Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi niqobga qarshi kurash karvoniga qo‘shilmoqchi

0
44

Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi niqobga qarshi kurash karvoniga qo‘shilmoqchi

Qozog‘iston parlamentining yuqori palatasi “Huquqbuzarlikning oldini olish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi. Yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, jamoat joylarida burqa, niqob va yuzni to‘liq yopuvchi kiyim kiyish taqiqlanadi. Bu haqda Tengrinews axborot xizmati xabar berdi.

Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, faqat tibbiy ehtiyoj, fuqaroviy mudofaa, qonun talabi, og‘ir ob-havo sharoiti yoki sport va madaniy tadbirlar vaqtidagina iqob kiyishga ruxsat beriladi.

Prezident Qosim-Jomart To‘qayev joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan Milliy Kongressda yuzni yopadigan qora kiyim o‘rniga milliy kiyimlarni targ‘ib qilish zarurligini ta’kidladi.

Ma’lumki, Turkmaniston, Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda ham niqob bahonasida Islomga qarshi qonunlar qabul qilingan. Xususan, O‘zbekiston va Tojikistonda tez-tez reydlar o‘tkazilib, militsiya xodimlari ko‘chalarda yurgan soqolli erkaklar yoki niqob kiygan ayollarni “diniy ekstremizm”ga aloqadorlikda gumon qilib, militsiya bo‘limiga olib ketish holatlari ko‘p uchraydi. O‘tgan oy Qirg‘izistonda ham huquq-tartibot idoralari xodimlari janubiy mintaqada niqobga qarshi reydlar o‘tkazgan edi. Ayni paytda Qozog‘iston hukumati bu kurash karvoniga qo‘shilish arafasida turibdi.

Albatta, Markaziy Osiyo hukumatlarining Islomga qarshi kurashi darhol boshlangan emas. Balki, ular o‘z raqiblarini yo‘q qilib, diktatorlik tuzumini o‘rnatganidan keyin boshladilar. Masalan, O‘zbekiston qotili Karimov 1999 yil 16 fevral portlashini uyushtirgandan so‘ng Islom va musulmonlarga qarshi keng miqyosda kurash boshladi.

Tojikiston Tog‘uti Emomali Rahmon esa, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bahonasida hatto yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga Islomiy ismlar qo‘yishni ham man qildi. Tojikiston hukumati o‘n minglab erkaklarning soqolini majburan olib tashladi, minglab ayollarning hijobini yechtirdi.

Turkmanistonda rasmiylar o‘zlari “diniy” deb hisoblagan fuqarolarning uylarida tintuv o‘tkazib, Qur’ondan boshqa har qanday diniy adabiyotlarni musodara qilib kelmoqda. Turkmaniston hukumati Islom va musulmonlarga qarshi kurashda O‘zbekiston va Tojikistondan qolishmaydi. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan 50 yoshga yetmagan musulmonlarning soqollarini majburan oldirish va ortidan aroq ichishga majburlash, bunday talablarni bajarishdan bosh tortgan musulmonlarni qattiq kaltaklash va hech qanday sud va tergovsiz 7-8 yilga ozodlikdan mahrum qilish holatlari odatiy holga aylangan. Davlat xizmatchilari va harbiy xizmatchilarga namoz kabi ibodatlarni bajarish taqiqlangan. Bunga bo‘ysunmaganlar darhol ishdan bo‘shatilib, turli moddiy va jismoniy tazyiqlarga duchor qilinadi.

Qirg‘izistonda ham o‘tgan yili Islom va musulmonlarni cheklashga qaratilgan “Din to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilindi. Mazkur qonun doirasida muslima opa-singillarimizga niqob kiyish taqiqlandi. Shuningdek da’vat yukini o‘z zimmasiga olgan musulmon birodarlarimizga qarshi kurash kuchayib, tergov izolatorlarida elektr tokiga qo‘yish, kaltaklash kabi noqonuniy harakatlar odat tusiga aylanib bormoqda. Shu yo‘l bilan hukumat jamiyatda chuqur ildiz otib borayotgan Islomiy muhitni nazorat ostiga olishga harakat qilmoqda.

Qozog‘istonda esa maktablarda o‘quvchi qizlarning ro‘mol o‘rashiga taqiq qo‘yilishi ortidan Islomiy qadriyatlarga qarshi kurash kuchaydi.

Aslini olganda, niqob va soqolni taqiqlash ushbu diktator rejimlar ergashayotgan demokratik qadriyatlarga ziddir. Aniqrog‘i, demokratiyadagi e’tiqod erkinligi va shaxs erkinligi insonga istagan dinga e’tiqod qilish va har qanday xususiyatdan foydalanishni kafolatlaydi. Bu qadriyat dunyoviy davlatning konstitutsiyaviy qonunidir. Biroq, demokratiyaning markazi bo‘lgan G‘arb o‘z g‘oyasidan allaqachon voz kechishni boshlagan. Boshqacha aytganda, G‘arb uchun bu erkinliklar faqat Islom va musulmonlardan boshqalarga qo‘llaniladi. Masalan, satanizm yoki boshqa buzg‘unchiliklar uchun diniy erkinlik beriladi. Musulmon bo‘lmaganlarga o‘zlari xohlagan kiyimni kiyishlari va hatto yalang‘och yurishlari uchun yo‘l ochib berishadi. Biroq, Islomiy qadriyatlar haqida gap ketganda, masalaga boshqacha nazarda qaraladi. Buni 2004 yilda Fransiya maktablarida hijob kiyishni taqiqlash, musulmon xodimlarni davlat muassasalaridan haydab chiqarish, 2010 yilda jamoat joylarida niqob kiyishni taqiqlash ham yaqqol namoyon qilib turibdi!

Bu esa, demokratik tuzum bilan diktatorlik tuzum bir tanganing ikki tomoni ekanini, har ikkisi ham o‘z xohish-irodasini xalq irodasidan ustun qo‘yishini bildiradi! Xususan, Sharqiy Turkiston, Afg‘oniston, Suriya va oxirgi paytlarda G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar “hurriyat”, “ayollar va bolalar huquqlari” degan shiorlar quruq safsatadan boshqa narsa emasligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Aslida musulimalar niqobni ikkiyuzlamachi demokratlar ruxsat bergani yoki insonga erkinlik berilgani uchun kiyishmaydi. Aksincha, Islomiy qadriyat va shar’iy hukm bo‘lgani uchun kiyishadi. Shuningdek soqolni kofirlar va uning xizmatkorlari man qilgani uchun olib tashlamaydi. Aksincha, hayotning barcha jabhalarida o‘rnak bo‘lgan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam sunnatlari bo‘lgani uchun soqol qo‘yadi. Shunday ekan, biz musulmonlar Markaziy Osiyodagi diktator rejimlarning Islomga qarshi kurashiga jiddiy qarshilik ko‘rsatishimiz kerak. Chunki bugun niqob va soqolni man qilgan hukumat ertaga da’vatimizni, namozimizni, ro‘zalarimizni ham man qilishi tabiiy.

Mumtoz Mavarounnahriy

Izohlar yo'q