Ikki yil Islomsiz boshqaruv: ilohiy omonatga xiyonat

0
20

Matbuot bayonoti

Ikki yil Islomsiz boshqaruv: ilohiy omonatga xiyonat

Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim 2024 yil 23-24 noyabr kunlari o‘z boshqaruvining ikki yilligi munosabati bilan Kuala-Lumpurdagi konferensiyalar zalida «ikki yillik fuqarolik hukumati dasturi (2TM) va milliy davlat xizmati islohoti bo‘yicha 2024 yil konferensiyasi»ni o‘tkazdi. Turli davlat xizmatlari bir tom ostida namoyish etilgan tadbirda 30 dan ortiq stendlarda xizmat va mahsulotlar aholiga taklif etildi. 200 mingdan ziyod kishi qatnashgani e’tiboridan, tadbir «muvaffaqiyatli», deya da’vo qilindi. Bundan tashqari, Anvar Ibrohim shahar hokimligida yig‘ilish o‘tkazib, o‘zining fuqarolik hukumati davrida erishgan yutuqlari va tashabbuslarini ta’kidladi hamda tanqidlarga to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, o‘zining CNN telekanalidagi bahslarga sabab bo‘lgan intervyusi, yahudiy vujudining mavjudligi, xususiy kompaniyalar tomonidan moliyalashtirilgan o‘zining xorijiy safarlari haqidagi tanqidlarga javob berdi.

Ey Malayziya bosh vaziri!

Siz yutuqlaringizni qanchalik ko‘p sanab chiqmang, xalq o‘zining ikki yil ichida nimalarni boshdan kechirganidan to‘liq xabardor. Siz shu mansab uchun o‘nlab yil kurashdingiz va xalqqa go‘yo osmondagi oy va yulduzlarni olib berishni va’da qildingiz, xalq shu va’dalaringizga ishondi. Biroq, ikki yillik ma’muriyatingizdan so‘ng xalq hukumatingizning qandayligini va va’dalaringizning puchligini avvalgidan ham yaxshi anglab yetdi.

Shuning uchun sizning muddatingizdagi hal qiluvchi mana shunday bir lahzada Alloh Taoloning sizga bergan bu hokimiyati bir omonat bo‘lib, siz bu omonatga loyiq bo‘lishingiz lozimligini eslatib o‘tmoqchimiz. O‘z ahkomlarini to‘liq tatbiq etishingiz va dinini butun olamga yoyishingiz uchun sizni bu mavqega olib kelgan Allohdir. Sizning vazifalaringizdan biri bu demokratik mustamlakachilik tuzumini tubdan yo‘q qilib, o‘rniga Xalifalikni barpo etishdir. Bu omonat sizga rahbar sifatida Alloh Subhanahu va Taolo tomonidan berilgan amaliy mas’uliyatdir. Bosh vazirlik mansabini ko‘tarishga rozi bo‘lish bilan siz yeru osmon va tog‘lar ko‘tarishdan bosh tortgan og‘ir omonatni ko‘tarishga rozi bo‘ldingiz. Alloh Taolo aytadi:

﴿إِنَّا عَرَضۡنَا ٱلۡأَمَانَةَ عَلَى ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِ وَٱلۡجِبَالِ فَأَبَيۡنَ أَن يَحۡمِلۡنَهَا وَأَشۡفَقۡنَ مِنۡهَا وَحَمَلَهَا ٱلۡإِنسَٰنُۖ إِنَّهُۥ كَانَ ظَلُومٗا جَهُولٗا﴾

«Albatta Biz bu omonatni (ya’ni Islom shariatini tatbiq etishni) osmonlarga, yerga va tog‘u toshlarga ko‘ndalang qilgan edik, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Inson esa uni o‘z zimmasiga oldi. Darhaqiqat u (o‘ziga) zulm qilguvchi va nodon edi (ya’ni bu omonatning naqadar vazmin yuk ekanligini butun koinot bildi va uni ko‘tarishga qurbi yetmasligini sezdi, ammo inson o‘zi bilmagan holda o‘ta mushkul vazifani o‘z zimmasiga oldi)»                                                                           [Ahzob 72]

Ey Malayziya bosh vaziri!

Achinarlisi, Alloh Subhanahu va Taolo nima sababdan sizni bu mansabga qo‘yganidan yo ko‘z yumyapsiz yoki o‘ylamayapsiz. U sizga yo sharafni yoki sharmandalikni qozonish imkonini beryapti. Qachon bu omonatni Allohning ahkomlarini tatbiq etish orqali ado etsangiz, bu dunyo va oxirat sharafiga noil bo‘lasiz. Ammo omonatga xiyonat qilsangiz ikki olamda sharmandalik va xorlikka giriftor bo‘lasiz. Bas, tanlash sizda. Alloh Subhanahu va Taolo bu omonat bilan birga, shuningdek, qattiq ogohlantirmoqda. Ya’ni omonatni avaylab asramasangiz, fosiqlar yoki zolimlar qatoriga qo‘shilasiz, qilgan xiyonatingiz iymonga aloqador bo‘lsa, kofirlar safidan joy olasiz.

Ey Malayziya bosh vaziri!

Siz bu hokimiyat kursisiga o‘tirib olib, Alloh Subhanahu va Taolo bergan mansabdan xotirjam nafas olayotgan ekansiz, sizga maslahatimiz – o‘tgan ikki yilni omonatga vafo qilib o‘tkazdimmi yoki xiyonat qilibmi, deb sarhisob qilib ko‘ring. Buning javobini siz ham yaxshi bilasiz, biz ham yaxshi bilamiz, ammo bizning ishonchimiz komil. Siz o‘tgan boshqaruvingizni umumiy suratda yaxshi qilib ko‘rsatib, maqtanyapsiz, holbuki, mutlaqo buning ahamiyati yo‘q, balki siz Allohning nazaridagi o‘rningizni yaxshi qilishga qancha sa’y-harakat qildingiz, eng ahamiyatlisi mana shu. Unutmang, kuch-quvvatingiz albatta tugaydi. Shu bois zimmangizdagi ilohiy omonatni e’tiborsiz tashlab qo‘ymasligingiz kerak. Tarix Alloh Azza va Jalla hatto eng kuchlilardan ham hokimiyatni tezda qaytarib olgani to‘g‘risidagi misollar bilan to‘la. Ba’zilar Robbisiga xiyonat yukini zimmasiga ko‘targan holda yo‘liqdi, ba’zilari o‘z taqdirlarini kutib turishibdi.

Tarafdorlaringiz sizga maqtovlar yog‘dirishyapti. Bu maqtovlar sizni xotirjam bo‘lishga undamasligi kerak. Chunki bu Alloh Azza va Jallaning huzuridagi maqtov emas. Balki siz eslatmamizga quloq soling: butkul qutulish mana shu omonatni ado etishga va Allohning boshqaruvini to‘liq barpo etishga bog‘liq. Ammo o‘tgan ikki yil biz sizda faqat ushbu mas’uliyatga e’tiborsizlikni ko‘rdik! Qiyomat kunida Alloh Subhanahu va Taoloning huzurida hujjatga ega bo‘lishimiz va umringiz pushaymonlik bilan tugamasligi uchun ogohlantirib, eslatmoqdamiz. Rosululloh ﷺ ogoh etganlaridek, omonatini ado etmagan rahbarlik uyat va sharmandalikka uchramay qolmaydi.

Ey Malayziya bosh vaziri!

Sizdan oldin ham ko‘p bosh vazirlar kelishdi, ko‘plab siyosiy partiyalar hokimiyatga chiqishdi, lekin birortasi ham Alloh Taolo ularga bergan omonatga vafo qilmadilar. Aslida, bugungi kunda barcha islomiy yurtlardagi hukmdorlar ilohiy omonatga xiyonat qilishyapti, xiyonat qilish bilangina kifoyalanmay, balki ba’zan o‘z xalqlariga, ayniqsa, Allohning dinini qoim qilishga da’vat qilayotganlarga zulm qilishyapti.

Ey musulmonlar!

Siz hukmdorlaringizni yaxshi taniysiz. Ularning omonatni ado etayotgan yoki etmayotganlarini ham yaxshi bilasiz. Bas, siz xoin hukmdorlarni qo‘llab-quvvatlayotganlardan bo‘lmang. Aksincha, ushbu omonatni o‘zining shar’iy egasiga (xalifaga) qaytarish uchun kurashayotganlar bilan birga bo‘ling. Omonatning shar’iy egasi Allohning ahkomlarini keng miqyosda tatbiq qiladigan, Ummatni bitta soya ostida birlashtiradigan, Islom dushmanlarini mag‘lub etib, bosib olingan musulmon yurtlarini ozod qilib, yangi yerlarni fath qiladigan va yer yuzini Allohning nuri ila munavvar etadigan xalifadir. Ha, bu maqsadlar Xalifalik soyasida amalga oshgan va yaqinda Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik qayta barpo bo‘lishi bilan yana Allohning izni ila amalga oshadi.

 Abdulhakim Usmon

Hizb ut-Tahrirning

Malayziyadagi rasmiy notig‘i

Izohlar yo'q