Hukumat yo‘l solig‘ini ikki martalab undirishni ko‘zlamoqda

0
18

Hukumat yo‘l solig‘ini ikki martalab undirishni ko‘zlamoqda

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi mamlakatga olib kirilayotgan yoqilg‘ining litri uchun bir somdan soliq undirib, uni Yo‘l jamg‘armasiga qo‘shishni taklif qildi. Bu masala “Jogorku Kenesh”ning Budjet, iqtisodiy va fiskal siyosat qo‘mitasi tomonidan 23 sentyabrda o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi.

Transport va kommunikatsiyalar vaziri Absattar Sirgabayevning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonga har yili 1 million 700 ming tonnadan ortiq yoqilg‘i olib kiriladi. Uning har bir litridan bir somdan soliq olinsa, yo‘l jamg‘armasiga 1 milliard 700 million som tushadi. Yoqilg‘idan olinadigan soliq yoqilg‘i sotuvchilari orqali olinadi.

Deputat Eldar Abakirov esa, hozirda bir qator yig‘imlar orqali Yo‘l jamg‘armasiga mablag‘ tushib turganini bildirdi. Masalan, Soliq xizmati import qilinadigan yoqilg‘ining har bir tonnasi uchun 5000 som soliq undiradi.

Moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Yo‘l jamg‘armasi hisobida 4 milliard somga yaqin mablag‘ mavjud. Bu mablag‘lar transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, nazorat punktlari, jarimalar, grantlar va yoqilg‘iga solingan aksiz soliqlardan to‘plangan.

Hozirda Bishkekda benzin narxi sifatiga qarab 67 som atrofida, dizel esa 75 somgacha sotilmoqda. Agar mazkur qonun loyihasi qabul qilinadigan bo‘lsa, yoqilg‘i narxi yana oshadi.

Izoh:

Qirg‘iziston hukumati budjetni to‘ldirishga va’da berganidan so‘ng, soliq va to‘lovlarni ko‘paytirish orqali xalqning yelkasiga og‘ir yuklar yuklamoqda. Bundan avval Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarni aniqlash uchun dronlardan foydalanishni boshlagan edi. Joriy yilning 8 martidan boshlab yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan jazo kuchaytirildi. Har bir qoidabuzarlik uchun jarimalar deyarli ikki baravar oshirildi. Masalan, tezlik belgilangan normadan, ya’ni 60 kilometr\soatdan oshsa, avvalgi 7500 som o‘rniga 15 ming som belgilandi.

Bundan tashqari, hukumat so‘nggi bir yil ichida elektr energiyasi narxini 11 foizga, isitish va issiq suv narxini uch barobarga oshirdi. Endilikda savdogarlarga nazorat kassa apparatini o‘rnatish orqali budjetning deyarli yarmini tashkil etuvchi QQS solig‘ini oshirishga harakat qilinmoqda. Bu soliqlar xalq tomonidan sotib olinayotgan asosiy tovarlar narxining oshishiga sabab bo‘ladi. Shundoq ham, yillik inflyatsiya 11 foizdan oshib, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashdi. Oqibatda oddiy xalqning yuki tobora og‘irlashgan sari, bir hovuch kapitalistlarning boyligi ham ortib bormoqda.

Bunga muqobil ravishda, Islomiy tuzumda davlat o‘z ishlarini yuritish uchun soliq solishga hojat bo‘lmaydi. Zero, u o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun yer va ko‘chmas mulk kabi davlat mulklaridan foydalanadi. Xalqning umumiy manfaatlari bilan bog‘liq ehtiyojlar uchun omma mulki hisoblangan umumiy mulkdan sarflanadi. Masalan, maktablar, universitetlar, shifoxonalar, yo‘llar, aeroportlar qurilishi umumiy xalq manfaati uchun bo‘lib, bularga umumiy mulkdan sarflanadi. Ya’ni, oltin, neft, gaz, temir, uran kabi tabiiy boyliklardan olingan foydalar shu sohalarga sarflanadi.

Qolaversa, Islom boylikning bir hovuch odamlarning qo‘lida to‘planishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shu bilan birga, kambag‘al va muhtoj odamlardan ham soliq olinib, qiyin ahvolda qoldirilmaydi. Balki daromadi ma’lum miqdorga yetgan kishilardangina zakot olinadi. Musulmonlar Zakotni ibodat sifatida mamnuniyat bilan berishadi.

Islomda davlat kamdan-kam hollarda, to‘g‘rirog‘i, Alloh Taolo davlat va Ummatga farz qilib qo‘ygan ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hollardagina musulmonlar orasidagi boy kishilardan qarz olishi mumkin. Ba’zan davlat boy musulmonlardan faqat ma’lum bir ehtiyojni qondirish uchun zarur bo‘lgan miqdorda soliq olishi mumkin. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga zarur bo‘lgan mablag‘ uchun musulmonlarga murojaat qildilar. Shunda Usmon roziyallohu anhu bu og‘ir yilning mashaqqatlarini yengil qilish uchun ming dinor berdi.

Demak, Islomdagi bunday soliq hozirgi kapitalistik tuzumdagi soliq va to‘lovlar kabi doimiy ravishda olinmaydi. Islomda doimiy ravishda soliq yig‘ish joiz emas. Shuning uchun kapitalistik tuzumning soliqqa asoslangan iqtisodiy tuzumini Islomning iqtisodiy tuzumiga qiyoslash katta xatodir. Hukumat talab qilayotgan soliq Islomda harom qilingan!

Nurdin Asanaliyev

Izohlar yo'q