Qirgʼizistonda maʼlumot olish boʼyicha cheklov joriy etildi

23
0

Qirgʼizistonda maʼlumot olish boʼyicha cheklov joriy etildi

Qirgʼizistonda 2024 yil 18 apreldan boshlab “TikTok” ijtimoiy tarmogʼi bloklandi. Buning sababi yoshlarning sogʼligʼiga yetadigan zararning oldini olish ekanligi rasmiy tarzda eʼlon qilindi.

Bu davlat rasmiylarining “TikTok”ni bloklashga boʼlgan birinchi urinishi emas. Oʼtgan yilning avgust oyida Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi mamlakatda “TikTok” tarmogʼini bloklashni taklif qilib chiqqan edi. Vazirlik ham UKMK (milliy xavfsizlik boʼyicha davlat qoʼmitasi) tomonidan ayni damda aytilayotgan bahonalarni oqlab, “mazkur tarmoqdagi lavhalar oʼsmirlarning ruhiy holatiga salbiy taʼsir koʼrsatmoqda”, degan edi.

Milliy xavfsizlik boʼyicha davlat qoʼmitasi “Tik Tok” tarmogʼining “Kichik yoshdagi bolalarning sogʼligʼiga va jismoniy, intellektual, aqliy, maʼnaviy-axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazilishining oldini olish” boʼyicha qonunga rioya qilmaslik sababli bloklanganini bildirdi. Rasmiy xatga koʼra, “Tik Tok tarmogʼida kontentni tizimli ravishda saralash mexanizmi yoʼq. Xususan, unda yoshlar uchun maʼlumot olish maydoni nazorat qilinmaydi”.

Ushbu xat asosida Raqamli rivojlanish vazirligiga mazkur ijtimoiy tarmoqni 18 aprelgacha bloklash topshirildi. Biroq sudning bloklash haqidagi qarori tilga olinmagan. Shuningdek, texnik tomoniga oid masalalar yuzasidan ham izoh berilgan emas.

Bolalar uchun zararli axborotni cheklash toʼgʼrisidagi qonun loyihasiga oʼzgartirishlar kiritish 2023 yilning avgustida qabul qilingan edi. Yuqorida tilga olingan qonunga oʼzgartirish kiritish tashabbusi bilan Joʼqorgʼu Kenesh deputati Jamila Isaeva chiqdi. Uning soʼzlariga koʼra, qonundan koʼzlangan maqsad “yosh bolalar va oʼsmirlarning maʼnaviy, jismoniy, psixologik va ijtimoiy salomatligini saqlash uchun xavfsiz axborotdan foydalanishni taʼminlash”dir. Biroq “Media Polisi” instituti mazkur qonunni tahlil qilib, shunday deydi: “Ushbu qonun fuqarolarning axborot olishini cheklash va senzura oʼrnatishda hukumatning navbatdagi “richag”iga aylanadi. Bolalarning Аxborot xavfsizligini taʼminlash borasida tashabbuskorlarning aytganlari esa populizmdan boshqa narsa emas”.

Maʼlumki, “Tik Tok” ijtimoiy tarmogʼi bugungi kunda eng tez rivojlanayotgan internet manbasidir. Uning algoritmi va foydalanish qulayligi qisqa vaqt ichida minglab odamlar tomonidan koʼrish imkonini beradi. Bu esa, axborotning tez suratda xalqqa yetib borishiga va jamoatchilik fikrining oʼzgarishiga xizmat qiladi. Bunday qurol jamiyatning ruhiy holatini oʼzgartirishda va oʼz taʼsirini yoyishda muxolifat yoki boshqa siyosiy kuchlar tomonidan hukumatga qarshi ishlatilishi mumkin. Аgar xalqaro maydonda “Tik Tok”ni bloklashga urinishlarni inobatga oladigan boʼlsak, bunday cheklovlar Xitoy taʼsirining yoyilishini oldini olishga qaratilganligini kuzatish mumkin.

Аmmo Qirgʼizistondagi vaziyatga nazar tashlaydigan boʼlsak, hozirgi hukumat avtoritar tuzum oʼrnatishda siyosiy raqobatni kuch bilan yoʼq qilish uchun maʼmuriy resurslarini ishga solmoqda. Xususan, axborot urushidagi raqobatchilarning imkoniyatlarini cheklamoqda. Buning uchun anʼanaga aylangan Kreml koʼrsatmalariga tayanayapti. Bunda siyosiy elita va turli klanlar vakillari nishonga olinayotgan boʼlsa-da, asosiy maqsad Islom dinining tarqalishining oldini olishga qaratilgan. Zero, soʼnggi paytlarda Islom dini hozirgi rejim uchun asosiy tahdid sifatida koʼrilmoqda. Chunki uning keng tarqalishi hamda jamiyatga taʼsiri mafkuraviy va siyosiy rejimning oʼzgarishiga olib kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, “Tik Tok” tarmogʼining bloklanishi oddiy xalq bilan birga bloggerlar va internet orqali tijorat qiluvchilarning noroziligiga sabab boʼlmoqda. Аslida, bunday cheklovlar, xususan, Islomiy maʼlumotlarning cheklanishi hukumat tomonidan qabul qilingan konstitutsiyaviy qonunlarga ziddir. Zero, demokratik qonunlarga koʼra, fuqarolarning axborot olish erkinligi davlat tarafidan kafolatlanishi kerak. Hukumatning “Tik Tok”ni bloklash oʼzi qabul qilgan qonunlarga ziddir. Shuningdek bu ularning siyosiy va mafkuraviy raqobatda ojizligini koʼrsatmoqda. Demak, aholining hozirgi demokratik tuzumga ishonchi tobora yoʼqolib bormoqda. Bu esa, kapitalizmning qulash arafasiga kelib qolganligidan darak beradi.

Hujjat Jamiya

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.