Bo‘lingan Yevropa va jarlikka qulash

0
19

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Bo‘lingan Yevropa va jarlikka qulash

Ustoz Hasan Hamdon

Yevropa tashkil topgandan beri o‘zining eng yomon kunlarini boshdan kechirmoqda. Bir tomondan o‘tmishini va dunyoni boshqarganini sog‘inib, kelajak orzu-xayollarini surayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan tubsiz jarlikka qulash va ichki omillar zarbalaridan ingramoqda. Bunga Yevropa birligiga chaqirayotgan eng ko‘zga ko‘ringan davlat bo‘lmish Fransiyaning ayni holatni tan olayotganidan ko‘ra kuchliroq dalil bo‘lmasa kerak. Darhaqiqat, Fransiya bosh vaziri Fransua Bayru 2025 yil 20 yanvar kuni «Tramp Oq uyga qaytganidan keyin Fransiya bilan Yevropa «tor-mor qilinish» xavfi ostida qoldi», dedi. Yevropa-Amerika munosabatlari Trampning avvalgi ma’muriyati davrida bir qancha tarangliklarga guvoh bo‘lgan va buning ikki sababi bor:

1 – NATO davlatlarini yalpi ichki mahsulotining 2 foizini mudofaa budjetiga ajratishga majburlash.

2 – Savdoda manfaatlarning nomutanosibligi, to‘lov balansi taqchilligi va bojxona to‘lovlari.

Trampning ikkinchi muddatga saylanishi Yevropaning quyidagi katta mashaqqatlarni boshdan kechirayotgan paytga to‘g‘ri keldi:

1 – Ukraina-Rossiya urushi va uning Yevropaga salbiy ta’sirlari.

2 – Tashqi xavf-xatarlar, ayniqsa, Rossiya xatari va Trampning NATOdan chiqib ketish bilan tahdid qilishi fonida yuzaga kelgan masalalar. Ya’ni NATO kelajagi, Yevropa xavfsizligi hamda Yevropa xavfsizligini ta’minlash uchun a’zo davlatlarning ishtirok etishi darajasi kabi.

3 – AQSH bilan savdo aloqalari bo‘yicha munozaralarning qaytishi, savdo urushlari, tariflar va Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishidan keyin ittifoqning zaiflashishi.

4 – Trampning Grenlandiya orolini sotib olish to‘g‘risidagi talablari, Yevropa xaritasini o‘zgartirish, milliy xavfsizlik va Shimoliy Muz okeani masalasi.

5 – Ayrim Yevropa davlatlarining zaif iqtisodiyoti, kamomad va qarzlari, ba’zi kompaniyalarning AQSHga ko‘chirilishi, Rossiya gazi masalasidan keyin yoqilg‘i narxlarining qimmatlashishi, Tramp tahdidi, davlatlar va shirkatlarning AQSH sanksiyalariga uchrashdan va uning bozorlariga kirish man etilishidan xavotirlanishlari.

6 – Yevropa o‘ngchilarining kuchayishi, hatto ba’zi davlatlarda hokimiyatga chiqishi va ayrim ichki masala va krizislarda Tramp kabi fikrlashlari.

7 – «Politiko» gazetasida bunday xabar nashr qilindi: «Sobiq tele yulduzining Vashingtondagi hokimiyatga qaytishi nafaqat transatlantik munosabatlar uchun bir sinov, balki Yevropaning birdamligiga real tahdid tug‘dirmoqda. Trampning Yevropa davlatlariga nisbatan soliq choralari, NATOni moliyalashtirish borasidagi talablari bu jarayonni tezlashtiradi.

Yuqoridagi fikrlar Yevropa Ittifoqi kelajagini hamda asosiy muammolari va xavfli masalalarini tushunishda muhim va katta ahamiyatga molik. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasida hali boshqa og‘ir masalalar, asosiy muammolar va jiddiy bo‘linishlar ham bor. Jumladan: Xitoy va Rossiya bilan munosabatlar, ikki tomonlama mudofaa kelishuvlari, AQSHning bir qator Yevropa davlatlaridagi ta’siri hamda siyosiy va harbiy fikr birligining yo‘qligi.

To‘g‘ri, bu masalalarning har biri o‘zining ahamiyati, muhimligi va ta’siri e’tiboridan, alohida va chuqur o‘rganishni talab qiladi. Ammo biz ularning ba’zilariga umumiy to‘xtalishimiz mumkin, ayniqsa, Trampning hokimiyatda turishi va Yevropa Ittifoqining ichki muammolariga.

Yevropa birligi g‘oyasi go‘zal orzu edi. Lekin bu orzu faqat illyuziya bo‘lib chiqdi. U o‘zining yakuniy shakllanishidan oldin ham o‘zini yo‘q qilish urug‘ini tashib yurdi. Chunki birlikka asos bo‘ladigan mustahkam poydevori yo‘q edi. Aksincha, Yevropa davlatlarining millatchiligi va birlashishni istamasligi kabi birdamlikni ta’minlovchi omillardan ko‘ra ko‘proq halokat omillarini o‘z ichiga olgan edi.

Yevropa nafaqat olg‘a siljishning uddasidan chiqa olmadi, balki ko‘p sohalarda o‘zidan o‘zib ketgan boshqa mamlakatlardan ancha orqada qoldi. Uning krizislari qanchalik murakkablashsa, birlik va kuchlilik to‘g‘risidagi bayonotlar shuncha ko‘paymoqda. Biroq ular havoga ko‘tarilgan par kabi foydasiz bayonotlar bo‘lyapti.

Aytmoqchimizki, hozir Yevropani ikki muhim xavf qurshab olgan:

Birinchisi: Oq uy rezidentining mentaliteti va boshqaruvi.

Ikkinchisi: Yevropa birligini o‘z domiga tortayotgan ichki xavf.

Birinchiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu ayni damda Tramp va ma’muriyatining mavjudligi hamda birlashgan holatdagi Yevropa bilan qanday munosabatda bo‘lish masalasi. Belgiya bosh vaziri Gi Verxofstadt «New Atlantic» veb-saytiga bergan intervyusida bunday deydi: «Har doim yevropaliklar Amerika biz tarafda, deya ishonardilar. Biroq Donald Trampning kelishi bilan vaziyat o‘zgardi». Yevropa parlamenti nomidan Britaniya bilan «Breksit» bo‘yicha muzokara olib borgan Verxofstadt yana shunday deydi: «Tarixda birinchi marta AQSH prezidenti Yevropa Ittifoqining parchalanishini istamoqda».

Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Donald Tusk Ittifoq davlatlari rahbarlari va bosh vazirlariga qilgan murojaatida bunday dedi: «Tramp Amerikasi Rossiya, Xitoy va radikal islomchi harakatlar darajasiga tushdi».

«Worldcrunch» veb-saytiga ko‘ra, Tusk «Yevropa Ittifoqi tarixida birinchi marta bir nechta tashqi kuchlar unga qarshi harakat qilmoqda» deya ta’kidladi.

Tramp Yevropa Ittifoqini o‘zining mamlakati uchun hamkor deb hisoblamayapti, aksincha, har bir davlat bilan alohida muloqot qilishni istayapti. Buning sababi shundaki, Yevropa Ittifoqi zaiflashganiga qaramay, kuchli iqtisodiy kuch bo‘lib qolmoqda. Yirik iqtisodiy blok bilan muloqot qilish ularni savdo-iqtisodiy muzokaralarida kuchli qilib qo‘yadi. Ammo undagi har bir davlat bilan alohida muzokara qilinsa, buning aksi bo‘ladi.

Trampning yondashuvini oqilona deb atash mumkin. Chunki u Yevropa Ittifoqining mavjud zaif tomonlariga, xususan, ichki inqirozlariga tayanyapti. Yevropa birligiga eng og‘riqli zarbalardan biri Tramp tomonidan faol qo‘llab-quvvatlangan «Breksit» bo‘ldi. Tramp Britaniyani Yevropa Ittifoqidan chiqishga undadi. Qolganlarga ham ittifoqdan chiqadigan bo‘lsa, bir qancha va’dalar berdi.

Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi ittifoqning xalqaro miqyosdagi o‘rni uchun har tomonlama olganda falokat bo‘ldi. Chunki bu Yevropa Ittifoqining xalqaro maydondagi ta’sirini pasaytirdi, uning iqtisodiy qarorlarini va global miqyosdagi raqobatbardoshligini zaiflashtirdi.

Tramp AQSH savdo taqchilligini kamaytirish va AQSH sanoatini import mollari raqobatidan himoya qilish uchun soliq va tariflar joriy etishni va’da qildi. Bu tariflarning Yevropa eksportiga 10 foizga yetishi kutilmoqda.

Yevropaning xavfsizlik masalasi

Trampning yevropaliklarga qilgan tahdidlari jamoaviy mudofaa strategiyasining yo‘qligi sababli chuqur xavfli muammoni fosh qildi. U ham bo‘lsa, Yevropa davlatlarining qit’aning yaxlit xavfsizligi hisobiga individual va ikki tomonlama mudofaa loyihalari tomon yo‘nalishidir.

Grenlandiya masalasi

Grenlandiyaning sotib olinishi masalasi muhokama qilinganda, Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan Noel Barro «Biz kuchli qit’amiz», deya javob qildi. U, shuningdek, Yevropa Ittifoqi «Boshqa davlatlarning o‘z chegaralariga hujum qilishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi» deya ta’kidladi.

Ikkinchi xavf: populistik o‘ng qanot harakatlarning yuksalishi

Populistik o‘ng qanot harakatlar Germaniya, Fransiya, Italiya, Polsha va Gollandiya kabi mamlakatlarda tez sur’atlar bilan kuchaymoqda. Bu partiyalar rahbarlari nafaqat sezilarli ta’sirga ega bo‘lishdi, balki taklif qilganidek, Yevropa Ittifoqidan chiqish g‘oyasini ilgari surish orqali allaqachon hokimiyat tepasiga ham kelishdi. Bundan tashqari, ularning ayrim ichki va tashqi masalalar bo‘yicha siyosiy qarashlari ittifoq davlatlarining an’anaviy yo‘nalishlaridan butunlay farq qiladi.

Ba’zi xabarlarda bunday deyildi: «Siyosiy va iqtisodiy krizislar kuchayib borar ekan, ayrim davlatlar o‘z chegaralarida nazoratni kuchaytirmoqda. Bu esa Yevropa birligiga tahdid solayotgan xatarlarni keltirib chiqaradi».

Bu xususda Berlindan siyosiy sharhlovchi Frans German «Sky News Arabia»ga bergan intervyusida bunday deydi: «Bu chora-tadbirlar migratsiya oqimining kuchayishi va xavfsizlik ustidan nazoratni yo‘qotish qo‘rquvini aks ettiradi. Bu esa Yevropa orzusining tugashiga yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan qadamdir. Chegara nazoratini qayta o‘rnatish Yevropa Ittifoqining kengroq parchalanishining boshlanishi bo‘lishi va o‘nlab yillar davomida erishilgan yutuqlarga tahdid tug‘dirishi mumkin. Krizislar xalq noroziligining kuchayishiga va millatchilikning chuqurlashishiga yordam berdi. Bu esa Yevropa Ittifoqining muammolarga qarshi birlashgan holda kurashish qobiliyatini zaiflashtirmoqda».

Bu jarayonlar o‘ta o‘ng qanotning kuchayishi Yevropa birligi loyihasi uchun qanchalik xavfli ekanini ko‘rsatadi. Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo‘yicha siyosiy tahlilchisi Povl Zirkaning ta’kidlashicha, «o‘ng qanot harakatlarining hokimiyatga kelishi iqlim, migratsiya, Yevropa Ittifoqining kengayishi, budjet va qonun ustuvorligiga oid siyosatlarga ta’sir qilishi mumkin».

Xulosa:

Bular ikki kuch o‘rtasida kuchli kurash kelib chiqishini ko‘rsatmoqda. Ulardan biri o‘zining eng yaqin ittifoqchisi zarariga bo‘lsa ham, faqat o‘z manfaatlari haqida o‘ylaydi. Ikkinchi tomon samarali boshqaruvga qodir bo‘lmagan korrupsion hukmron elita mavjudligi sababli jarohat, kasallik va siyosiy tafakkurning yetishmasligidan aziyat chekadi. Buni Yevropa parlamenti a’zosi, Yevropa Ittifoqidagi xristian-demokratik blokining tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Maykl Gallerning bayonotlari ham tasdiqlab turibdi: «Yevropa Ittifoqi siyosatchilari va yetakchilari Yevropani faqat NATO yordamida himoya qilish mumkinligini yana bir bor anglab yetdilar. Shu sababdan ham ittifoqning strategik kompasi hech qanday holatda NATO bilan raqobatlashmaydi hamda Yevropaning jamoaviy mudofaasi NATO homiyligida qolishi kerak».

Bular Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropani Amerika nazorati ostida ushlab turish uchun uni ikkita kuchli zanjir, ya’ni NATO soyaboni va Marshal plani bilan bog‘lab qo‘ygan Qo‘shma Shtatlar asoschilari tomonidan qo‘yilgan siyosatning oqibatlaridir. Bundan albatta, Yevropaning o‘zi ham xuddi dunyo xalqlariga totdirgani kabi xorlik, zulm va qullik achchiqlarini totishi uchun uni Amerika nazorati ostida ushlab turish ko‘zlangan.

Roya gazetasining 2025 yil 26 fevral chorshanba kungi 536-sonidan

Izohlar yo'q