Qirg‘iziston Parlamentida “Din to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda

0
19

Matbuot bayonoti

Qirg‘iziston Parlamentida “Din to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda

hukumati tomonidan taklif etlgan va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “E’tiqod erkinligi va diniy uyushmalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Jogorku Keneshga taqdim etilgani ma’lum qilindi. Yuqorida tilga olingan qonunning ilgari muhokama qilingan tahririga ayrim qo‘shimchalar kiritildi, biroq asosiy mohiyati o‘zgarmadi. Shuning uchun qonun loyihasi ortidagi hukumatning maqsadlariga oydinlik kiritib, musulmonlarga uning Islomga zid ekanligini eslatib o‘tish zarur.

Loyihaning Islom va musulmonlarga zid ekanligi qonunda ko‘rsatilgan cheklovlardan ko‘rinib turibdi. Masalan, dinga da’vat qilish maqsadida turar-joy va noturar joylarni ziyorat qilish, diniy ta’limni yakka tartibda va diniy maktabdan tashqarida o‘qitish taqiqlanadi. Bu esa, musulmonlarning asosiy mas’uliyati bo‘lgan da’vat ishlariga chek qo‘yish va sovet davridan buyon Islom dinini saqlab qolishga hissa qo‘shgan “hujra” shaklidagi madrasalarining taqiqlanishini anglatadi.

Bundan tashqari, “voiz” atamasi atayin joriy etilib, bu bilan din xodimlarining internet va mintaqalardagi bayonotlarini nazorat qilish va cheklash ko‘zda tutilmoqda. Masalan, tuman masjidi imom-xatibi o‘zi ro‘yxatdan o‘tgan hududdan tashqarida da’vat qilishi yoki diniy faoliyatini amalga oshirishi mumkin emas. Shuningdek, da’vat qilish uchun oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lishi va har yili Diniy komissiya ro‘yxatidan o‘tishi kerak. Agar xutbalardan birida hukumat manfaatlariga zid yoki qonunga zid bo‘lgan shar’iy majburiyat haqida so‘z yuritgan bo‘lsa, Diniy komissiya uning faoliyatini darhol to‘xtatish huquqiga ega. Ro‘yxatdan o‘tmaganlar esa da’vat qilish huquqidan mahrum qilinadi.

Aslida, da’vat qilish, shuningdek yaxshilikka buyurib, yomon ishlardan qaytarish har bir musulmonning zimmasidagi farzdir. Uni tark qilgan kishi xuddi namozini tark qilgan kishi kabi gunohkor bo‘ladi. Qolaversa, shariatga ko‘ra, o‘zingiz yaxshi bilgan ish borasida siz olim sanalasiz, uni bilmaganlarga yetkazish, o‘rgatish sizning burchinggiz hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

«… فَرُبَّ حَامِلِ فِقْهٍ غَيْرُ فَقِيهٍ، وَرُبَّ حَامِلِ فِقْهٍ إِلَى مَنْ هُوَ أَفْقَهُ مِنْهُ»

«…ba’zida fiqhni ko‘targan kishi faqih bo‘lmasligi va ba’zida u o‘zidan faqihroq kishiga yetkazishi mumkin».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikka buyurib, yomon ishlardan qaytarish haqida shunday dedilar: “Bani Isroilga kirgan birinchi illat shu ediki, bir kishi boshqa bir kishiga duch kelganida: “Ey falonchi, Allohdan qo‘rq, qilayotgan ishingni tashla. Chunki bunday qilish senga halol emas”, der edi. Ertasi kuni u bilan yana uchrashganda, uni hali ham o‘sha holatda topardi. Biroq, bu holat u bilan birga ovqatlanishi, ichishi va birga o‘tirishiga to‘sqinlik qilmasdi. Natijada Alloh ulardan ayrimlari sababli ayrimlarining qalblariga zarba berdi”. Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu oyatni tilovat qildilar:

﴿لُعِنَ الَّذِينَ كَفَرُوا مِنْ بَنِي إِسْرَائِيلَ عَلَى لِسَانِ دَاوُودَ وَعِيسَى ابْنِ مَرْيَمَ ذَلِكَ بِمَا عَصَوْا وَكَانُوا يَعْتَدُونَ ۩ كَانُوا لَا يَتَنَاهَوْنَ عَنْ مُنكَرٍ فَعَلُوهُ لَبِئْسَ مَا كَانُوا يَفْعَلُونَ ۩ تَرَى كَثِيرًا مِنْهُمْ يَتَوَلَّوْنَ الَّذِينَ كَفَرُوا لَبِئْسَ مَا قَدَّمَتْ لَهُمْ أَنفُسُهُمْ أَنْ سَخِطَ اللَّهُ عَلَيْهِمْ وَفِي الْعَذَابِ هُمْ خَالِدُونَ ۩ وَلَوْ كَانُوا يُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَالنَّبِيِّ وَمَا أُنزِلَ إِلَيْهِ مَا اتَّخَذُوهُمْ أَوْلِيَاءَ وَلَكِنَّ كَثِيرًا مِنْهُمْ فَاسِقُونَ﴾

“Bani Isroil orasidan kofir bo‘lgan kimsalar Dovud va Iyso binni Maryam tilida la’natlangandirlar. Bunga sabab ularning qilgan isyonlari va tajovuzkor bo‘lganlaridir. Ular bir-birlarini qilgan noloyiq ishlaridan qaytarmas edilar. Bu qilmishlari naqadar yomon ish! Ulardan ko‘plari kofir bo‘lgan kimsalarni do‘st tutganlarini ko‘rasiz. Ularga nafsi havolari naqadar yomon narsani — Allohning g‘azabini keltirdi. Endi ular abadiy azobda qolguvchidirlar. Agar Allohga, payg‘ambarga va unga nozil qilingan kitobga iymon keltirganlarida edi, ularni — kofirlarni do‘st tutmagan bo‘lur edilar. Lekin ulardan ko‘plari itoatsiz kimsalardir”. [5:78-81].

So‘ng shunday dedilar: «Yo‘q, Allohga qasamki, sizlar albatta ma’rufga buyurib, munkardan qaytarasizlar, zolimning qo‘lidan ushlab, uni majburan haqqa bo‘ysundirib, haqqa cheklab qo‘yasizlar. Yoki Alloh ayrimingiz bilan ayrimlaringizning dillariga zarba beradi. So‘ngra ularni la’natlagandek, sizlarni ham la’natlaydi!».

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi masjidlar sonini cheklash hamda hashar yo‘li bilan yoki homiylar hisobidan qurilib, davlat ro‘yxatidan o‘tmagan masjid va namozxonlarni yopishga keng yo‘l ochadi. Shuningdek din keng tarqalgan hududlarda barpo etilgan masjidlar sonini qisqartirish imkonini beradi.

Shu bois hukumat mazkur qonun loyihasi orqali musulmonlar faoliyatini nazorat qilib, jamiyatga chuqur kirib borayotgan Islomiy da’vatni to‘sishga harakat qilmoqda. Albatta, bunday harakat endi boshlangani yo‘q. Bunday kurash SSSR parchalanib, Qirg‘iziston yangi konstitutsiya loyihasidan foydalana boshlaganidan beri davom etib kelmoqda.

Dastlab, 1993 yilda Qirg‘iziston Respublikasining konstitutsiyasi dunyoviy asosda qabul qilinib, dinni siyosatga aralashtirish taqiqlandi. 1996 yilda “Din to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinib, diniy tashkilotlar faoliyatiga ayrim cheklovlar kiritildi. Shunga qaramay, Islom mamlakatda tez tarqala boshladi va 2001 yilda “Diniy uyushmalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu hukumat uchun diniy sohani nazorat qilishiga yo‘l ochdi. 2003 yilda “Milliy xavfsizlik” konsepsiyasi qabul qilinib, Islom diniga mafkuraviy tahdid sifatida qarala boshlandi. Shundan so‘ng darhol Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining “Terrorizmga qarshi kurash” markazi ochildi hamda Rossiyada ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilindi. So‘ng Rossiya va Qirg‘izistonda “Hizb ut-Tahrir” Islomiy siyosiy partiyasining faoliyati taqiqlandi. Xususan, 2005 yilgi davlat to‘ntarishidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan Bakiyev rejimi Hizb va uning tarafdorlarini ta’qib qilishni kuchaytirdi. 2006 yilda Diniy konsepsiya ishlab chiqilib, uning asosida 2008 yilda “E’tiqod erkinligi va diniy uyushmalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonunda diniy vaziyat avvalgidan ham aniqroq belgilanib, dunyoviy tushuncha va diniy bag‘rikenglikka alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, qonunga “diniy radikalizm”, “ekstremizm” va “fundamentalizm” atamalari ham kiritildi. Bu atamalar orqali hukumat o‘ziga yoqmagan odamlarni va o‘ziga qarshi bo‘lgan xatti-harakatlarni “ekstremizm”da ayblab, ta’qib qilishga yo‘l ochildi. Bundan tashqari, diniy adabiyotlarni tarqatish va ulardan foydalanishga qattiq cheklovlar kirgizildi.

2011 yilda qabul qilingan “E’tiqod erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarda diniy uyushmalarga qo‘shimcha talablar kiritildi.

2014 yilda Atambayev tashabbusi va Mudofaa kengashining qarori bilan diniy sohada davlat siyosatining 2020 yilgacha mo‘ljallangan konsepsiyasi qabul qilindi. Buning ortidan “Tablig‘” jamoasini taqiqlash masalasi ko‘tarildi. Biroq musulmonlarning qarshiligi tufayli bu tashabbus keyinga qoldirildi. Shunga qaramay, Rossiyaning bosimi bilan 2017 yilda “E’tiqod erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, uyma-uy kirib dinga da’vat qilish taqiqlandi. Shundan kelib chiqib, da’vatga chiqish uchun muftiyotdan va ichki ishlar vazirligidan ruxsat olish shart qilindi. So‘ng “Alloh buyurgan ish uchun maxluqidan ruxsat olish shart emas” deganlar – “Yaqin inkorchilar” toifasiga ajratilib, sud orqali ularni “ekstremistik” tashkilotlar ro‘yxatiga kiritildi.

2021 yilda esa “Qirg‘izistonning 2021-2026 yillarga mo‘ljallangan diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” qabul qilindi. Mazkur konsepsiya doirasida “E’tiqod erkinligi va diniy uyushmalar to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi Jogorku Kenesh tomonidan qabul qilindi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda diniy sohaga oid qabul qilingan har bir konsepsiya va qonun loyihasi musulmonlarni ta’qib qilishga va da’vatning yoyilishiga qarshi qaratilgan. Bu qonunlar qachon qayta ko‘rib chiqilsa, oldingisiga qaraganda qattiqroq choralar bilan kuchaytiriladi. Buning yagona sababi diniy sohada qabul qilingan qarorlarning mustamlakachi davlatlar va ularning quroliga aylangan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning bosimi ostida qabul qilinishidir. Binobarin, bugungi kunda qabul qilinayotgan loyiha bo‘yicha, har kim va har bir partiya o‘z imkoniyati va qobiliyatiga ko‘ra Allohning oldida javob beradi. Hokimiyatdagilar esa kofir mustamlakachilarning talablarini mukammal amalga oshirayotgani uchun javob berishadi. Agar majburan qilayotgan bo‘lsa, fosiqlik qilayotgan bo‘ladi. Agar ularning majburlashiga qarshi tursa va bunday munkar ishlarni qilishdan bosh tortsa, katta ajrlarga ega bo‘ladi.

Biroq, mo‘minlar, ayniqsa, ulamolar bunday munkar qiluvchilarni nahi munkar qilishlari farzdir. Ana shunda ular Payg‘ambarlarning merosxo‘rlari bo‘ladilar.

العلماء ورثة الأنبياء، وإن الأنبياء لم يورثوا ديناراً ولا درهما، وإنما ورثوا العلم، فمن أخذ به أخذ بحظ وافر

“Ulamolar Payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor ham, dirham meros qoldirmaganlar. Balki ilmni meros qoldirganlar. Kim uni olsa, to‘la nasibasini olibdi”.

Hizb ut-Tahrirning Qirg‘izistondagi matbuot bo‘limi

Izohlar yo'q