Bilmay turib Allohga qarshi gapirish gunohdir

0
10

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Hadisi Sharif bilan

Bilmay turib Allohga qarshi gapirish gunohdir

Aziz muxlislar, “Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

رَوَى ‏الزُّهْرِيِّ ‏ ‏عَنْ ‏ ‏عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ ‏ ‏عَنْ ‏ ‏أَبِيهِ ‏ ‏عَنْ ‏ ‏جَدِّهِ ‏ ‏قَالَ: سَمِعَ النَّبِيُّ ‏ ‏صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ‏ ‏قَوْمًا ‏ ‏يَتَدَارَءُونَ ‏ ‏فَقَالَ: ‏ “‏إِنَّمَا هَلَكَ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ بِهَذَا ضَرَبُوا كِتَابَ اللَّهِ بَعْضَهُ بِبَعْضٍ وَإِنَّمَا نَزَلَ كِتَابُ اللَّهِ يُصَدِّقُ بَعْضُهُ بَعْضًا فَلَا تُكَذِّبُوا بَعْضَهُ بِبَعْضٍ فَمَا عَلِمْتُمْ مِنْهُ فَقُولُوا وَمَا جَهِلْتُمْ ‏ ‏فَكِلُوهُ ‏ ‏إِلَى عَالِمِهِ” رواهأحمد في مسنده

Az-Zahriy Amr ibn Shuaybdan rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarning (Qur’on oyatlari haqida) bir-birlari bilan talashib, tortishayotganlarini eshitib, “Albatta, sizlardan oldingilar ham shu tufayli halok bo‘lishdi. Ular Allohning kitobini (oyatlarini) bir-biriga qarama-qarshi qo‘ydilar. Haqiqatda esa, Allohning kitobi bir-birini tasdiqlagan holda nozil bo‘lgan. Bas, (Qur’on oyatlarining) ba’zisi bilan ba’zisini yolg‘onga chiqarmang. Nimani bilsangiz o‘shani ayting, bilmaganingizni bilgan odamga topshiring. (Ahmad “Musnad”ida rivoyat qilgan).

Ayyub ibn Mulayka shunday rivoyat qiladi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan bir oyat haqida so‘ralganda, u kishi: “Agar men Allohning Kitobida Alloh xohlaganidan boshqa narsani aytsam, qaysi yer meni bag‘riga oladi, qaysi osmon meni panohiga oladi?” deya javob berdi.

Ibn Masud va Ibn Abbos roziyallohu anhumadan qilingan rivoyatda: “Kimki odamlar so‘ragan har bir narsaga fatvo beraversa, u kasaldir”, deyiladi.

Imom Shofe’iy rahimahulloh aytadi: “Men Molikning shunday deganini eshitdim: Ibn Ajlon Ibn Abbosdan “Agar olim bilmayman, deb ayta olmasa, oxiratini barbod qiladi”, deganligini rivoyat qilgan.

Abu Husayn al-Asadiy shunday deydi: “Ular bu masala hiqida fatvo beryapti. Agar o‘sha masala Hazrati Umarga taqdim etilganida, Badrda qatnashganlarni yig‘ib, ularning fikrini eshitib, keyin fatvo bergan bo‘lar edi”.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan shunday deganligi rivoyat qilinadi: “Kimning ilmi bor bo‘lsa, gapirsin”. Kimning ilmi yo‘q bo‘lsa, «Alloh biladi», desin. Chunki Alloh Taolo Payg‘ambariga bunday dedi:

{قُلْ مَآ أَسْأَلُكُمْ عَلَيْهِ مِنْ أَجْرٍ وَمَآ أَنَآ مِنَ ٱلْمُتَكَلِّفِينَ} ‏

“(Ey Muhammad, ularga) ayting: «Men (Qur’onni yetkazganim uchun) sizlardan biron ajr-haq so‘ramayman va men soxtakorlardan (ya’ni yolg‘ondan payg‘ambarlikni da’vo qilguvchi kimsalardan) ham emasman”. (Sad: 86).

Bular Ummatning peshvosi, ilm, amal va taqvo jihatidan Ummatning eng yaxshisi bo‘lgan sahobalar va tobeinlarning so‘zlaridir. Bugungi kunda Allohning diniga qarshi jur’at qilib, odamlarga Alloh xohlagan narsadan boshqacha fatvolar berayotgan zamonaviy ulamolar bu haqida nima deydi? Nega ular dunyo ilinjida, jahannamga qarab ketishmoqda? Nega ular o‘z hukmdorlarini rozi qilib, Robbisini norozi qilishmoqda? Nega xalqni ilm-ma’rifatdan chalg‘itishmoqda? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ular haqida shunday marhamat qildilar:

“إذا رأيتم العلماء على أبواب السلاطين فخافوا على دينكم منهم“

“Agar olimlarni sultonlarning eshiklarida ko‘rsangiz, diningizda ulardan qo‘rqing”.

Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

11 Jummadul Uvla, 1446h yil.

14 Noyabr,                 2024m yil.

Izohlar yo'q