1 yanvardan boshlab yo‘l solig‘i olina boshlaydi

58
0

1 yanvardan boshlab yo‘l solig‘i olina boshlaydi

Qirg‘izistonda haydovchilar 1 yanvardan boshlab mamlakat yo‘llari uchun har litr yoqilg‘i hisobiga 1 somdan soliq to‘lashni boshlaydilar. Bu haqidagi qonun Jogorku Keneshda ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Loyihaga ko‘ra, haydovchilar benzin va dizelning har bir litri uchun 1 somdan qo‘shib to‘laydi. Yig‘ilgan mablag‘lar Yo‘l jamg‘armasiga qo‘yiladi. Transport vaziri o‘rinbosari Beknazar Bozoraliyevning aytishicha, agar qonun qabul qilinsa, Yo‘l jamg‘armasining budjeti yetti milliard somga ko‘tariladi. U 2023 yilda jamg‘arma budjetiga 4,5 milliard som tushganini  va joriy yil oxirigacha 5 milliard somdan ortiq mablag‘ tushishi kutilayotganini qo‘shimcha qildi.

Hozirda Yo‘l jamg‘armasiga bundan boshqa bir qator to‘lovlar orqali mablag‘ kelib tushmoqda. Masalan, Soliq xizmati import qilinadigan yoqilg‘ining har bir tonnasi uchun 5000 som soliq undiradi. Bundan tashqari, transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, nazorat punktlari, jarimalar, grantlar, yoqilg‘iga solingan aksiz solig‘idan ham to‘lovlar undiriladi.

Hozirda Bishkekda benzin narxi sifatiga qarab 67 som atrofida, dizel narxi esa 75 somgacha sotilmoqda. Mazkur qonun loyihasi qabul qilinsa, yoqilg‘i narxi tabiiy ravishda yana ko‘tariladi.

Izoh:

Budjetni to‘ldirishga va’da bergan Qirg‘iziston hukumati soliq va to‘lovlar sonini ko‘paytirish orqali xalqning yelkasiga og‘ir yuklar yuklamoqda. Bundan avval Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarni aniqlash uchun dronlardan foydalanishni boshlagan edi. Joriy yilning 8 martidan boshlab yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan jazo kuchaytirildi. Har bir qoidabuzarlik uchun jarimalar deyarli ikki baravar oshirildi. Masalan, tezlik belgilangan normadan, ya’ni 60 kilometr\soatdan oshsa, avvalgi 7500 som o‘rniga 15 ming som qilib belgilandi.

Bundan tashqari, hukumat so‘nggi bir yil ichida elektr energiyasi narxini 11 foizga, isitish va issiq suv narxini uch barobarga oshirdi. Endilikda savdogarlarga nazorat kassa apparatini o‘rnatish orqali budjetning deyarli yarmini tashkil etuvchi QQS solig‘ini oshirishga harakat qilmoqda. Bu soliqlar xalq tomonidan sotib olinayotgan asosiy tovarlar narxining oshishiga sabab bo‘ladi. Shundoq ham, yillik inflyatsiya 11 foizdan oshib, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashgan. Oqibatda oddiy xalqning yuki tobora og‘irlashgan sari, bir hovuch kapitalistlarning boyligi ham ortib bormoqda.

Bunga muqobil ravishda, Islomiy tuzumda davlat o‘z ishlarini yuritish uchun soliq solishiga hojat bo‘lmaydi. Zero, u o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun yer va ko‘chmas mulk kabi davlat mulklaridan foydalanadi. Xalqning umumiy manfaatlari bilan bog‘liq ehtiyojlar uchun omma mulki hisoblangan umumiy mulkdan sarflanadi. Masalan, maktablar, universitetlar, shifoxonalar, yo‘llar, aeroportlar qurilishi umumiy xalq manfaati uchun bo‘lib, bularga umumiy mulkdan sarflanadi. Ya’ni, oltin, neft, gaz, temir, uran kabi tabiiy boyliklardan qo‘lga kiritilgan mablag‘lar ushbu sohalarga sarflanadi.

Qolaversa, Islom boylikning bir hovuch kimsalarning qo‘lida to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shu bilan birga, kambag‘al va muhtoj odamlardan ham soliq olib, ularni qiyin ahvolga solib qo‘ymaydi. Balki daromadi ma’lum miqdorga yetgan kishilardangina zakot olinadi. Musulmonlar Zakotni ibodat sifatida mamnuniyat bilan berishadi.

Islomda davlat kamdan-kam hollarda, to‘g‘rirog‘i, Alloh Taolo davlat va Ummatga farz qilib qo‘ygan ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hollardagina musulmonlar orasidagi boy kishilardan qarz olishi mumkin. Ba’zan davlat boy musulmonlardan faqat ma’lum bir ehtiyojni qondirish uchun zarur bo‘lgan miqdorda soliq olishi mumkin. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga zarur bo‘lgan mablag‘ uchun musulmonlarga murojaat qildilar. Shunda Usmon roziyallohu anhu bu og‘ir yilning mashaqqatlarini yengil qilish uchun ming dinor berdi.

Demak, Islomdagi bunday soliq hozirgi kapitalistik tuzumdagi soliq va to‘lovlar kabi doimiy ravishda olinmaydi. Islomda doimiy ravishda soliq yig‘ish joiz emas. Shuning uchun kapitalistik tuzumning soliqqa asoslangan iqtisodiy tuzumini Islomning iqtisodiy tuzumiga qiyoslash katta xatodir. Hukumat talab qilayotgan soliq Islomda harom qilingan!

Nurdin Asanaliyev

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.