Los-Anjelesdagi so‘nggi voqealar: bu haqiqiy inqirozmi yoki sun’iy siyosiy to‘qnashuv?

0
10

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Los-Anjelesdagi so‘nggi voqealar: bu haqiqiy inqirozmi yoki sun’iy siyosiy to‘qnashuv?

Ustoz Samir Dahsha

Los-Anjeles shahrida so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan voqealar, uning asl sabablariga doir keskin savollarni o‘rtaga tashladi. Xo‘sh, bu voqealar prezident Donald Tramp bilan davlat muassasalari o‘rtasidagi siyosiy to‘qnashuvning bir qismimi? Yoki Kaliforniyaning ehtimolli ajralib chiqishiga oid ssenariylardan birimi? Yoxud bu saylovlar oldidan siyosiy yutuqlarni qo‘lga kiritish uchun inqirozlardan qasddan foydalanishmi?

Voqelik shuni ko‘rsatmoqdaki, Tramp ma’muriyati ayni krizisda keskin yondashuvni qabul qildi. Katta ehtimolga ko‘ra, bu harakatning maqsadi – ayniqsa qonunchilik saylovlari arafasida – respublikachi saylovchilar bazasini safarbar etish bo‘lgan.

Ziddiyatning yashirin tomoni: shubhalarni uyg‘otgan reyd

Sodir bo‘lgan voqeada namoyishchilar bilan huquqni muhofaza qiluvchi kuchlar o‘rtasidagi to‘qnashuv oddiy to‘qnashuv bo‘lmagan. Gap shundaki, mahalliy guvohliklar va matbuot ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHning immigratsiya va bojxona nazorati agentligi (ICE) xodimlari aholisining taxminan 80 foizi kelib chiqishi lotin amerikaliklar bo‘lgan hududga bostirib kirishgan. Ular bu hududda rasmiy hujjatlarga ega bo‘lmagan ko‘plab muhojir ishchilar yashashini bilib turib, operatsiyani qurollangan holda amalga oshirishgan. Bu esa ularning odatiy amaliyotidan keskin farq qiladi. Operatsiya paytida bir zavodga ham bostirib kirilib, u yerdagi ishchilar hibsga olingan. Ayni bo‘linmalar hududga to‘liq qurollangan holda kirishgan. Bu esa ularning odatda qurolsiz amalga oshiriladigan doimiy faoliyatiga ziddir.

Hisobotlarga ko‘ra, qo‘shinlar yo‘llarni yopib qo‘ygan va voqeani telefonlari orqali hujjatlashtirayotgan oddiy fuqaro tomoshabinlarga qarata ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan. Shuni e’tibordan qochirmaslik kerakki, bu hududda avval hech qanday norozilik namoyishlari yoki beqarorliklar kuzatilmagan edi. Bu esa operatsiyaning asl maqsadlari haqida jiddiy savollar tug‘dirmoqda. Ayniqsa, Tramp ma’muriyati bu operatsiyani namoyishlarda xavfsizlik tahdidlari mavjudligi bilan oqladi, holbuki, avvaldan bunday tahdidlar bo‘lgan emas. Mana shuning o‘zi operatsiyadagi asl maqsadlar haqidagi savollarni yanada kuchaytirmoqda.

Asossiz keskinlashuv: milliy gvardiyaning jalb etilishi va dengiz piyoda kuchlari bilan tahdid:

Ma’muriyat bu bilangina to‘xtab qolmadi. Balki prezident Tramp ilk soatlardayoq Milliy gvardiya qo‘shinlarini yuborishini e’lon qildi, so‘ng esa dengiz piyoda kuchlarini yuborish bilan tahdid qildi. Bu esa zarurat yo‘q bo‘lgan holda amalga oshirilgan va oqlab bo‘lmaydigan keskinlashuvdir.  Bu voqelik shunday ehtimolni kuchaytirmoqdaki, asil maqsad tartib o‘rnatish emas, balki Tramp ma’muriyati siyosatlariga eng qattiq qarshi turgan shtatda siyosiy – balki xavfsizlikka oid – inqiroz qo‘zg‘atish bo‘lgan.

Kaliforniya… Qonunchilik saylovlari ostonasidagi eng yirik demokratik raqib

Kaliforniya iqtisodiy va siyosiy vazni jihatidan respublikachi prezident uchun jiddiy raqib hisoblanadi. U aholi va saylovchilar soni bo‘yicha Amerikaning eng katta shtati hisoblanadi. Agar u mustaqil davlat bo‘lganida, dunyodagi to‘rtinchi yirik iqtisodga ega davlatga aylangan bo‘lar edi. Shu bilan birga, Kaliforniya Demokratlar partiyasining an’anaviy tayanch hududlaridan biri sifatida tanilgan.

Kaliforniya muhojirlar huquqini himoya qilishda qat’iy turadigan shtatlardan biri hisoblanadi va ICE qo‘shinlari bilan hamkorlik qilishni bir necha bor rad etgan. Bu esa uni bir vaqtning o‘zida ramziy va strategik raqibga aylantiradi. Bundan tashqari, ayni shtat qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida rasmiy hujjatga ega bo‘lmagan (ya’ni mamlakatda yashash uchun ruxsati bo‘lmagan) ishchilarga katta darajada tayanadi. Bunday ishchilarga ishlashga aynan shu shtatda ruxsat beriladi va ulardan soliq qonuniy ravishda undiriladi.

Siyosiy qotilliklar: vaziyatning bunday keskinlashishi manzarasida, Minnesota shtatida demokratlar partiyasi a’zolariga qarshi qotillik holatlari qayd etildi. Suiqasdda ikki kishi halok bo‘ldi, bir nechtasi og‘ir jarohatlandi. Tergov ishlari siyosiy sabablarga ishora qilmoqda. Bu hodisalar Trampning avvalgi ma’muriyati sud organlari tomonidan qattiq tanqidga uchrayotgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Asosiy tanqidlardan biri davlat xizmatchilarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi qarorning bekor qilinishi bo‘ldi. Holbuki, bozorlar xususiy sektorda millionlab ish o‘rinlarining yo‘qolishi oqibatida jiddiy qiyinchilikka uchramoqda. Mana shu sabablarning barchasidan ko‘rinib turibdiki, Tramp ma’muriyati mamlakatdagi ichki muvaffaqiyatsizliklardan e’tiborni burish uchun keskinlashtirish strategiyasiga tayanmoqda. Ayniqsa, saylovlar yaqinlashib kelayotgan bir paytda, iqtisodiy yoki sog‘liqni saqlash siyosati borasida qilingan tanqidlarga javob berish o‘rniga, xavfsizlikka oid soxta krizislar keltirib chiqarish bilan raqiblarini qo‘rqitmoqda va tarafdorlarini qo‘llamoqda.

Xulosa: saylov kun tartibi bo‘yicha ketayotgan xavfli siyosiy o‘yin:

Los-Anjelesda sodir bo‘lgan voqealar bugungi siyosiy krizisning chuqurroq bir simptomi, xolos. Bu simptomlarni hukumat siyosatlari ochiq muloqot o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri maydondagi to‘qnashuvlarga aylanib borayotganida ko‘rish mumkin. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqqan holda, Amerika iqtisodiyot yoki sog‘liqni saqlash tizimi kabi real muammolarga qarshi kurashish o‘rniga, xavfsizlik va irqiy krizislardan siyosiy raqiblar bilan hisob-kitob qilish vositasi sifatida foydalanmoqda.

Qurollangan qo‘shinlarni lotin aholisi yashaydigan hududlarga yuborib, ishchilarni hech qanday qonuniy asossiz hibsga olish va harbiy kuch ishlatish bilan tahdid qilish, bularning barchasi siyosiy keskinlashuvgina emas, balki mamlakatdagi ijtimoiy birlik uchun jiddiy tahdid hamdir.

Agar bu siyosiy yo‘nalish davom etadigan bo‘lsa, Amerika o‘zini tarkibiy krizis botqog‘iga botganiga hamda o‘zining umumiy boshqaruv modeli xavf ostida qolganiga guvoh bo‘lishi mumkin. Chunki siyosiy va irqiy qarama qarshilik tobora kuchayib bormoqda, muassasalarga bo‘lgan ishonch esa pasaymoqda.

Kaliforniya, qanchalik kuchli iqtisodiy va siyosiy ta’sirga ega bo‘lmasin, bugungi ma’muriyatning muxoliflarga qarshi olib borayotgan to‘qnashuvlari va dushmanona harakatlarining faqat bir qismi, xolos. Lotin aholisi zich yashaydigan rayonlarga qurolli qo‘shinlarni yuborish, ishchilarni qonuniy asossiz hibsga olish, so‘ng milliy gvardiya va dengiz piyoda kuchlarini ishga solish bilan tahdid qilish, bular «Vashington siyosatiga qarshi har qanday qarshilik, keskin zo‘ravonlik bilan bostiriladi» degan aniq signaldir. Biroq bunday yondashuv har doim ham samara bermaydi, chunki jamoatchilik bu kabi taktikalarning asl mohiyatini tobora yaxshi anglamoqda.

Amerikadagi ichki vaziyat uchun eng katta tahdid – davlatni siyosiylashtirilgan beqarorlikdan boshqaruv mexanizmi sifatida foydalanadigan davlatga aylantirishdir. Demokrat siyosatchilar joniga qasd qilish, muxolif shtatlar bilan to‘qnashuvlarni kuchaytirish va irqiy nafrat qo‘zg‘atish kabi holatlar davlatning yangi zo‘ravon qutblashuv bosqichiga kirishi mumkinligidan dalolat bermoqda.

Mavzuning oxirida shuni aytmoqchimizki, Los-Anjelesdagi voqea oddiy bir epizod emas, balki bundan Amerikadagi boshqaruvning yanada chuqurroq krizisiga kirib borayotganini ko‘rish mumkin. Bu yerda siyosiy muloqot o‘rnini ko‘chadagi to‘qnashuvlar egallab bormoqda, saylov dasturlari esa ig‘vogarlik nutqlari bilan almashtirilyapti. Natija nima bo‘ldi? Amerika o‘zlarining tor manfaatlarini ta’minlash uchun o‘t bilan o‘ynashishda qat’iy turgan kimsalar tufayli jar yoqasida turibdi.

Los-Anjelesda sodir bo‘lgan voqea ham yakka holdagi tasodifiy hodisa emas, balki bu ogohlantiruv qo‘ng‘irog‘idir. Yaqin kunlarda hal qiluvchi o‘zgarishlar kelib chiqishi mumkin. Shu bois biz bu jarayonlarni diqqat bilan kuzatishimiz lozim. Alloh Taolodan bugungi holatimizni oqilona hukm va adolatga asoslangan, haqni ustuvor qo‘ygan boshqaruvga o‘zgartirishini, natijada Islom shariati yana hokimiyatga qaytib, butun insoniyatga rahmat ulashishini so‘rab qolamiz.

Roya gazetasining 2025 yil 18 iyun, chorshanba kungi 552-sonidan

Izohlar yo'q