiroziga echim topishning yo’li muzokaradir. Kiev hukumati bilan sharqiy viloyatlar o’rtasida ochiq muzokara boshlashni inqirozning “hal qiluvchi” echimi sifatida ko’rsatgan Putin muzokarani boshlash uchun avvalambor kuch ishlatishni to’xtatish lozimligini ta’kidladi. Putin Ukraina masalasida Rossiya tutgan pozitsiya bilan YeXHTning tutgan pozitsiyasi o’rtasida buyuk darajada o’xshashlik borligini qayd etdi.

Rossiya prezidenti Kiev hukumatidan Ukraina sharqida yuritilayotgan harbiy amaliyotlar darhol to’xtatilishini talab qilar ekan, kuch ishlatish masalani hal qilish uchun to’g’ri yo’l emasligini urg’uladi. Putin Ukrainaning sharqidagi Lugansk va Donesk shaharlarida yashayotgan Rossiya tarafdorlarini 11 mayda o’tkazilishi rejalashtirilgan referendumni kechiktirishga chaqirdi. Putinga ko’ra, muzokaralar olib borishga zamin hozirlanayotgan jarayonda unga kerakli sharoitlarni tayyorlash uchun referendumni kechiktirib turish lozim.

Shvetsariya prezidenti Dide Burkxalter esa matbuot anjumanida Ukraina masalasida YeHXTning “yo’l xaritasi” tayyor ekanligini bildirdi. Tayyorlangan yo’l xaritasidagi mavzular Vena uchrashuvida belgilanganligini tilga olgan Burkxalter bu harakatdan maqsad otashkesimga erishish, vaziyatni tinchlantirish, muzokarani boshlash va saylov o’tkazish kabi to’rt bosqichdan iborat ekanligini bildirdi.

Ayni paytda NATO vakillari Rossiyaning Ukraina chegarasidan chekinganligiga ishonchsizlik bilan qaramoqda.

“Rossiya harbiylarining Ukraina chegaralaridan aniq bir shaklda chekinishini albatta mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Bu bizning uzoq paytdan beri aytib kelayotgan istagimizdir. Ammo shu vaqtgacha rus harbiylarini ortga chekinganligiga doir biror bir dalil yo’q”, dedi Oq uy so’zchisi Djosh Ernest.

Ernestga ko’ra Putin 11 mayda belgilangan referendumni kechiktirishi emas, balki bekor qilishi lozim.

Izohlar yo'q