Olimpiada o‘yinlari – Musulmonlarni chalg‘itish

84
0

Olimpiada o‘yinlari – Musulmonlarni chalg‘itish

Olimpiada o‘yinlari har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan yirik xalqaro sport musobaqasidir. Uning tarixi qadimgi Yunonistonga borib taqaladi. Qadimgi Yunonistonda olimpiada o‘yinlari diniy marosim sifatida yunonlar muqaddas hisoblagan “olimpiya” o‘rnida o‘tkazilgan. Bugungi kunda olimpiada o‘yinlari Xalqaro Olimpiada Qo‘mitasi tomonidan boshqariladi va ushbu qo‘mita tomonidan tanlangan mamlakatda o‘tkaziladi. Olimpiada homiylari, o‘yinlarni efirga uzatish va chiptalarni sotish qo‘mitaning daromad manbalari hisoblanadi.

Navbatdagi olimpiada o‘yinlari Fransiyaga berildi va hozir o‘sha yerda o‘tkazilmoqda. O‘tmishda qadimgi yunonlarning dunyoqarashidan kelib chiqqan olimpia o‘yinlari hozirda demokratik dunyoqarashni yoyish vositasiga aylandi. Buni olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimida LGBT va buzuqilikni targ‘ib qiluvchi behayo sahnalar ham tasdiqlab turibdi. Hatto G‘arb aholisi ham bunday ko‘rinishlarga qarshi chiqdi.

Musulmonlar olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimini qoralab, rad etgan bo‘lsalar ham, biroq ular o‘yinlarda qatnashish va bir qator shar’iy hukmlarga zid ishlarni ma’qullayotganliklarini ko‘rish mumkin. Hatto ba’zi musulmonlar sportchilarning “g‘alaba” bilan qaytishlari uchun duo qilishmoqda.

Aslida musulmonlar G‘arbdan yoki biror jamiyatdan biror narsa olayotganda juda ehtiyot bo‘lishlari kerak. Bizning o‘lchovimiz shariatdir. Chunki musulmonlar shariatga amal qilish bilangina ikki dunyo saodatiga erishadilar. Shu bois sportning o‘zi – tanani sog‘lom tutish, mashq qilish – tahsinga sazovordir. Biroq, boks va shunga o‘xshash jangovar sport turlari va odamlar oldida avratlarini ochib yurishlar shariatimizga zid ko‘rinishlardir. Bundan tashqari, Islomda ayollar himoya qilinishi kerak bo‘lgan nomusdir. Shunday ekan, opa-singillarimizning avratlarini ochib, omma oldida musobaqalarda qatnashishlarini “obro‘yimizni himoya qilish” sifatida qabul qilish jaholatdan o‘zga narsa emas.

G‘arb dunyoqarashida ayollarga daromad manbai sifatida qaralgani uchun sport o‘yinlarida ayollar yarim yalang‘och holda reklama qilinadi. Shu bilan birga G‘arb o‘z dunyoqarashini yoyish vositasi sifatida sport o‘yinlari, ayniqsa, olimpiya o‘yinlaridan foydalanadi. Buning yaqqol isbotini ochilish marosimidagi buzuq manzaralar ham ko‘rsatib turibdi. Bu jirkanch ko‘rinish butun dunyoga tarqatildi va shunga targ‘ib qilindi. Shuningdek, olimpiada musobaqalarida avratlarni ochib yurish hamda ayollar va erkaklarning aralashib yurishi shart. Bu ham G‘arb dunyoqarashini yoyishning bir usulidir.

Bundan tashqari, so‘nggi paytlarda, ayniqsa AQSHda, o‘zini ayol deb bilgan erkaklarning ayollar sport musobaqalarida qatnashishiga ruxsat berilgan. Bu holat Olimpiya o‘yinlarida ham mavjud bo‘lib, o‘zini ayol kabi his qiladigan erkaklar ayollar bilan bellashmoqda. Bu esa ayollar huquqlarini himoya qilish emas, balki xo‘rlashdir. Bugungi kunda olimpia o‘yinlari va butun sport o‘yinlari fasod va musulmonlarga yot bo‘lgan tushunchalarni tarqatish vositasiga aylanib qoldi.

Shu maqsadda musobaqa g‘oliblari va ​​sportchilar yulduz sifatida taqdim etilib, bu ko‘rinishlar yoshlarga yutuq va muvaffaqiyat sifatida uqtirilmoqda. Oqibatda ko‘pchilik yoshlar shariat me’yorlarini chetga surib, sport yulduzi bo‘lish bilan ovora bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, “sport musobaqasi” ekanligi ro‘kach qilinib, erkak va ayolning avrat joylarini ochib chiqishi va erkak va ayolning aralashib ketishi odatiy holga aylanib qoldi. Buning ustiga ilmoniylikka talpinayotgan arab davlatlari sport sohasiga milliardlab dollar sarflamoqda. Chunki xalqni ilmoniylashtirish va g‘ayriislomiy qarashlarni qabul qildirish uchun sport musobaqalari eng yaxshi vositadir. Bunday holat musulmon o‘lkalardagi rejimlarga foyda keltirishi aniq, lekin musulmonlarga salbiy ta’sir qiladi. Chunki insonlar, ayniqsa, hayotdagi o‘zgarishlarning asosiy omili hisoblanmish yoshlar sport yulduzi bo‘lish bilan band bo‘lib, o‘z atrofidagi voqealarga, dinga va Ummatning bugungi ahvoliga befarq qaraydigan bo‘lib qoladi. Ularning birinchi maqsadi va orzusi – shariatga to‘g‘ri kelmasa ham – musobaqada g‘alaba qozonib, sport yulduziga aylanish bo‘lib qoladi. Bu bilan yoshlar Islom va Ummatni aziz qilishdan uzoqlashtirilib, ularning siyosatga aralashmasligi ta’minlanadi. Islomiy o‘lka rahbarlariga aynan mana shu kerak. Shuning uchun ular bugungi sportga imkon qadar ko‘p mablag‘ sarflab, bor kuchi bilan uni targ‘ib qilmoqdalar. Boshqacha aytganda, yoshlarni siyosatdan va Ummatni yuksaltiruvchi faoliyatdan chetlatishmoqda.

Ba’zi kimsalarning “musulmonlarning musobaqadagi g‘alabasi Islomni yuksaklikka ko‘taradi” degan so‘zlari esa soddalik yoki axmoqlikdan boshqa narsa emas. Bunday so‘zlarning hayotda o‘rni yo‘q. Sababi, harom ishda g‘alaba qozonish – bu iymonning mag‘lub bo‘lishidir. Musulmon qachon g‘olib bo‘ladi?! Qachonki, uning dini va Ummati aziz bo‘lsa u g‘olib bo‘ladi! Yuqorida aytib o‘tganimizdek, yoshlar hayotdagi o‘zgarishlarning asosiy omilidir. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam davrlarida ko‘plab yoshlar din uchun ulkan zafarlar keltirdi, ularning nomlari Islom tarixining sahifalarida zarhal harflar bilan yozilib qoldi. Demak, musulmon kishi bir narsaga qaror qilar ekan, avvalo shariatga nazar tashlashi kerak. U o‘z maqsadlarini, Ikki dunyo saodatiga yetaklovchi Islomni aziz qilish bilan Allohning roziligi doirasida belgilashi lozim.

Horun Abdulhak

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.