بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hadisi Sharif bilan
Kishi o‘z do‘stining dinidadir
Aziz muxlislar, “Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: الرَّجُلُ عَلَى دِينِ خَلِيلِهِ فَلْيَنْظُرْ أَحَدُكُمْ مَنْ يُخَالِلُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kishi do‘stining dinida bo‘ladi, sizlardan har biringiz kim bilan do‘stlashayotganiga qarasin!”, dedilar.
Jomi ut-Termiziyning sharhi «Tuhfatul Ahvaziy» kitobida shunday deyiladi:
(الرَّجُلُ) “erkak do‘st” degan ma’noni ifodalaydi.
“Do‘stining dinida” degani, odatda, do‘stining xatti-harakati bo‘yicha va uning yo‘lidan yuradi degan ma’noni anglatadi.
“Sizlardan har biringiz kim bilan do‘stlashayotganiga qarasin!”, ya’ni o‘ylab ko‘rsin.
Do‘st bo‘lish – bu do‘stlik, birodarlik, hamrohlik demakdir. Kim bir kishini do‘st tutayotgan bo‘lsa, demak uning dinidan va fe’l-atvoridan rozi bo‘lganini bildiradi. Shuning uchun yaxshi yoki yomon fe’l-atvor bir do‘stdan ikkinchisiga o‘tishi mumkin bo‘lgan sifatlar sirasiga kiradi.
Imom G‘azzoliy aytadilar: “G‘ayrati kuchli bo‘lganlar bilan o‘tirish kishini harakatga undaydi”. Sustkashlar bilan o‘tirish esa hayotda kishini tarkidunyochilikka undaydi. Chunki tabiat taqlid qilish, ibrat olish uchun yaratilgan. Shuning uchun tabiat sezmagan holda boshqa tabiatdan o‘g‘irlaydi.
Al-Qarafiy aytadi: “Hamma ham yo‘ldosh, hamroh bo‘lishga yoki yonma-yon yurishga loyiq emas”.
Alkama aytadi: “Agar do‘st bo‘lsang, seni ko‘kartiradigan odam bilan do‘st bo‘l. Boshinga kulfat tushsa, u sen uchun qayg‘uradi, xato gapirsang so‘zingni tuzatadi. Sendan yaxshilik ko‘rsa oshiradi, yomonlik ko‘rsa yashiradi. Agar senda kamchilik ko‘rsa, uni bekitadi, fazilat ko‘rsa, uni ko‘paytiradi. Agar so‘rasang, beradi. Musibatga yo‘liqsang, senga taskin beradi. Do‘stning eng past darajasi – undan senga yomonlik kelmaydigani va uning yo‘li sening yo‘ling bilan kesishmaganidir”.
Shayx Ahmad ibn Ato aytadi: Qarshi fikrli odam bilan o‘tirish ruhning yo‘qolishga olib keladi. Hamfikr odam bilan o‘tirish esa, ongning rivojlanishi va o‘sishini ta’minlaydi. Birga o‘tirishga yaraydigan kishilarning hammasi ham do‘st bo‘lavermaydi. Do‘st bo‘lishga yaroqli kishilarning hammasi ham sirdosh bo‘lavermaydi. Sirlarni faqat omonatli, ishonchli kishilargagina aytish mumkin.
Aziz birodarlar!
Hozirgi kunda ba’zilar o‘zlarining yoki farzandlarining ahvoliga qayg‘u va afsus bilan qarashadi. O‘zi yoki farzandlari qanday qilib bu darajaga yetganiga hayron qoladi. Bu vaziyatdan qanday qutilaman, deb o‘ziga o‘zi savol beradi. Ammo o‘rtoqlari va do‘stlarining kimligiga e’tibor bermaydi. Yuqorida aytib o‘tilganlar ushbu holatning muhimligini tushuntirish uchun aytildi. Bunday vaziyatga duch kelgan har bir kishi shuni yaxshi bilishi kerakki, u o‘z ahvolini yaxshilash uchun avvalambor, Allohga itoat qilishiga yordam beradigan yaxshi do‘stlar izlashi kerak. Alloh Taolodan bizni doimo solih insonlar bilan birga qilishini so‘raymiz.
Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
17 Jummadus Saani, 1446h yil.
19 Dekabr, 2024m yil.