Ko‘pxotinlilik to‘g‘risidagi qonunni kechiktirish
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ko‘pxotinlilik uchun jinoiy javobgarlikka tortishni bekor qilishga qaratilgan “QR Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni Jogorku Keneshga qaytardi. Ushbu qonun parlament tomonidan 2025 yil 25 iyunda deputat Nurlan Azigaliyev va deputat Mederbek Sakkarayev tashabbusi bilan qabul qilingan edi. Biroq prezident Sadir Japarov Ombudsman, Bosh prokuratura, Din ishlari va millatlararo munosabatlar milliy agentligi, Milliy fanlar akademiyasi, Adliya vazirligi va Konstitutsiyaviy sud xulosalariga tayanib, bunga e’tiroz bildirdi. Bu tashkilotlarning fikricha, ko‘pxotinlik uchun jinoiy javobgarlikni saqlab qolish Qirg‘izistonning xalqaro tashkilotlar oldidagi majburiyatlarining bir qismi hisoblanadi. Ularga ko‘ra bu gender tengligi tamoyillariga sodiqlikdan dalolat beradi hamda ayollar va bolalarni huquqiy va ijtimoiy tengsizlikdan himoya qiladi. Shuningdek, go‘yoki bu mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarida ko‘rsatilgan oila institutini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Biroq bunday qonunni qabul qilishni kechiktirish, aslida, qasddan to‘siqlar yaratish va uzoq vaqtdan buyon konstruktiv yechimni talab qilib kelayotgan real muammolarga e’tibor bermaslik hisoblanadi. Bu yerda gap faqat huquqiy sohagagina emas, balki real ijtimoiy ehtiyojlarga ham tegishlidir. Ko‘pxotinlilikni qonuniylashtirish oila boshlig‘ining javobgarligini o‘zgartirmaydi, uni qonuniylashtirish tartibi ham oila barqarorligi muammosini hal qilmaydi. Chunki oilaviy muammolarni Jinoyat kodeksi bilan to‘liq tartibga solish mumkin emas va ko‘pxotinlilik barcha oilaviy muammolarning davosi ham emas. Biroq jamiyatda shunday ehtiyoj bor ekan, nega bu masalani huquqiy sohada hal qilmaslik kerak?
Eng muhimi, “ayollar huquqlari”, deya jar solishiga qaramay, ayollarni himoya qilishdan ojiz bo‘lgan g‘arb qadriyatlariga asoslangan qonunlar qirg‘izistonliklarning ehtiyojlarini qondira olmaydi. Qirg‘izistonda shu kungacha ayollarga turmush o‘rtoq topish muammosi hal etilmadi. Agar ushbu qonun kuchga kirsa, xotin-qizlar o‘z muammolarini qonun doirasida hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lardi.
Bundan tashqari, ko‘pxotinlilikni qonuniylashtirishga qarshilik va kechiktirish yanada chuqur ijtimoiy ildizlarga borib taqaladi. Bu, asosan, anchadan buyon davom etib kelayotgan islomofobik kayfiyatga hamda oilaviy munosabatlarni 14 asrdan beri tartibga solib kelgan Islom qonunlarining ahamiyatini tan olmay, unga xavotir bilan qarashlarga bog‘liqdir.
Alloh Taolo “Niso” surasining 3 oyatida shunday marhamat qiladi:
“Sizlar uchun nikohi halol bo‘lgan ayollarga ikkita, uchta, to‘rttadan uylanaveringlar. Endi agar (ular orasida) adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, bir ayolga (uylaning)”. (4:3).
Bu oyat erkak kishiga adolatli va mas’uliyatli bo‘lish shartini yuklab, unga ko‘p xotin (4tagacha) olish imkoniyatini beradi. Ko‘pxotinlilik masalasi Islom qonunlari doirasida uzoq vaqtdan beri samarali hal etilib kelgan, va nihoyat, Qirg‘iziston huquqiy sohasida ham bu qarorning dolzarbligini tan olish vaqti keldi. Davlat bu mavzuni ochiq muhokama qilishni istamasa-da, hususan boylar va cho‘ntaklari qoppaygan amaldorlar ancha vaqtdan beri ikkinchi, ba’zilari uchinchi, hatto to‘rtinchi ayollari bilan hayot kechirib kelishmoqda. Hech kim ulardan birortasining javobgarlikka tortilganini ko‘rgan ham, eshitgan ham emas. Ko‘pxotinlilikka oid qonunchilik tashabbuslari G‘arbning tenglik tamoyillariga emas, balki xalqning haqiqiy ehtiyojlari va ularning Islomga sodiqligiga asoslanishi kerak.
Ko‘pxotinlilik ayollar huquqlarini poymol qilish sifatida emas, balki real ijtimoiy va demografik muammolarni hal qilishning qonuniy yo‘li sifatida qabul qilinishi kerak. Bu uzoq vaqtdan beri parda ortida qolgan mavzularni muhokama qilishga ham imkon beradi. Ko‘pxotinlilikni qonuniylashtirish jamiyatning dolzarb muammolari va real ehtiyojlarini shar’iy yo‘llar orqali hal etishda muhim qadam bo‘lib, mamlakatdagi ijtimoiy ahvolni yaxshilashga xizmat qiladi.
Latiful Rasix