بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Savolga javob
Livandagi yangi siyosiy o‘zgarishlar
Savol: «Arabiy Jadid» o‘z veb-saytida 2025 yil 21 yanvarda quyidagilarni nashr qildi: (… Navaf Salam seshanba oqshomida respublika prezidenti Jozef Aun bilan Baabda qasrida uchrashganidan keyin qo‘lida qora rangli papkani ko‘tarib chiqdi. U vazirlarning nomlari yoki vazirlik tuzish to‘g‘risida qandaydir loyihani taqdim qilgan yoki qilmaganligini ochiqlamadi…). Ma’lumki: (Prezidentlik lavozimi siyosiy kelishmovchiliklar sababli ikki yil davomida bo‘sh turgandi va nihoyat Livan parlamenti 2025 yil 9 yanvarda Aunni mamlakat prezidenti qilib sayladi. Aun saylanganidan to‘rt kun o‘tib, Navaf Salamga Livanning yangi hukumatini tuzishni taklif qildi… Al-Jazira, 2025 yil 20 yanvar). Livanda prezidentlik kursisi bo‘shab qolganiga ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tib, 2025 yil 9 yanvarda armiya qo‘mondoni Jozef Aunni prezident etib, 13 yanvarda esa Navaf Salamni hukumat boshlig‘i qilib tayinlashga kelishib olindi. Bunday tezda amalga oshirilgan kelishuv ortida qanday jarayon kechmoqda? Bularning barchasi nega bunday tezlikda amalga oshdi? Bunday sur’at Livanning ichki va tashqi qiyofasini o‘zgartirish uchun oldindan tayyorlab kelinayotgan biron ish borligini anglatadimi yoki u mintaqada, ko‘pincha yuz berib kelayotganidek, odatiy o‘zgarishmi?
Javob: Yuqoridagi savollarga aniq javob berish uchun quyidagilarni ko‘rib chiqamiz:
Birinchidan: Livandagi tez sur’atlarda sodir bo‘lgan bunday o‘zgarishga olib kelgan narsa mintaqa va olamdagi ulkan siyosiy jarayonlar bo‘lib, buning so‘nggida Aun Livan prezidenti etib saylandi va Navaf Salamga bosh vazirlikni taklif qildi. Bunga yanada oydinlik kiritish uchun quyidagilarga to‘xtalamiz:
Yahudiy vujudi Eron hizbi rahbariyatiga suiqasd uyushtirganidan biroz o‘tib va o‘t ochishni to‘xtatishdan oldinroq Livanda prezidentni saylash va bu mansabning bo‘sh turishiga barham berish haqidagi chaqiriqlar paydo bo‘ldi. Bu chaqiriqlar avvalda Samir Ja’ja partiyasi kabi Eron hizbiga muxoliflar tomonidan yangrab kelayotgan edi. Samir Ja’ja esa urushda G‘azoni qo‘llab-quvvatlashni ochiq rad etib kelayotgan kimsadir. Albatta bu, urush oqibatida yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib qolish uchun edi. Bu – Livanda Amerika vakili Xochshteyn turnesiga parallel ravishda bo‘lib turgan Yevropa vakillari bilan o‘zaro maslahatlashish orqali bo‘lgandi. Bu turnelar asosan o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgandi. Eron hizbi esa Livan muxolifati tomonidan yangragan bu chaqiriqlarni qoralab kelayotgan edi.
Livanda prezidentni saylash uchun ketgan ikki yil davomidagi 12ta muvaffaqiyatsiz majlisdan so‘ng, u yerdagi turli siyosiy kuchlar armiya qo‘mondoni Jozef Aun nomzodini prezidentlikka ko‘rsatish uchun o‘zaro kelishib olishdi. Buni deyarli kutilmagan holat, desa bo‘ladi. Nihoyat Aun bu mansabning bo‘sh turishiga barham beradigan bo‘ldi. Eron hizbi esa o‘zlaridan nomzod sifatida Sulaymon Franjeni e’lon qilgan edi. (Al-Alam kanali, 2025 yil 7 yanvar). Ma’lumki, Franje Eron va yo‘q bo‘lgan Bashar rejimidan iborat mehvar-o‘qning erkatoyi bo‘lgan. Keyinroq u konsensusga erishish maqsadida o‘z nomzodini olib tashlashini e’lon qildi.
Eron mehvari tarafdorlari (uning hizbi hamda Amal harakati) Jozef Aunga ovoz berishmadi va u uchdan ikki qism (86 ovoz)ni ololmagani sababli saylov barbod bo‘ldi. U birinchi majlis doirasida parlament fraksiyalari bilan yig‘in o‘tkazdi va shundan so‘ng fraksiyalar ikkinchi majlisda uning nomzodini yoqlab ovoz berishdi va u 99 ovozga ega bo‘ldi. Jozef Aunga aynan ikkinchi majlisda ovoz berishdan maqsad – agar Eron hizbi va Amal harakatining ovozlari bo‘lmaganda, Jozef prezidentlikka erisholmasdi, degan xulosani ko‘rsatib qo‘yish bo‘lgandi. Albatta bunda «Eronga tobe kimsalarning nufuzi hamon mavjud va ular saylovlarga ta’sir qila oladi», degan ayrim ma’nolar ham yo‘q emas. Ularda saylovni bekor qilish imkoniyati bo‘la turib, bundan foydalanmaganliklari ularning ortga chekinganlarini anglatadi.
2025 yil 13 yanvar kuni Livan yangi bosh vazirligiga nomzod qilib Navaf Salamni taklif etildi. U ushbu lavozimga siyosiy kompromiss figurant sifatida ilgari surildi. Chunki u Eron hizbi va ittifoqchilari nomzodi Najib Mikati ham, Eron hizbi muxoliflari bo‘lmish Samir Ja’ja partiyasi nomzodi Muad Maxzumiy ham emas. Shunday qilib, Navaf Salam Livan bosh vaziri etib tayinlandi.
Navaf Salam nomzodi Livanda Eron hizbi va u bilan koalitsiya tuzgan kuchlar tomonidan Sa’d Haririyning 2019 yildagi iste’fosidan keyin rad etilgan edi. O‘sha paytda Eron hizbi uni «Qo‘shma Shtatlar nomzodi» deb atagan va Hasan Diab bosh vazir qilib tayinlangan edi. Eron hizbi Navaf Salam nomzodini o‘sha yilning o‘zida, 2019 yil 4 avgustda Bayrut porti portlatilganidan keyin yana qayta rad qilgandi.
Bu tanlov Eron hizbini va Amal harakatini g‘azablantirgani ko‘rinib turibdi: (Al-Jazira kanali muxbirining 2025 yil 13 yanvar kungi xabariga ko‘ra, parlamentdagi Hizbulloh fraksiyasi Livan hukumati raisligiga bironta nomzodni ko‘rsatmadi. «Hizbulloh fraksiyasi» deputatlari hukumat raisligiga nomzod ko‘rsatish uchun Livan prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazganlari ortidan bu hizb deputati Muhammad Hasan Ra’d afsuslanish bildirib, «ba’zilar bu fraksiyani yiroqlatishga va bekor qilishga harakat qilmoqda», dedi. U jurnalistlarga bergan intervyusida quyidagilarni qo‘shimcha qildi: «Biz respublika prezidenti bilan uchrashuvimiz chog‘ida ijobiy qadam tashladik, lekin uzatilgan qo‘lni ko‘rmadik». Uning ta’kidlashicha, bu partiya vatan manfaatini ko‘zlab, sokinlik va hikmat bilan ish yuritmoqda. Hizbullohga yaqin manbaning bildirishicha, ushbu hizb va uning ittifoqchisi bo‘lmish parlament spikeri Nabih Berri boshchiligidagi Amal harakati hukumat raisligiga yana Miqoti nomzodini ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlagan. Ayni manbaning izoh berishicha, Miqoti nomzodini yana ko‘rsatish Saudiyaning Livanga yuborgan vakili Yazid ibn Muhammad ibn Fahd Oli Farhon bilan erishilgan kelishuvning bir qismidir. Bu kelishuv Hizbulloh va Amal harakatining o‘tgan payshanbada Aunning prezident qilib saylanishiga olib kelgan). Bi-Bi-Si 2025 yil 13 yanvarda parlamentdagi Eron hizbi fraksiyasi boshlig‘ining xuddi shu ma’nodagi so‘zlarini keltiradi. Unga ko‘ra, Aun nomzodining yana ko‘rsatilishi «Saudiyaning Livandagi vakili bilan erishilgan kelishuvning bir qismi bo‘lib, u Hizbulloh va Amal harakatining Aunni prezident etib saylashiga olib keldi».
Ikkinchidan: Livanda ishlar shu tarzda borib, parlament yangi prezidentni sayladi, yangi bosh vazir ham tayinlandi. Diqqat bilan qarasak, quyidagilarni topamiz:
Amerika Livandagi yangi siyosiy siljishlardan to‘liq rozi ekanligini ko‘ramiz. Yanada aniqroq aytsak, ushbu siljishlarga uning o‘zi bosh-qosh bo‘lmoqda. Prezident Bayden bir bayonotda: («Uni Livan prezidenti etib saylangani bilan tabriklayman» dedi. U so‘zida davom etib, bunday dedi: «Prezident Aun Livan va (Isroil) dushmanlik harakatlarini to‘la to‘xtatishni amalga oshirayotgan bir paytda, shuningdek, yuz minglab kishilar o‘z uylariga qaytishi va Livan rekonstruksiya qilinib, qayta tiklanishi sharoitida qat’iyatli boshqaruv yuzaga kelishini ta’minlaydi. Men prezident Aunga ishonaman. Uning ayni shu davrga munosib rahbar ekanligiga qattiq ishonaman. CNN Arabiy, 2025 yil 9 yanvar). Amerikaning Saudiyadagi malayi Muhammad ibn Salmon ham uni tabrikladi. (Al-Hurra, 2025 yil 9 yanvar).
Demak, shunday qilib Livandagi yangi siyosiy siljishlar uning ustidagi xalqaro kurashga hech bir aloqasi yo‘q. Chunki Livan Eron mehvarining bir qismi sifatida ko‘riladigan Mishel Aun prezidentligi davrida ham Amerika changalida bo‘lib keldi. Hozirgi prezident Jozef Aun 2017 yilda Amerika malayi Mishel Aun tomonidan armiya qo‘mondoni qilib tayinlangan edi. Shu ma’nodaki, hozirgi prezident Jozef Aun aslida Amerika malaylari «qozoni»dandir. Birgina bu emas, balki Amerika 2020 yilda prezidentlik lavozimi bo‘shab qolishidan oldin ham, keyin ham Livan armiyasiga harbiy yordamlarni ko‘rsatib kelgan edi. Ya’ni Amerika armiya qo‘mondoni Jozef Aun bilan mustahkam aloqada bo‘lib kelgan. Bu halqadan Navaf Salamni ham chiqarish mumkin emas. Chunki u hayotini fransuz va Amerika universitetlarida ta’lim olib, dars berib o‘tkazdi, xalqaro muassasalarda ishladi va oxirgisi xalqaro sud raisi mansabida ishlashi bo‘ldi.
Bu bilan aytish mumkinki, Amerika bugun Livanda o‘zining o‘yin qoidalarini o‘zgartirmoqda. Chunki u ilgari nufuzini mustahkamlash uchun Eron va uning mehvariga, Livandagi Eronga tobe kuchlarga tayanib kelardi, bugun esa teskarisini qilib, siyosiy sahnaga yangi shaxslarni olib chiqish maqsadida ayni o‘sha Eronga tobe kuchlarni maydondan chetlatmoqda. Demak, Livan Amerika changalida bo‘lib keldi va hamon shunday bo‘lib qolmoqda. Amerika qiyofa va shaklni o‘zgartirmoqda xolos.
Yevropaga tobe kuchlarga kelsak, ular o‘zlarining alanga kuchi Amerika alangasiga nisbatan kamroq ekanini yaxshi biladi. Masalan, Fransiya beshlik komissiyasida ishtirok etib, 2023 yildan, ya’ni Jozef Aun nomzodi prezidentlikka Qo‘shma Shtatlar va Saudiyaning har ikkisi tomonidan ilgari surilganidan buyon rad etib keldi. (Arabiy Jadid, 2023 yil 22 sentyabr). Biroq Fransiya oxir-oqibat uni qabul qilishga majbur bo‘ldi. Boshqa tomondan esa yevropaliklar prezidentni o‘zlariga tobe qilish uchun zarur bo‘lgan nufuzni qo‘ldan boy berishmoqda. Chunki parlamentdagi eng katta nasroniy fraksiya boshlig‘i Samir Ja’ja nomzodi ko‘rsatilishiga Eron hizbi tomonidan qattiq qarshilik fonida hatto prezidentlikka nomzodini qo‘yishga bo‘lgan istagini ham bildirmadi. Eron hizbi bunday degandi: (Samir Ja’jadan boshqa har qanday ismga qarshi veto qo‘yish yo‘q. Chunki uning loyihasi Livanni vayron qiladi. Sharqul Avsat, 2025 yil 6 yanvar). Eron hizbi Fuad Maxzumiy nomzodi bosh vazirlikka ko‘rsatilishini ham rad etdi. Uning nomzodini muxolif partiyalar ko‘rsatgan edi. (RT, 2025 yil 13 yanvar). Shuning uchun ham demak, Yevropaga tobe kuchlar Livandagi uchala rahbariyatdan hech qaysi birini egallashga qodir emas. Shu sababli ham bu mansablar Amerikaga tobe kuchlarning qo‘lida qolaveradi.
Biroq yevropaliklar Livandagi yangi siyosiy siljishlarni qabul qilishmoqda. (Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron o‘zining (X) tvitterdagi sahifasida, Aunni Livan prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi. Makronning fikr bildirishicha, bu saylovlar «islohotlar hamda Livan suvereniteti qayta tiklanishi va gullab-yashnashiga yo‘l ochadi. Al-Hurra, 2025 yil 10 yanvar). Fransiya prezidentining bu so‘zlari Yevropa kuchlarining holatini va ularning Livandan Eron ta’siri yiroqlatilganidan xursand ekanini aks ettirib turibdi. Ya’ni bu kuchlar o‘z istaklarining bir qismi amalga oshganligi bilan kifoyalanmoqda. U istak Livanni Erondan yiroqlatish edi. Bu kuchlar Livanda prezident mansabi bo‘shab qolganidan keyin u yerdagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha tuzilgan beshlik komissiyasi tarkibida bo‘lishning o‘zi bilan kifoyalanmoqda. Fransiya unda Amerika, Misr va Saudiya yonida turib, Qatar esa inglizlar manfaatlarini aks ettirib ishtirok qiladi.
Bu shuni ko‘rsatadiki, Amerika bugun Livanda xalqaro gegemon o‘yinchidir. Qiyofa va shakllarni o‘zgartirib, almashtirayotgan ham u bo‘ladi. Yevropaliklar esa bularning qarshisida Livandan Eron ta’sirining ko‘tarilishi bilangina cheklanishmoqda.
Uchinchidan: Livanning ichki va tashqi qiyofasi o‘zgarishi haqida gapiradigan bo‘lsak, u quyidagi ishlarda aniq-ravshan ko‘rinadi:
Livanning ichkarisiga kelsak, kuchli ehtimol shuki, Eron hizbi qurol-aslahasiga qarshi cheklovlar yanada kuchayadi. Shuning uchun avvallari doim Livan rahbariyati intervyu va bayonotlarida tilga olinadigan «qarshilik harakati» degan so‘z yangi prezident intervyu va bayonotlarida yangramaydigan bo‘lib qoldi:
a) (Livandagi ichki urushdan keyin, sobiq davrga xos bo‘lgan an’anaviy chiqishlar aksi o‘laroq Aunning nutqida qator aniq-ravshan murojaatlar keldi. Ularning eng ko‘zga ko‘ringani «davlatning qurol-aslaha borasidagi huquqini mustahkamlash» zarurligini ta’kidlashi bo‘ldi. Aun uni Livan suverenitetini kuchaytirishning asosiy tamoyili sifatida ta’kidladi. Al-Hurra, 2025 yil 10 yanvar). (Aun o‘z nutqida bunday dedi: Livan davlati – takror aytaman, Livan davlati – kelgusida Isroil bosqinidan albatta xalos bo‘ladi. CNN Arabiy, 2025 yil 10 yanvar).
b) (Navaf Salam axborot vositalarida sizdirilgan an’anaviy partiyalarga mansab portfellari taqsimlash hamda Hizbulloh va Amal harakati qo‘ygan shartlar bo‘yicha ish yuritishga, xususan, bu ikkalasiga moliya vazirligini berish haqida to‘xtalib o‘tdi va mana bularni qo‘shimcha qilib, o‘zining «qaysidir guruhga qandaydir portfelni berish majburiyatini olmaganligini, moliya portfeli ham boshqa vazirliklar kabi biror toifaning monopoliyasi emasligini» aytdi. Va uning hukumati 24 vazirdan iborat bo‘lishini juda-juda xohlayotganini ta’kidlab o‘tdi… Arabiy Jadid, 2025 yil 21 yanvar).
Livanning tashqi qiyofasiga kelsak, bu jarayonni yaxshilab o‘rganilsa, quyidagilar ko‘zga tashlanadi:
a) Odatiy holga zid o‘laroq, prezident va bosh vazirning saylanishida Eronning hech qanday roli ko‘rinmadi, aslida bu rol Eronning Livandagi hizbi pozitsiyalari ortida mavjud bo‘lsa ham. Chunki Eron hizbi o‘z koalitsiyalari bilan bir bo‘lib, bu jarayonlarni barbod qilishlari mumkin edi. Lekin bunday qilishmadi. Demak, Amerika bosh-qosh bo‘lib va inqilob, deb atagan bu o‘zgarishlar Eronning zimdan rozilik berishi bilan bo‘lmoqda. Chunki chindan ham Eronning nufuzi arab mintaqasidan chetlatilmoqda. Amerika Suriyadagi yechim vakolatini Turkiyaga berdi va Rossiyani Suriya masalasini hal qilish jarayonidan butunlay chiqarib yuborgani kabi Eronni ham undan chetlatdi. Demak, bu – Amerikaning mintaqadagi yangi siyosati bo‘lib, u Livanda ham xuddi shuni amalga oshirdi. Binobarin, bu faqat Bayden ma’muriyati siyosati bo‘lib qolmay, yangi ma’muriyatning qarashi ham ayni shuning o‘zi bo‘ladi. Amerika buni Suriya va Livanda chuqurlashtirishga va Iroqqa qadar yoyishga harakat qiladi. Amerikaning bu siyosati yahudiy vujudi istagiga to‘liq mos keladi. Bu siyosat Bayden ma’muriyati yahudiy vujudiga, uni Livanda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga undagan paytda bergan va’dalari jumlasidan bo‘lishi ko‘proq ehtimol.
b) Aniqki, Livanning yangi prezidenti Amerika uni bu bosqichda Livan qiyofasida katta o‘zgarishlar qilish uchun olib kelganini tushunib turibdi. (Prezident Aun qasamyod qilish chog‘idagi nutqining boshida «janob deputatlar meni Livan respublikasi prezidenti etib saylash bilan menga ehtirom ko‘rsatdilar. U men ko‘tarib yuradigan eng katta orden va eng ulkan mas’uliyatdir. Men birinchi yuz yillikdan keyin buyuk Livan davlatini qurish uchun birinchi prezident bo‘ldim. Prezident bo‘lishim koalitsiyalar yemirilib, rejimlar qulagan va chegaralar o‘zgarib ketishi mumkin bo‘lgan O‘rta Sharq zilzilasi epitsentrida ro‘y bermoqda». Indipendent Arabiya, 2025 yil 11 yanvar). Shu manbaning o‘ziga ko‘ra, u (ya’ni Aun) xorijga qiladigan birinchi safarida Saudiyaga yo‘l olmoqchi. «Livan prezidenti Jozef Aun shanba kuni o‘zining xorijga qiladigan birinchi safari Saudiyaga bo‘lishini va bu taklifni valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmondan, u bilan telefon orqali so‘zlashgan chog‘ida olganini aytdi».
v) Bularning barchasidan shu narsa ham aniq ko‘rinib turibdiki, Amerika bu safar Livan masalasini Saudiyaga yuklayapti. Oldingi gal uni Eronga yuklagan edi. Shuning uchun Livan ishlarida Saudiyaning roli yaqqolroq ko‘zga tashlanadigan bo‘ladi, qayta tiklash ishlarida ham uning hissasi ko‘proq kuzatiladi. Ayniqsa, Eronning unga qarshi Tramp ma’muriyati joriy qiladigan yangi tijoriy va moliyaviy bosimlarga bo‘ysunishi kutilayotgan ekan, demak, Saudiya Livanda Eronning o‘rnini bosuvchi muqobil tomon bo‘lishi tabiiydir. Saudiya siyosiy jihatdan ham, Livanni qayta tiklashni moliyalashtirish jihatidan ham, Livan armiyasini kuchaytirish va Eron hizbini qurolsizlantirishni yengillatish uchun davlatni qo‘llab-quvvatlash jihatidan ham shunday muqobil tomon bo‘ladi. Bu esa Livanni yahudiy vujudi bilan aloqalarni normallashtirish sari sudraydi. Ayniqsa, Amerika prezidenti Tramp Saudiyaning yahudiy vujudi bilan aloqalarni normallashtirishini tezlatayotgan bir pallada…
To‘rtinchidan: bu qo‘rqinchli holat Livanda va uning atrofida davom etishi kutilmoqda. Bu holat to Alloh Taolo va’da qilingan ishni keltirguniga qadar davom etadi. O‘shanda Islom davlati, Xalifalik davlati qurilib, bu siyosiy kuchlarning barchasi Livan va uning atrofidan bug‘dek yo‘q bo‘lib ketadi. Ular bilan birga yahudiy vujudi ham xuddi Suriyadagi Asad rejimi kabi yo‘q bo‘ladi. O‘shanda Shom yeri ilgarigi doimiy holatiga qaytib, butun Islom Ummatining urib turuvchi yuragiga aylanadi. Biz o‘zimiz boshimizdan kechirayotgan mana bu zo‘ravon boshqaruvlar tugab, Xalifalik yangidan tiklanishiga qat’iy aminmiz, bundan xotirjammiz.. Ahmad Huzayfadan bunday deganini chiqardi: Rosululloh ﷺ dedilar:
«ثُمَّ تَكُونُ مُلْكًا جَبْرِيَّةً، فَتَكُونُ مَا شَاءَ اللهُ أَنْ تَكُونَ، ثُمَّ يَرْفَعُهَا إِذَا شَاءَ أَنْ يَرْفَعَهَا. ثُمَّ تَكُونُ خِلاَفَةً عَلَى مِنْهَاجِ النُّبُوَّةِ. ثُمَّ سَكَتَ»
«So‘ng zolim-zo‘ravon podshohlik bo‘ladi va u Alloh xohlagancha davom etadi. So‘ng Alloh O‘zi xohlaganda uni ko‘taradi. So‘ng payg‘ambarlik minhoji asosidagi Xalifalik bo‘ladi». Xalifalik qaysi joyda tiklanmasin, u Shomga albatta yetib borib, unda qaror topadi. Tabaroniy Salama ibn Nufayldan shunday deganini chiqardi: Rosululloh ﷺ dedilar:
«عُقْرُ دَارِ الإِسْلامِ بِالشَّامِ»
«Islom diyorining markazi Shomda bo‘ladi».
Xalifalik yahudiylarga qarshi jang qilib, ularning Muborak Yerni bosib olgan vujudini yo‘q qiladi va butun Falastinni Dorul Islomga qaytaradi… Ertangi kun esa uni kutayotganlar uchun yaqindir.
Lekin Allohning sunnat-qonuniyati – biz tek o‘tiramizu xalifalikni bizga tiklab beradigan va dushmanga qarshi jang qiladigan maloikalarni samodan tushirishni taqozo qilmadi. Aksincha, U Zotning maloikalari Robbilariga iymon keltirgan rijollarga, urushda sabr-bardoshli musulmon askarlarga madad berish va U Zotning nusrati haqida xushxabar berish uchun tushadilar. Bu nusrat ularning hidoyatini yanada ziyoda qiladi. Ular o‘z imomlari bilan kuchli bo‘lib, uning ortida turib, dushmanlariga qarshi jang qiladilar… Ana shundan keyin biz xushxabarga haqli kishilar jumlasidan bo‘lamiz.
﴿نَصۡرٞ مِّنَ ٱللَّهِ وَفَتۡحٞ قَرِيبٞۗ وَبَشِّرِ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ﴾
«U Alloh tomonidan bo‘lgan g‘alaba va yaqin(da ro‘y berguvchi) fathdir. (Ey Muhammad), mo‘minlarga (mana shu) xushxabarni yetkazing!» [Sof 13]
23 rajab 1446h
23 yanvar 2025m