Milliarderlarning umumiy boyligi uch barobar ko‘paydi
Dunyodagi milliarderlarning umumiy boyligi 2023 yilga nisbatan uch barobar ko‘paydi. Bu haqda “Oksfam” tashkilotining 20 yanvardagi hisobotida ma’lum qilindi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, inqiroz davrida eng ko‘p foydani o‘ta boy insonlar ko‘radi. O‘tgan yili o‘rtacha hisobda har bir milliarderning boyligi kuniga 2 millionga ko‘paygan. Eng boy 10 kishidagi bu ko‘rsatkich esa 100 million dollarni tashkil qilgan. Shuningdek o‘tgan yili dunyoda har hafta to‘rtadan milliarder yuzaga kelgan. 2024 yilda milliarderlarning umumiy soni 204 kishiga ortib, 2769 nafarga yetdi. Ayni paytda, dunyoda ochlikdan aziyat chekayotganlar soni 733 mln. tashkil etmoqda.
Qirg‘izistonda uch yil avval aholi orasidagi eng boy qatlam kambag‘allarga nisbatan 5 barobar ko‘p daromad olgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatgich 10 barobardan oshgan.
Bunga muqobil ravishda, Islomda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi farqni kamaytiradigan iqtisodiy siyosat mavjud. Islom boylikni bir joyga jamlamaslikni va uning jamiyatning barcha tabaqalari o‘rtasida taqsimlanishini ta’minlashni maqsad qiladi. Bu zakot tizimi orqali amalga oshadi.
Zakot – bu boylarning yillik daromadidan bir qismini (2,5%ni) kambag‘al va muhtojlarga ajratib berish mexanizmidir. Bu mexanizm jamiyatning eng zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlaydi va boylikning bir hovuch odamlar qo‘lida to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Zero, zakot faqat Qur’onda tilga olingan 8 toifa kishilarga beriladi. Bunday bevosita yordam berish ijtimoiy tenglik muhitini paydo qiladi. Alloh Taolo aytadi:
إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ وَاِبْنِ السَّبِيلِ
“Albatta, sadaqalar (ya’ni, zakotlar) faqat faqirlarga, miskinlarga, sadaqa yig‘uvchilarga, ko‘ngillari (Islomga) oshna qilinuvchi kishilarga, bo‘yinlarni (qullarni) ozod qilishga, qarzdor kishilarga va Alloh yo‘lida (ya’ni, jihodga yoki hajga ketayotganlarga) hamda yo‘lovchi musofirlarga berilur”. (09:60).
Qolaversa, Islomda boylar nafaqat o‘z manfaatlarini ko‘zlashi, balki jamiyat hayotini yaxshilash uchun javobgar bo‘lishi kerak. Ular ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish, faqirlarga yordam berish va infratuzilmani rivojlantirish orqali xalqning turmush sharoitini yaxshilashi mumkin.
Bunday siyosat hozirda xalq mulkiga egalik qilib, xalqning yelkasiga og‘ir yuklar yuklayotgan kapitalistlarning zulmiga yo‘l qo‘ymaydi. Balki bu siyosat tufayli zakot yuklangan karvonlar butun yurtni kezib, zakot oladigan bironta kambag‘alni topolmagan jarchilar “Kim uylanishni istasa, kelinning mahrini biz beramiz”, “Kimning zimmasida qarzi bo‘lsa, uni biz to‘lab beramiz”, “Kim hajga bormoqchi bo‘lsa, xarajatlarini biz ko‘taramiz”, deya ko‘chalarni aylanib, jar soladi.
Mumtoz Mavarounnahriy