Allohning rahmati g‘azabidan ustundir

0
9

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Hadisi Sharif bilan

Allohning rahmati g‘azabidan ustundir

Aziz muxlislar, “Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

Imom an-Navaviy «Sahihi Muslim»ga yozgan sharhida “Allohning rahmati g‘azabidan ustundir” bobida shunday deydi:

حدثنا قتيبة بن سعيد حدثنا المغيرة يعني الحزامي عن أبي الزناد عن الأعرج عن أبي هريرة، أن النبي صلى الله عليه وسلم قال:” لما خلق الله الخلق، كتب في كتابه فهو عنده فوق العرش، إن رحمتي تغلب غضبي“

Qutayba ibn Said bizga Abu Hurayradan rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Alloh Taolo maxluqotlarni yaratgan paytda Arshning ustidagi O‘zining xuzurida bo‘lgan kitobga – Mening rahmatim g‘azabimdan ustundir – deb yozib qo‘ydi”.

Alloh Taoloning: “إن رحمتي تغلب غضبي”  “Albatta, Mening rahmatim g‘azabimdan ustundir”, degan so‘zlari va yana boshqa rivoyatda kelgan “سبقت رحمتي غضبي” “Mening rahmatim g‘azabimdan o‘zib ketdi” degan so‘zlari haqida ulamolar shunday deyishgan: “Alloh Taoloning g‘azabi va roziligi, U Zotning irodasi ma’nosi bilan bog‘liqdir. Allohning itoatkorni mukofotlash va bandaga foyda keltirish irodasi U Zotning roziligi va rahmatidir. Gunohkorni azoblash irodasi esa U Zotning g‘azabidir. Alloh Taoloning barcha irodasi U Zotning azaliy sifatidir… Bu yerda “ustundir” va “o‘zib ketdi”, degan so‘zlar Allohning keng rahmati va hamma narsani qamrab oluvchi marhamatidan darakdir. Lug‘aviy ma’noda “birovga marhamat ko‘rsatdi”, deyilganda, juda kechirimli sifati nazarda tutiladi”.

Aziz birodarlar!

Avvalo, maxluqotlar orasida bizni inson qilib yaratgani uchun Allohga hamdlar bo‘lsin!

Ikkinchidan, bizni Islom ne’mati bilan siylagani uchun Allohga hamdlar bo‘lsin!

Uchinchidan, da’vatni ko‘tarib chiqish ne’matiga muyassar qilgani uchun Allohga hamdlar bo‘lsin! Allohga qasamki, Alloh Taolo bizlarni yaratib, O‘zining to‘g‘ri yo‘liga hidoyat qilgani buyuk rahmatdir. Ba’zi odamlar dunyo va oxiratda nafslarini yomonlikdan saqlamay, o‘zlariga rahm qilmaganliklari uchun ular bu rahmatdan mahrumdirlar. Nafsiga rahm-shafqat qilgan kishi gunohlar va yomonliklardan uzoq bo‘lib, itoat bilan Allohga yaqinlashadi. Qanchadan-qancha odamlar o‘zlariga zulm qilib, inson chiqargan boshqaruv nizomiga ergashib ketdi va ularga bo‘ysunib, baxtsiz bo‘ldi. Shariat toshbag‘irlik va shafqatsizlikdan ogohlantirib, o‘zgalarga rahm-shafqat ko‘rsatmaydiganlarni badbaxt deb hisobladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam

 “لا تنزع الرحمة إلا من شقي”

“Rahm-shafqat baxtsiz insonlardangina tortib olinadi”, dedilar:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir ayol mushuk tufayli jahannamga kirganini aytdilar. Shunday ekan, Shomda bo‘lgani kabi musulmonlarni vahshiylarcha o‘ldirganlar haqida nima deyish mumkin? Albatta, Alloh Taolo bunday kishilarga rahm qilmasligiga shubha yo‘q. Aksincha, ularga Allohning g‘azabi bo‘ladi. Allohga iymon keltirgan va U Zotning yerida U Zotning shariatini o‘rnatishga intilganlarga esa, Allohning rahmati yoziladi. Alloh Qur’on orqali yer yuzida O‘zining rahmatini topishga intilganlar bilan birgadir.

Allohim, bizlarni solih amal qiluvchilardan va yaxshilikka quloq solib, uning eng yaxshisiga ergashuvchilardan qilgin. Amin.

Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

28 Jummadus Saani, 1446h yil.

30 Dekabr,                 2024m yil.

Izohlar yo'q