KXSHT tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi

0
17

KXSHT tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Cho‘lpon-Atada bo‘lib o‘tgan KXSHT tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida tashkilotning an’anaviy maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi. Har doimgidek, terrorizm, ekstremizm va kiberxavfsizlik masalalari asosiy muammo sifatida muhokama qilindi. Butun mintaqa uchun umumiy tahdid sifatida belgilangan ushbu muammolar Qirg‘iziston rasmiylari nuqtayi nazariga ko‘ra “qo‘shma va muvofiqlashtirilgan yondashuv”ni talab qiladi.

Biroq, bu uchrashuvlar rasmiy maqomga ega bo‘lishiga qaramay, tobora oddiy siyosiy marosimlarga aylanib, mohiyatan samarasiz bo‘lib bormoqda. Tahdidlar haqidagi bayonotlar ko‘pincha qog‘ozda qoladi va aniq faktlar bilan tasdiqlanmaydi. “Tashqi qiyinchiliklar”ning aksariyati mavhum xarakterga ega bo‘lib, mintaqaning haqiqiy dinamikasiga mos kelmaydi va yildan-yilga “quruq gap”ga aylanib bormoqda. Rasmiy bayonotlarni chetga surib, mohiyatan olib qaraganda KXSHTning faoliyati xavfsizlikni ta’minlashga emas, balki “tashqi tahdid – ichki birlik uchun” formulasini amalga oshirayotgani aniq bo‘lib bormoqda. Ushbu strategiyaning asosiy elementi Islomiy da’vatning oldini olish yoki “radikallashuv”ni, ya’ni Islom mafkurasining kuchayib borayotgan ta’sirini jilovlash uchun kurash olib borishdir.

Haqiqatan ham, agar Islomiy omil (qamoqqa olishlar, radikallashuvda ayblashlar, diniy guruhlar faoliyati va boshqalar) bo‘lmasa, bunday yig‘ilishlarda muhokama qilinadigan mavzu ham qolmas edi. Bu hududlarda kiberhujumlar yoki “dunyoviy ekstremizm”, “siyosiy ekstremizm” deb ataluvchi holatlar alohida reaksiya talab qiladigan darajada kuzatilmaydi. Aslida, ushbu tashkilotning qo‘shma xavfsizlik infratuzilmasi faqat hibsga olishlar va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan “targ‘ibotning oldini olish bo‘yicha” ishlaridagi ayrim epizodlarga tayanadi. Bu bilan tashkilot, garchi barqaror ish olib borayotgandek ko‘rinsa-da, bu ishlari faqat o‘zlarining “tahdidlar ertagini” oqlashga imkon beradi xolos. Shu bilan birga, a’zo davlatlarning, xususan, Rossiyaning harbiy va tashqi siyosat yo‘nalishining qonuniyligini mustahkamlaydi.

Bu esa Moskvaga postsovet hududida KXSHTning tashqi siyosiy ta’sirini saqlab qolish imkonini beradi. Qirg‘iziston tashkilotga raislik qilgan davrda, kiberxavfsizlik va razvedka ma’lumotlarini almashish kabi bir qancha tashabbuslarni ilgari surdi. Biroq bu tashabbuslarni amalga oshirish faqat Kreml tomonidan belgilangan siyosiy chegaralar doirasida amalga oshirilishi mumkin. Tahdidlar mavhum, qarorlar rasmiy va harakatlar siyosiy chegaralardan tashqariga chiqmasligi kerak.

Hatto kiberxavfsizlik bo‘yicha xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, tahlil markazlarini yaratish bo‘yicha takliflar kiritish, qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish – bularning barchasi real tahdidlarga javoban emas, balki ramziy ish sifatida, maxsus ssenariy doirasida amalga oshirilmoqda. Bu yerda asosiy maqsad haqiqiy qiyinchiliklarga dosh berish emas, balki kuchli sadoqat arxitekturasini saqlab qolish va yagona tashqi imidjni yaratishdir.

Shu nuqtayi nazardan, KXSHT asosan og‘zaki loyiha bo‘yicha qolmoqda, uning faoliyati Kreml tomonidan belgilangan kun tartibiga bog‘liq. Mustaqil tahlilning yo‘qligi, institutsional rivojlanishning zaifligi va mafkuraviy yo‘nalish (birinchi navbatda Islomga qarshi kurash) tashkilotga putur yetkazadi. Natijada, “kollektiv xavfsizlik” nomi ortida Rossiyaning o‘z siyosiy tartibini o‘rnatish va “G‘arbga qarshi” va Islomga qarshi kurashning yagona rahbari sifatida tashqi siyosiy qiyofasini shakllantirish yotadi.

Shunday qilib, Qirg‘iziston raislik qilayotgan tashkilotda qanday takliflar ilgari surilmasin, KXSHTning eski faoliyat modelidan nariga o‘tmaydi. U cheklangan avtonomiya, ritualistik siyosiy ritorika va “radikal” deb ataladigan va isbotlanmagan holatlarga tayanish orqali “tahdidlar”ga qarshi birlik zarurati xom-hayollarini oqlashga urinishda davom etaveradi.

Xujjat Jamia

Izohlar yo'q