YEOII Rossiyaning ekspansionistik qurolidir

0
22

YEOII Rossiyaning ekspansionistik qurolidir

2025 yil 14 avgust kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ata shahrida Yevroosiyo hukumatlararo kengashining sammiti bo‘lib o‘tdi. Mazkur sammit Rossiyaning Markaziy Osiyodagi tashqi siyosatining ajralmas qismiga aylangan strategik ustunligini yana bir bor namoyon qildi. Imzolangan hujjatlar turli iqtisodiy integratsiya masalalarini qamrab olgan bo‘lsa-da, aslida ular Kremlning mintaqadagi siyosiy va iqtisodiy hukmronligini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarining yaqqol dalilidir. Bu harakatlarni Rossiyaning odatiy mustamlakachilik siyosatining davomi sifatida ko‘rish mumkin. Kreml YEOII doirasidagi ittifoq va integratsiya ko‘rinishida Markaziy Osiyodagi asosiy jarayonlarni nazorat qilish uchun o‘zining iqtisodiy va siyosiy qudratidan foydalanmoqda.

Sammitning eng muhim qarorlaridan biri YEOII yagona tovar bozorida birja savdosini rivojlantirish dasturini tasdiqlash bo‘ldi. Bu qaror, mintaqa mamlakatlaridan avval, birinchi navbatda, Rossiya uchun foydalidir. Global iqtisodiy va siyosiy sanksiyalar sharoitida hamda G‘arb tomonidan qo‘yilgan to‘siqlarni hisobga olinganda, Rossiya o‘z bozorini YEOII doirasida o‘rab olish orqali birja savdosida ustunlikka erishmoqchi. Bunday yondashuv Moskvaga ichki bozorda o‘z mavqeini mustahkamlash hamda narxlar va savdo oqimlarini nazorat qilish imkonini beradi.

Transchegaraviy bozorlardagi raqobatga doir bitimlarni qabul qilishning ahamiyati ham bundan kam emas. Raqobat qoidalarining buzilishiga qarshi kurash bo‘yicha belgilangan yangi choralar birinchi navbatda Rossiya uchun foydalidir. YEOII ichidagi eng yirik iqtisodiyot sifatida Rossiya o‘z ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish uchun ushbu mexanizmlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Aniq ko‘rinib turibdiki, Moskva bu bozorlarda o‘zi uchun iqtisodiy ustunlikni ta’minlashga va tashqi o‘yinchilarning raqobatbardoshligini nazorat qilishga intilmoqda. Bunday qadamlar xorijiy mahsulotlarga qaramlikni kamaytirish va G‘arbdan mustaqillik bilan ichki barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.

Bojxona to‘lovlarini taqsimlash masalasi ham e’tiborga molik qarorlardan biri bo‘ldi. Rossiya, albatta, bu mexanizmlardan resurslarni o‘z manfaatlari yo‘lida taqsimlash va bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishga intiladi. Bojxona to‘lovlaridan tushgan daromadlar YEOIIga a’zo davlatlar budjetlariga bevosita ta’sir qiladi. YEOII doirasida tashqi savdoda peshqadamlik qilayotgan Rossiya uchun bunday qarorlar uning Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti ustidan hukmronligini mustahkamlashga zamin yaratadi. Rossiya o‘z “mustamlakalarining” iqtisodiyotini boshqarish uchun mana shunday moliyaviy qaramlikdan foydalanib keladi.

Yana bir muhim masalalardan biri – YEOII doirasida tibbiy uskunalar va dori-darmonlarning yagona bozorini rivojlantirishdir. Bunday integratsiya Rossiyaga strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sohada G‘arbga qaramligini kamaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, Moskva mintaqada tibbiyot sanoatidagi rolini yanada kuchaytiradi. Darhaqiqat, Rossiya ushbu tovarlarni yetkazib beruvchi tarafga aylanib bormoqda, chunki u “ittifoqdoshlarini” zarur resurslar bilan ta’minlash uchun o‘zining maxsus shartlarini qo‘ymoqda. Bu ketishda Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham kuchayishi aniq.

Transport va logistika yo‘laklari masalasi ham Rossiya siyosatining asosiy jihatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Transport siyosati bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ga kiritilgan o‘zgartirishlar Moskva mintaqadagi infratuzilmani yaxshilash yo‘llarini izlayotganini ko‘rsatmoqda. Bu unga Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim bo‘lgan transport oqimlarini nazorat qilish uchun qo‘shimcha richaglarni qo‘lga kiritish imkonini beradi. Rossiya hozirda tovarlar va xomashyolarning asosiy tranzit markazi bo‘lib qolmoqda. Shunindek YEOII doirasida transport aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan har qanday sa’y-harakatlar Moskvaga mintaqadagi iqtisodiy va geosiyosiy yetakchiligini mustahkamlashga yordam beradi.

Oxirgi muhim masala Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga nomzodlarni belgilash va tasdiqlash bo‘ldi. Rossiya YEOII oliy hukumat organlaridagi muhim lavozimlarga o‘z odamlarini tayinlashga intilmoqda. Bu unga dolzarb mavzularni belgilash va faqat Moskva uchun foydali bo‘lgan qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Bunday jarayon Rossiyaga nafaqat ittifoq doirasida, balki xalqaro miqyosda ham o‘z mavqeini mustahkamlashga yordam beradi. Shu bilan birga, Moskva muhim iqtisodiy va siyosiy qarorlarni qabul qilishda o‘z hukmronligini saqlab qoladi.

Xulosa qilib aytganda, bu qarorlar Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri kengayishini yaqqol ko‘rsatib turibdi. “O‘zaro manfaat” va “iqtisodiy integratsiya” bahonasida Moskva o‘zining nazorat siyosatini amalga oshirishda davom etmoqda. Bu safar yangi siyosiy va iqtisodiy vositalar orqali eski mustamlakachilik usullaridan foydalanmoqda. YEOII bunday yondashuv uchun qulay platformaga aylandi. Bu shunchaki iqtisodiy ittifoq emas, aksincha Rossiyaning Markaziy Osiyodagi hukmronligini saqlab qolishga qaratilgan kuchli geosiyosiy strategik ittifoqdir.

Xudjad Jamiya

Izohlar yo'q