Sun’iy intellekt asrida «roshid muftiy»ni yaratish G‘arb va uning malay hukmdorlari manfaatlariga mos keladigan fiqhni tayyorlash demakdir

0
23

Matbuot bayonoti

Sun’iy intellekt asrida «roshid muftiy»ni yaratish G‘arb va uning malay hukmdorlari manfaatlariga mos keladigan fiqhni tayyorlash demakdir

Bugun Islom Ummati siyosiy va fikriy tanazzulga yuz tutib, dini va shariati ahkomlariga qarshi ketma-ket til biriktiruvlar bo‘layotgan bir paytda, hukmdor rejimlar hamda ularning rasmiy diniy muassasalar shaklidagi qurollari yorqin shiorlar va jozibador texnologik atamalar ostida konferensiyalar o‘tkazmoqda. Shu tariqa ular dinni soxtalashtirish loyihasiga «zamonaviylashtirish» va «rivojlantirish» tusini bermoqda. Shunday tadbirlardan biri – «Sun’iy intellekt asrida «roshid muftiy» tayyorlash» nomli anjuman bo‘lib, u Misr fatvo boshqarmasi tomonidan prezident Abdulfattoh Sisiyning bevosita homiyligida tashkil etildi.

Sarlavhadagi «roshid muftiy» iborasini o‘qigan kishi ko‘z oldiga chuqur shar’iy bilimga ega, taqvodor, nususlarga qat’iy amal qiladigan zotni keltiradi; sun’iy intellekt esa unga xizmat qiluvchi oddiy vosita sifatida ko‘rinadi. Ammo haqiqat shundanki, bu yerdagi «roshid» atamasi hukmdorga so‘zsiz itoat etuvchi, uning kun tartibiga qat’iy bo‘ysundirilgan, siyosatlariga mos fatvolar chiqarishga avvaldan dasturlangan va G‘arbdagi homiylari manfaatlariga xizmat qiluvchidan boshqa ma’noni anglatmaydi.

Sun’iy intellekt davridagi asosiy maqsad hech qachon Islomga texnologiya orqali yordam berish emas. Aksincha, Islomni bo‘ysundirish va fatvoni oldindan belgilangan doirada qat’iy nazoratga olishdir. Natijada fatvo to‘liq boshqaruvga bo‘ysundirilib, rejim irodasiga zid yoki uning xiyonatini fosh etuvchi har qanday shar’iy fikr batamom yo‘qqa chiqariladi.

Konferensiya musulmonlar diyorlaridagi tuzumlar siyosatlariga nisbatan xalqning g‘azabi ortib, avj olayotgan va Ummat hukmdorlarning Islom asoslariga xiyonatini yanada chuqur anglab borayotgan bir paytda o‘tkazilmoqda. Bu xiyonatlar qatoriga Falastin masalasidagi muomala, Islom dushmanlari bilan ittifoq tuzish va kufr tuzumlarini tatbiq etish kiradi.

Bu rejimlar Alloh roziligi uchun haqni bayon qiladigan shar’iy fatvo ularning hokimiyatda qolishiga jiddiy xavf tug‘dirishini tushunib turibdi. Chunki bunday fatvo ularning hukmdorligining noqonuniyligini fosh etadi. Shu sababli, ular muftining vazifasini qayta ta’riflamoqda. Uni manbai vahiy bo‘lgan shar’iy dalillarga tayanadigan, Allohning hukmini bayon etuvchi zot o‘rniga davlat qarorlarini oqlaydigan, matnlarni davlat siyosatiga moslashtirib talqin qiladigan hukumat xizmatchisiga aylantirmoqda. Natijada uning fatvolarining asosi vahiy emas, balki havoyi nafs bo‘lib qolmoqda.

Anjumanda tilga olingan sun’iy intellekt, aslida, fatvo chiqarish vakolatini yagona markaz qo‘lida jamlash va unga to‘liq nazorat o‘rnatish vositasi, xolos. Fiqhiy savollar ixlosli ulamolardan uyda yoki masjidda so‘rash o‘rniga, davlatning to‘liq nazoratidagi «raqamli platforma»ga yo‘naltirilmoqda. U yerda siyosiy va xavfsizlik hisoblariga mos tarzda sozlangan algoritmlar ishlab, faqat oldindan ruxsat etilgan javoblarni chiqaradi.

Bu esa fatvoni ikki bosqichli nazoratga to‘liq bo‘ysundirishni anglatadi: birinchisi hukmdorga itoat qiluvchi rasmiy muassasa amalga oshiradigan inson nazorati; ikkinchisi esa siyosiy yo‘nalishga zid keladigan, tog‘utni fosh etuvchi, bosqinchiga qarshi jihodga chorlovchi yoki jamiyat hayotida shariatni joriy etishni talab etuvchi har qanday mazmunni yo‘qqa chiqarishga mo‘ljallab dasturlangan texnik nazorat.

Ularning nazarida «roshid muftiy» – fatvoni sekulyar, inson tomonidan o‘rnatilgan qonunlarga bog‘lab, amaliy tatbiqda ularni Allohning hukmidan ustun qo‘yadigan narsadir. Shuningdek, u hukmdorni bezovta qiladigan yoki manfaatiga tahdid soladigan har qanday narsadan – ochiq-ravshan shar’iy nusus bo‘lsa ham – chetlab o‘tadi. Bu tizim «manfaatlar» va «muvozanatlar» bahonalari orqali kofirlar va bosqinchilar bilan munosabatlarni normallashtirishni qonuniylashtirishga xizmat qiladi, shariatga zid xalqaro shartnomalarni esa «zarurat» yoki «xalqaro majburiyatlar» deb oqlaydi.

Aslida bunday konferensiyalar dinni o‘zgartirish va soxtalashtirishga xizmat qiladi. Chunki ularning asosiy maqsadi Allohning hukmini izlash emas, balki dinni zaiflashtirib, itoatkor holga solish hamda shar’iy ko‘rinishda bo‘lsa-da, mohiyatan havoyi nafsga bo‘ysunish va Alloh yo‘lidan og‘ish bo‘lgan soxta hukmlar tayyorlashdir. Alloh Taolo shunday degan:

﴿وَأَنِ ٱحۡكُم بَيۡنَهُم بِمَآ أَنزَلَ ٱللَّهُ وَلَا تَتَّبِعۡ أَهۡوَآءَهُمۡ﴾

«Ular o‘rtasida Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qiling, ularning nafs-havolariga ergashmang»                                                                 [Moida 49]

Shunday qilib, Alloh nozil qilgan narsadan boshqasi bilan hukm qilish va fatvo berish – nafs-havoga ergashish, hukmdorlar va ularning xojalarini rozi qilish bo‘lib, Alloh tomonidan qat’iy harom qilingan amaldir. Rosululloh ﷺ dunyoviy manfaat evaziga dinini sotadigan yomon ulamolardan ogohlantirib bunday deganlar:

«أَخْوَفُ مَا أَخَافُ عَلَى أُمَّتِي الْأَئِمَّةَ الْمُضِلُّونَ»

«Men Ummatim borasida eng ko‘p qo‘rqadigan narsa odamlarni adashtiruvchi rahbarlardir».

Prinsip jihatidan, sun’iy intellekt fiqh sohasiga xizmat qila oladigan qudratli vosita bo‘lishi mumkin. U nususlarni yig‘ish, fikr va qarashlarni saralab tartibga solish, shuningdek, zarur ma’lumotni tadqiqotchiga tez va aniq yetkazishda katta imkoniyat yaratadi. Biroq u rejimlar itoatidagi rasmiy muassasalar qo‘liga topshirilganda, fatvo berishni cheklash va to‘g‘ri shar’iy fikrni yashirishga xizmat qiladigan xavfli mexanizmga aylanadi. Shu kontekstda sun’iy intellekt xavfsizlik idoralarining ilmiy-texnologik qiyofadagi tarmog‘iga aylanadi; fatvo so‘rovchisi esa uni go‘yo betaraf mashina deb qabul qiladi, holbuki u aslida siyosiy kun tartibi bilan yuklangan dasturlashga bo‘ysunuvchi tizim bo‘ladi. Shunday ekan, mazkur konferensiyaning asl maqsadi fatvolarni rivojlantirish emas, balki quyidagilarni ko‘zlaydi:

Global miqyosda fatvo sohasini to‘liq nazoratga olish, buni muftiylik idoralari va muassasalarining bosh kotibiyati orqali amalga oshirish va tuzilmani hukmdorlar manfaatlariga xizmat qiluvchi diniy bayonotlar hamda pozitsiyalarni muvofiqlashtiruvchi markazga aylantirish.
Sun’iy chegaralarni tan oluvchi, inson qonunlari asosidagi hukm yuritishni qo‘llovchi va dushmanlar bilan munosabatlarni normallashtirishni ma’qullovchi bo‘ysundirilgan Islomni omma ongiga singdirish.
Fatvoni shariat siyosatidan chetlatish hamda Ummatning Falastinni ozod etish, tog‘ut tuzumlarni ag‘darish va G‘arb hukmronligini rad etishdan iborat taqdiriy masalalaridan uni uzoqlashtirish.
Hukmdor qarorlariga shar’iy tus berish orqali fatvoni har qanday bitim, kelishuv yoki ittifoqni – hatto bosqinchi bilan tuzilgan ittifoq bo‘lsa ham – oqlash vositasiga aylantirish.

Bu konferensiyalar bir necha jihatdan xavfli hisoblanadi:

Birinchi: tushunchalarni chalkashtirish. Shu tariqa «mo‘tadillik» va «roshidlik» shiorlari soyasida haqiqat botil bilan aralashtiriladi.

Ikkinchi: haq so‘zni aytishga jur’at etmaydigan, aksincha, o‘z vazifasini hokimiyat xohlagan har qanday ishga shar’iy tus berish va uni oqlash deb biladigan muftilar avlodini shakllantirish.

Uchinchi: ijtihod ruhini yo‘qqa chiqarish. Chunki raqamli platforma bahs va muhokamani cheklab, jarayonni bahssiz yagona javobga qisqartiradi.

Ummat – uning ulamolari, da’vatchilari va yoshlari – zimmasiga bunday konferensiyalarni fosh etish, ularning haqiqiy mohiyatini xalqqa bayon qilish va so‘zni o‘z o‘rnidan buzib talqin etuvchi rasmiy muassasalardan dinni olishdan ogohlantirish vazifasi yuklangan. Shuningdek, ijtihod va fatvo masalasi ko‘r-ko‘rona itoatga emas, balki zolim hukmdor oldida haq so‘zni aytishdan iborat haqiqiy o‘rniga qaytarilishi lozim. Rosululloh ﷺ

«أَفْضَلُ الْجِهَادِ كَلِمَةُ حَقٍّ عِنْدَ سُلْطَانٍ جَائِرٍ»

«Eng afzal jihod zolim hukmdor huzurida aytilgan haq so‘zdir», deganlar. Ummatga siyosat arqoniga bog‘langan xizmatchilar yoki «platforma»lar emas, balki rabboniy ulamolar zarur.

Biz musulmonlarni texnologiyaning chaqnoq jozibasi va bezakli iboralarga aldanib qolishdan qattiq ogohlantiramiz. Chunki haqning yagona mezoni – Allohning Kitobi va Uning Rosuli ﷺ sunnatidir. Bu mezon hech qachon rejimlar tayyorlagan «platforma»lar yoki ularning anjumanlari mahsulotlari bilan o‘lchanmaydi. Shuni yaxshi bilish kerakki, sun’iy intellekt qay darajada qudratli bo‘lmasin, Allohdan qo‘rquvchi mo‘minning qalbi va haq so‘zni aytadigan sodiq tilining o‘rnini bosa olmaydi. Fatvo – hukmdorning buyruqlari yoki uning dasturlaridan emas – yolg‘iz Allohning shariatini hukmron qilishdan kelib chiqqandagina to‘g‘ri bo‘ladi.

﴿وَإِذۡ أَخَذَ ٱللَّهُ مِيثَٰقَ ٱلَّذِينَ أُوتُواْ ٱلۡكِتَٰبَ لَتُبَيِّنُنَّهُۥ لِلنَّاسِ وَلَا تَكۡتُمُونَهُۥ فَنَبَذُوهُ وَرَآءَ ظُهُورِهِمۡ وَٱشۡتَرَوۡاْ بِهِۦ ثَمَنٗا قَلِيلٗاۖ فَبِئۡسَ مَا يَشۡتَرُونَ﴾

«Eslang (ey Muhammad), Alloh Kitob berilgan kimsalardan «Albatta u Kitobni odamlarga ochiq bayon qilursizlar va yashirmaysizlar!» – deb ahd-paymon olgan edi, ular esa, ushbu ahd-paymonni ortlariga uloqtirishdi va uni ozgina qiymatga sotishdi, bu oldi-sotdilari naqadar yomon qilmish!»                                                                                           [Oli Imron 187]

Hizb ut-Tahrirning Misr viloyatidagi

matbuot bo‘limi

Izohlar yo'q