YAIM qashshoqlikni bartaraf qiladimi?!

0
43

YAIM qashshoqlikni bartaraf qiladimi?!

Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari Edil Baysalov joriy yilda Qirg‘izistonda yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning o‘sishi 10,5 foizga yetishini ma’lum qildi. U Cho‘lpon-Otada bo‘lib o‘tgan forumda shunday dedi: “Davlat budjeti uch barobarga, iqtisodiyot ikki baravarga o‘sdi, YAIM esa uch yildan buyon har yili 9 foizga oshmoqda. Bu yil esa 10,5 foizga yetishi kutilmoqda”.

Baysalovning so‘zlariga ko‘ra, budjet ortib, YAIM o‘sib bormoqda va bu iqtisodiy yutuq sifatida taqdim etilyapti. Biroq bu ko‘rsatkichlar xalqning iqtisodiy ahvoli yaxshilanayotganini anglatmaydi. Masalan, budjetning ikki baravar ko‘payishining sababi soliqlarning ko‘payishi va yangi soliq turlarining joriy etilishiga borib taqaladi. Boshqacha aytganda, budjet xalq cho‘ntagidan olinadigan soliqlar hisobiga to‘ldirilmoqda.

YAIMning o‘sishiga kelsak, kapitalizmda iqtisodiy rivojlanish jismoniy shaxslarning iqtisodiy ahvoli bilan emas, balki butun jamiyatning ahvoli bilan, aniqrog‘i YAIM ko‘rsatkichiga qarab belgilanadi. YAIM – bu mamlakatda ko‘rsatilgan xizmatlar va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning umumiy miqdoridir. Shunga ko‘ra, YAIM jismoniy shaxslarning real iqtisodiy ahvolini emas, balki faqat mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlarning umumiy miqdorini aks ettiradi. Shuning uchun kapitalizmda qabul qilingan “YAIM iqtisodiy o‘sishni ko‘rsatadi” degan ta’rif noto‘g‘ri ta’rifdir. Bunday tushuncha va fikrlar xalqning real iqtisodiy ahvolini yaxshilashga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, hozirgi kunda kapitalizm qashshoqlikni bartaraf etish uchun YAIMni oshirish zarur, degan fikrni olg‘a suradi. Boshqacha aytganda, har bir kambag‘alga to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ ajratish o‘rniga, YAIMni ko‘paytirish zarurligi ta’kidlanadi. Ammo kambag‘allarga haqiqiy yordam ko‘rsatish zarurati e’tiborga olinmaydi. YAIMning o‘sishi esa kambag‘allarga hech qanday foyda keltirmaydi. Ya’ni, turli korxonalar ochilishi, mahsulot ishlab chiqarish ko‘payishi va YAIMning ko‘rsatkichi oshishi mumkin. Biroq o‘sha korxonalarda odamlar arzimagan oylik uchun mehnat qilib tirikchilik qiladi. Kapitalistlar esa xalqni shu tarzda ekspluatatsiya qilib, katta foyda oladi. So‘ngra bu holat YAIMning ortishi va iqtisodiy yuksalish sifatida taqdim etiladi. Haqiqatda esa, faqat kapitalistlar boyib, xalq qashshoqligicha qolaveradi.

Aslida musulmonlar uchun Islomning iqtisod nizomidan boshqasi bekordir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Madinada ilk Islom davlatini barpo etganlaridan boshlab to 20-asrgacha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan bu nizom dunyoga namuna bo‘lib keldi. Islom odamlarni ishlab chiqarishga chorlaydi va shu bilan birga bugungidek og‘ir soliqlar solmaydi. Qolaversa, Islom iqtisodining mazmun-mohiyati baytulmoldan va zakotdan kambag‘allarga yetarli miqdorda mablag‘ ajratish orqali aholining asosiy ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan. Chunki bu ishsizlikni bartaraf etish masalasi emas, balki kambag‘allarning haq-huquqlari masalasidir.

Horun Abdulhaq

Izohlar yo'q