Qirg’iziston diniy jamoalar o’chog’iga aylandimi?

0
559

Bir qator deputatlar xavfsizlik kengashi majlisida Qirg’iziston diniy tashkilotlarning o’chog’iga aylanib borayotgani va ularga qarshi davlat organlari tegishli chora ko’rmayotgani haqida o’z xavotirlarini bildirishdi.

Bilim, madaniyat va sport bo’yicha qo’mita raisi deputat Kanbek Osmonaliev Qirg’iziston mintaqadagi diniy oqimlarning makoniga aylanib borayotganini bildirdi.

“Hozirda bizning qo’shnilarimiz O’zbekiston, Qozoqiston, Tojikiston, Rossiya, shuningdek bu tarafdan Xitoy qattiq diniy siyosat yurgizishmoqda. Ulardan qochganlarning barchasi bizning mamlakatga kelib o’zlari bilgan ishlarni qilib yurishipti”, dedi deputat.

Yana bir deputat Sotsial demokratlar fraktsiyasining a’zosi Irina Karamushkina Kanbek Osmonalievning fikriga qo’shiladi.

“2010 yil dekabr oyida halqaro xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ekstrimistik va terroristik diniy jamoatlar ro’yxatini e’lon qildi. Unga Hizbut Tahrir va Tablig’ jamoatlari ham kirgizilgan. Barcha qo’shnilarimiz bu jamoatlarning faoliyatini o’z mamlakatlarida ta’qiqlab qo’ygan. Shuning uchun ularning barchasi bizga oqib kelmoqda. Qirg’iziston bugun turli ekstrimistik va terroristik diniy jamoatlar poligoniga aylandi”, dedi deputat Karamushkina.

Bundan tashqari Karamushkina tashqi ishlar vazirligidan olingan ma’lumotni o’rtaga tashladi. Uning bildirishicha, Pokistondagi diniy markazlarda 37ta bola ta’lim olmoqda. 116ta bola o’qishni tugatgan. Shuningbek, 500ga yaqin bola diniy ta’lim olish uchun ruxsatsiz chet elga ketgan, ularning ichida 9-14 yoshdagilari ham bor. Bu fikrlarni o’rtaga tashlagan deputat hukumatga murojaat qilib bu borada komissiya tuzishni taklif qildi.

“Shuning uchun men madrasalar va nodavlat bolalar uylarini tekshirish taklifi bilan hukumatga murojaat qilaman. Ularning o’quv dasturlarini, bilim saviyalarini, u erdagi diniy xizmatkorlarning bolalarni o’qitishga huquqi bormi, yo’qmi, bularni tekshirish kerak. Qonuniy ro’yxatdan o’tmagan barcha diniy oqimlar ishini ta’qiqlash zarur. Qozog’iston va Rossiya bilan gaplashib chegaralarni mustahkamlash lozim”, deya taklif kiritdi u.

Prezident apparatining “etnik va diniy siyosat va fuqarolik jamiyat bilan hamkorlik qilish” bo’limining eksperti Sanjar Tajimatov deputatlarning xavotirlari haqida o’z fikrini bildirdi.

“Yaqin kunlarda mudofaa kengashida bu masalalar ko’rib chiqiladi. Darhaqiqat bu masalar bo’yicha diniy doirada qandaydir bir qarama-qarshiliklar borga o’xshaydi. Chunki bizning mintaqa uchun avval odatiy bo’lmagan oqimlarning paydo bo’lishi oxirgi vaqtlarda bizni ma’lum bir darajada xavotirga solmoqda. Ular orasidagi Hizbut Tahrir jamoasi konstitutsion tuzumga qarshi bo’lib, Xalifalik davlati qurishni maqsad qilganligi barchaga ma’lum. Ammo Tablig’ jamoati Qirg’izistonda ro’yxatdan o’tgan emas. Ayni paytda bu jamoatga ta’qiq qo’yilmagan, ruxsat ham berilmagan. Bu masalalar mudofaa kengashida ko’rib chiqiladi”, dedi ekspert.

Izohlar yo'q