Qur’on musulmonning tayanchidir

0
22

Qur’on musulmonning tayanchidir

Butun olamlarning yaratuvchisi bo‘lgan Alloh Taolo O‘z bandalarini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilish va ikki dunyo saodatiga yetkazish uchun har bir davr va asrlarda Payg‘ambarlar yuborib turdi. Alloh Taolo Muhammad ﷺni Payg‘ambarlarning oxirgisi qilib yubordi va qiyomatgacha qoladigan din sifatida Islomni tanladi. Qur’on esa bu risolatning tasdig‘i va mo‘jizasi sifatida nozil bo‘ldi va Alloh uni qiyomatgacha saqlashni o‘z zimmasiga oldi. Alloh Taolo aytadi:

وَإِنَّهُ لَتَنْزِيلُ رَبِّ الْعَالَمِينَ ! نَزَلَ بِهِ الرُّوحُ الْأَمِينُ ! عَلَى قَلْبِكَ لِتَكُونَ مِنْ الْمُنذِرِينَ ! بِلِسَانٍ عَرَبِيٍّ مُبِينٍ !

“Albatta (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad), siz (oxirat azobidan) ogoxlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga uni (ya’ni Qur’onni) Ruhul-Amin – Jabroil ochiq-ravshan arabiy til bilan nozil qildi”. [26: 192-195].

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ

“Albatta bu eslatmani (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va shubhasiz, O‘zimiz uni saqlaguvchimiz”. [15:9]

لَا يَأْتِيهِ الْبَاطِلُ مِنْ بَيْنِ يَدَيْهِ وَلَا مِنْ خَلْفِهِ تَنزِيلٌ مِنْ حَكِيمٍ حَمِيدٍ

“Unga oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil-nohaqlik kelmas (ya’ni Qur’oni Karimning hech qaysi tomonidan biron kitob yo hujjat kelib, uni botil qila olmas, chunki u) hikmat va hamdu-sano egasi tomonidan nozil qilingandir”. [41:42]

إِنَّ هَذَا الْقُرْآنَ يَهْدِي لِلَّتِي هِيَ أَقْوَمُ وَيُبَشِّرُ الْمُؤْمِنِينَ الَّذِينَ يَعْمَلُونَ الصَّالِحَاتِ أَنَّ لَهُمْ أَجْرًا كَبِيرًا

“Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur va yaxshi amallarni qiladigan mo‘minlarga katta ajr-mukofot borligini(ng) xush xabar(ini) berur”. [17:9]

Rasululloh ﷺ butun insoniyatga elchi qilib yuborilganidan so‘ng odamlar to‘p-to‘p bo‘lib Islom dinini qabul qildilar. Qur’on ularning qalbidan joy oldi, ular iymon halovatini totdilar. Islom dini Arabiston yarim orolidan tashqariga ham tarqaldi va Qur’on tili bo‘lgan arab tili o‘sha xalqlar ichida asosiy o‘rinni egalladi, hatto ilmiy kashfiyot va madaniyatga katta hissa qo‘shdi.

Arab tili Qur’on tili bo‘lgani uchun musulmonlar uni o‘rganishlari kerak. Ya’ni Qur’on o‘qish uchun arab tilini o‘rganish kerak. Masalan, dinimizning ustuni bo‘lgan va ikki shahodatdan keyingi o‘rinda turadigan namoz barcha musulmonlar uchun farzdir. Shu bois namoz sahih (to‘g‘ri) bo‘lishi uchun namozda o‘qilgan suralarni qiroat bilan o‘qish talab qilinadi.

Yuqorida aytganimizdek, musulmon kishining ibodatlari, aniqrog‘i, Qur’on o‘qishi, haj amallarini bajarishi, namoz o‘qishi kabi amalari faqat arab tiliga cheklangan. Shuning uchun musulmon kishi qayerda bo‘lmasin, arab tilini o‘rganishi shart. Chunki uning Islomi arab tilisiz durust bo‘lmaydi. Namozsiz Islom yo‘q, arab tilisiz namoz yo‘q.

Qur’on musulmonning, xususan, da’vatchining hamrohi va quroli bo‘lmog‘i lozim. Qur’on bilan musulmonning qalbi taskin topadi va har qanday sinov u uchun arzimas narsaga aylanadi. Qur’on musulmonning sirdoshi, hidoyatchisi va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi kompasidir. Qur’on musulmonni malomatchining malomatidan qo‘rqmaydigan va dushman qarshisida – u qanchalik ko‘p va kuchli bo‘lmasin – mard va jasur insonga aylantiradi. Chunki musulmon kishi Qur’onni tilovat qiladi va uning ma’nolarini anglab, Parvardigoridan ajr umid qiladi.

Qolaversa, Qur’on mo‘minning taqvodorlik xislatini kuchaytiradi. Albatta Qur’on o‘qishni o‘rganish va uni tilovat qilish ulug‘ savobga erishtiradi va Alloh huzuridagi insonning mavqeini oshiradi.

Payg‘ambarimiz ﷺ aytadilar:

خَيْرُكُمْ مَنْ تَعَلَّمَ الْقُرْآنَ وَعَلَّمَهُ

“Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, o‘rgatganlaringizdir”, (Buxoriy).

«مَنْ قَرَأَ حَرْفًا مِنْ كِتَابِ اللهِ فَلَهُ بِهِ حَسَنَةٌ، وَالحَسَنَةُ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا، لاَ أَقُولُ الْم حَرْفٌ، وَلَكِنْ أَلِفٌ حَرْفٌ وَلاَمٌ حَرْفٌ وَمِيمٌ حَرْفٌ»

«Kim Allohning kitobidan bir harf o‘qisa, unga o‘n barobar yaxshilik bordir. Men Alif. Lom. Mim bitta harf demayapman, balki alif bitta harf, lom bitta harf, mim yana bir harfdir». (Termiziy rivoyati).

اقْرَءُوا الْقُرْآنَ فَإِنَّهُ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ شَفِيعًا لأَصْحَابِهِ

«Qur’onni o‘qinglar. U qiyomat kunida uni o‘qiganlarga shafoat qilguvchi bo‘lib keladi». (Muslim rivoyati).

«مَثَلُ الْمُؤْمِنِ الَّذِي يَقْرَأُ الْقُرْآنَ مَثَلُ الأُتْرُجَّةِ طَعْمُهَا طَيِّبٌ وَرِيحُهَا طَيِّبٌ, وَمَثَلُ الْمُؤْمِنِ الَّذِي لاَ يَقْرَأُ الْقُرْآنَ مَثَلُ التَّمْرَةِ طَعْمُهَا طَيِّبٌ وَلاَ رِيحَ لَهَا, وَمَثَلُ الْمُنَافِقِ الَّذِي يَقْرَأُ الْقُرْآنَ مَثَلُ الرَّيْحَانَةِ رِيحُهَا طَيِّبٌ وَطَعْمُهَا مُرٌّ, وَمَثَلُ الْمُنَافِقِ الَّذِي لاَ يَقْرَأُ الْقُرْآنَ كَمَثَلِ الْحَنْظَلَةِ طَعْمُهَا مُرٌّ وَلاَ رِيحَ لَهَا»

«Qur’on o‘qiydigan mo‘min, ta’mi ham, bo‘yi ham shirin utrujja mevasiga o‘xshaydi. Qur’on o‘qimaydigan mo‘min, ta’mi shirinu, hidi yo‘q xurmoga o‘xshaydi. Qur’on o‘qiydigan munofiq, bo‘yi shirinu, ta’mi achchiq rayhonga o‘xshaydi. Qur’on o‘qimaydigan munofiq, ta’mi ham achchiq, hidi ham achchiq hanzalaga o‘xshaydi». (Buxoriy, Muslim).

Shuning uchun musulmonlar, ayniqsa da’vatchilar Qur’onni doimo o‘zlariga yaqin tutishlari, to‘g‘rirog‘i, har kuni o‘qib, uni o‘ziga hamroh qilib olishlari lozim. Chunki u busiz dushmanga va shaytonning vasvasalariga qarshi turishda zaiflik qilishi mumkin. Shuning uchun musulmon kishi Qur’onni o‘qish uchun arabcha harflarni bilmasa, avvalo harflarni o‘rgansin, agar harflarni bilsa, o‘qishni o‘rgansin, o‘qishni ham bilsa, ma’nosini tushunishga harakat qilsin. Shunda u Qur’on bizning asosiy tayanchimiz, hayotimizning barcha sohalarida yechim beruvchi asos ekanligini tushunib yetadi. Buning uchun hech bo‘lmaganda kuniga yarim soat vaqt ajratish mo‘minga albatta foyda keltiradi. Chunki yuqorida aytganimizdek, Qur’onni tilovat qilish vojibligidan tashqari, Qur’on musulmonning qalqoni va tayanchiga aylanadi. Unga kuch beradi va da’vatni ko‘tarib chiqish yo‘lida barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tgan sahobalardek g‘ayratli mo‘minga aylantiradi.

Shunday ekan, Payg‘ambarimiz ﷺ aytganlaridek, ta’mi ham shirin, hidi ham shirin utrujja mevasi kabi mo‘minlardan bo‘ling, Alloh martabalaringizni oliy qilsin. Bu ikki dunyo baxt-saodatiga va Alloh Taoloning roziligiga erishtiradigan amaldir.

Horun Abdulhak

Izohlar yo'q