Suriya hukumati quladi: Musulmonlar aldanib qolmasligi lozim
Musulmonlarning uzoq vaqt kutgan umidi amalga oshib, Suriya hukumati quladi. Bu kunga yetish uchun qanchalar qon to‘kildi, qanchadan-qancha qurbonliklar berildi, yarim milliondan ortiq odam halok bo‘ldi! Asad rejimining qulashi juda tez sodir bo‘ldi. Unga qarshi harbiy amaliyot noyabr oyining oxirida boshlanib, Shomning qo‘lga olinishi va rejimining qulashi bilan yakuniga yetdi.
AQSHning malayi bo‘lgan Asad sulolasi Suriyani ellik yildan ortiq boshqarib keldi. O‘tgan asrning 70-yillarida hokimiyatni egallab, o‘ziga xos zo‘ravonligi bilan tanilgan Hofiz Asad 2000 yilda vafot etganidan so‘ng hokimiyatga uning o‘g‘li Bashar Asad keldi. Bu paytlarda Suriya rejimi Livanga ta’sir o‘tkazishda, Iroqqa qarshi urushda va boshqa masalalarda Amerikaning mintaqadagi manfaatlarini amalga oshirib keldi. Shuning uchun ham Suriya rejimi Amerikaning mintaqadagi eng muhim qurollaridan biri hisoblanadi. Shu bois Amerika “arab bahori” deb atalmish qo‘zg‘olonlar sababli Suriya rejimini qulashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bor kuchi bilan harakat qildi. (Aslida “arab bahori” doirasidagi qo‘zg‘olonlar “Islom bahori” deb atalishi kerak edi. Chunki musulmonlar kapitalistik mustabid tuzumlarga qarshi bosh ko‘tarib, Islomni talab qilishdi. Biroq bu qo‘zg‘olonlarni Islomdan chalg‘itish va qo‘zg‘olonlarning Islom asosida rivojlanishini oldini olish uchun G‘arb unga “arab bahori” deb nom berdi).
2011 yilda Suriyada boshlangan qo‘zg‘olon tezda butun mamlakat bo‘ylab yoyildi. Odamlar Islomni talab qilib, Suriyaning diktator rejimiga qarshi namoyishlar uyushtirishdi. Bunga otasidan qolishmagan zolim Bashar Asad qirg‘inlar, qatliomlar, nomuslarni oyoq osti qilishlar va quvg‘inlar bilan javob berdi. Chunki Bashar Asad jinoyat sodir etishda chegara bilmas va jazodan qo‘rqmas edi. Buning sababi Amerika uni har qanday jiddiy jazodan himoya qilishni bilardi. Rejimning bunday qonli javobi tufayli odamlar qo‘liga qurol olib, harbiy qarshilikka o‘tdi. Natijada rejim nazoratidagi hududlar yanada qisqarib, mamlakat hududining atigi 20 foizi Asadning qo‘lida qoldi. Biroq o‘z malayi Bashar Asad o‘rniga muqobil kadr topa olmagan Amerika bir tomondan Rossiyani jalb qilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan mintaqadagi quroli bo‘lmish Eron rejimini (Eronga bog‘langan harbiy qismlarni) urishga tortib, ularni Suriya rejimiga yordam berish uchun ishga soldi. Yana bir tomondan, Turkiyani isyonchilar tarafida turishga undadi. Bu uch rejim (Rossiya, Eron, Turkiya) Suriya masalasi bo‘yicha tashkil etilgan Ostona konferensiyalarining kafolatchisiga aylandi. Aslida ushbu Ostona va Jeneva konferensiyalari Suriyadagi isyonni bostirish, Suriya rejimini saqlab qolish va isyonchilarni jilovlashga qaratilgan edi.
Chetdan dastak olgan Suriya rejimi o‘z nazorati ostidagi hududni yana kengaytira boshladi, shafqatsiz qirg‘inlar uyushtirdi, hatto o‘z xalqiga qarshi kimyoviy qurol ham qo‘lladi. Demokratiyaning otasi bo‘lgan Amerika esa, rejimning bu jinoyatlariga ko‘z yumib, yuqorida aytib o‘tganimizdek uni jiddiy jazodan himoya qildi. Bu holat Bashar Asad rejimi Amerikaning quroli bo‘lganini tasdiqlaydi.
Biroq, Suriya rejimi bunday harbiy va siyosiy yordamlarga qaramay, isyonni to‘xtata olmadi. Aksincha, vaqt o‘tishi bilan zaiflashib, hokimiyatni saqlab qolish imkoniyatini ham yo‘qotdi. Bu holat – musulmonlar hech qachon umidlarini yo‘qotmaydi, hech qachon harakatdan to‘xtamaydi – degan haqiqatni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ularni fidoyilikka, sabr-toqatga, mardlikka, jasoratga undaydigan narsa Islomdir! Musulmonlar, kim Allohning diniga yordam bersa, Alloh ham ularga yordam berishini yaxshi biladi. Shomdagi musulmonlar shuning uchun harakatlarini to‘xtatmadi, aslo umidsizlikka tushmadi. Bundan keyin ham barcha sa’y-harakatlar Islom uchun bo‘lishi kerak. Chunki Ummat Islom uchun qurbonliklar berdi, sabr qildi, har turli og‘ir holatlar va qiynoqlarga bardosh berdi.
Hozirda ommaviy axborot vositalari Suriya rejimining qulaganini e’lon qilmoqda. Shu bilan birga, Amerika boshchiligidagi G‘arb davlatlari, xalqaro tashkilotlar va Amerikaning quroli bo‘lgan mintaqadagi malay rejimlar xuddi kech qolayotgandek, “mamlakatda tezroq qonuniy hukumat tuzilishi kerak”, “2254-rezolyutsiyani amalga oshirish zarur”, “muvaqqat hukumat tuzilishi kerak”, “xalqaro huquqqa asoslangan qadamlar tashlanishi kerak”, “mamlakatda yangi siyosiy jarayonni yaratish uchun Suriya xalqi bilan hamkorlik qilishga tayyormiz”, deya bayonot bera boshlashdi. Ular Suriyadagi vaziyat nazoratdan chiqib ketishiga va Islomning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda. Amerika turli konferensiyalar, tashabbuslar hamda Turkiya kabi rejimlar orqali suriyalik musulmonlarni tuzoqqa ilintirishga harakat qilib keldi va bundan keyin ham shunday qiladi. Shuning uchun G‘arb va uning quroli bo‘lgan rejimlar tarafidan qo‘yilgan tashabbuslardan uzoq turish kerak. Ular Suriya rejimiga o‘xshash kapitalistik rejimni qayta tiklashni ko‘zlamoqda. Suriya xalqi va mujohidlar shuning uchun qon to‘kishdimi?! Albatta yo‘q! Ular Islom uchun jonlarini va mollarini fido qilishdi. Alloh Taolo mana shunday xolis harakatlarga g‘alaba beradi. Shunday ekan, o‘n uch yillik mashaqqatli mehnat zoye ketmasligi kerak. Faqat Payg‘ambarlik minhoji asosidagi Xalifalik davlatigina musulmonlar orzu qilgan o‘zgarishlarga olib keladi. Undan boshqa har qanday tashabbus va harakatlar zulmatga, jaholatga va zo‘ravonlikka olib keladi. Alloh Taolo aytadi:
وَلَيَنصُرَنَّ اللَّهُ مَنْ يَنصُرُهُ إِنَّ اللَّهَ لَقَوِيٌّ عَزِيزٌ
“Albatta Alloh O‘ziga (ya’ni diniga) yordam beradigan zotlarni g‘olib qilur. Shubhasiz Alloh kuchli, qudratlidir”. [22:40]
Horun Abdulhaq