Jetim-Too konida izlanish ishlari boshlanadi
2025 yilda Norindagi Jetim-Too konida izlanish ishlari boshlanadi. Bu haqda “Qirg‘izgeologiya” davlat korxonasining direktori Elaman Muratov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, korxona konlarni qazib olish xarajatlari, qilinadigan ishlar va zaxiralarni aniqlashni o‘z ichiga olgan besh yillik rejani qabul qilgan. Mazkur reja Jetim-Too konini ham o‘z ichiga oladi. Hozirda loyiha tayyorlanib, ekspertizaga taqdim etilgan.
“Izlanish ishlaridan so‘ng biz ishni Qirg‘iziston geologiya xizmatiga topshiramiz. Biz mineral resurs zahiralarini aniqlab beramiz. So‘ngra geologiya xizmati uni yo kimoshdi savdosiga qo‘yadi yoki uni ishlatish haqida investorlar bilan muzokaralar olib boradi”, dedi Muratov.
Izoh:
Sadir Japarov 2020 yili bosh vazir bo‘lganida Jetim-Too konida besh milliard tonnaga yaqin temir rudasi borligini bildirib, uni ishga tushirish niyati borligini bildirgan edi. Undan so‘ngra fuqarolik jamiyatining faollari “ Jetim-Too temir konini himoya qilish” harakatini tuzdilar va mahalliy aholi konning qazib olinishiga qarshi chiqdi. 2020 yil noyabr oyida Xitoy qarzni to‘lash muddatini uzaytirish evaziga Jetim-Too konini ishga tushirishni talab qilgani haqidagi xabarlar xalq noroziliklarini yanada kuchaytirdi.
Qirg‘iziston hukumati Xitoydan olgan qarzini to‘lash uchun Pekin undan nima talab qilayotganini rasman e’lon qilgan bo‘lmasa-da, biroq Sadir Japarov prezidentlik saylovlari oldidan Jetim-Too temir koni xorijliklarga berilmasligini aytgan edi. Bu bilan u Xitoyning talabi Jetim-Too bilan bog‘liqligiga shama qildi. Xitoy hukumati avvalgi kelishuvlarni amalga oshirishni jiddiy talab qilmagan bo‘lsa-da, xalqning Xitoyga qarshi kayfiyati o‘zgarib borgan sari ular bu kelishuvlarni amalga oshirishga kirishdilar.
Sir emaski, Qirg‘iziston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi o‘n yillikda o‘ta aktiv ravishda kuchayib bormoqda. Mamlakatda Xitoyning 300dan ortiq korxonasi, shuningdek, 200ga yaqin Qirg‘iziston-Xitoy qo‘shma korxonalari faoliyat yuritmoqda. Tog‘-kon sanoati korxonalarining 80 foizi xitoyliklarga tegishli. Xitoy kompaniyalari o‘z faoliyati haqida hech qanday hisobot bermaydi. Shuning uchun ular qancha kon qazib olayotgani va mamlakatdan qanchasini olib chiqib ketayotgani noma’lum. Prezident Japarovning mamlakatdan oltinni ruda holida eksport qilishga ruxsat beruvchi farmoni ham Xitoyning yuqoridagi kompaniyalari manfaatlariga xizmat qilishi shubhasiz. Bu esa, o‘z navbatida, mineral resurslarning mamlakattan hisobsiz chiqib ketishiga yo‘l ochadi. Shunday ekan, Qizil-Ompol va Jetim-Too konlarini ishga tushirish ortida Xitoy manfaati turgani aniq.
Xulosa qilib aytganda, mustamlakachi davlatlar Qirg‘iziston kabi uchinchi dunyo davlatlariga sanoatni rivojlantirish uchun qarz bermaydilar. Ular bergan qarzlarini shaharni obodonlashtirish, yo‘llar qurish, madaniyat yoki sport majmualari kabi davlatga daromad keltirmaydigan sohalarga sarflash sharti bilan berishadi. Oqibatda qarzni to‘lash vaqti kelganda nafaqat olingan qarzning o‘zini to‘lash, balki foizlarini ham to‘lashga qodir bo‘lmagan davlat mustamlakachiga qaram bo‘lib qoladi va uning yangi-yangi shartlarini bajarishga majbur bo‘ladi. Aniqrog‘ aytganda, ular oxir-oqibat olgan qarzlarini yerlar va mineral resurslar ko‘rinishida to‘lashga majbur bo‘ladi.
Nurdin Asanaliyev