Turkiyadagi saylovlarga bir nazar

114
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Turkiyadagi saylovlarga bir nazar

Ustoz Xolid Ashqar (Abu Mo‘tazz Billah)

Meni ushbu maqolani yozishga undagan narsa kuvaytlik bir da’vatchining saylovda Erdogan erishgan natijaga nisbatan qoldirgan izohi bo‘ldi. Bu da’vatchi bir-biriga yaqin bo‘lgan va Erdogan Qilichdoro‘g‘lidan bir oz ustunlik qilgan ushbu natija haqida «Erdogan tarafdorlari bilan o‘zining ilmoniyligini ochiq ko‘rsatayotgan Qilichdoro‘g‘li tarafdorlari o‘rtasidagi bu bo‘linish xalqning yarmi yoki yarmiga yaqini Islomni istamasligining isbotidir», dedi. (U Erdoganni Islom vakili, deya hisoblagan). Shuningdek, bu da’vatchining Misrdagi saylov haqidagi tushunchasi Shafiq bilan Mursiy o‘rtasidagi natija bo‘yicha Mursiyning pallasi osongina og‘ir kelganligi to‘g‘risida bo‘lib, quyidagi savollarni o‘rtaga tashladi. Vaholanki, Erdogan yoki Mursiyga ovoz berish Islomga ovoz berish emasmi? Axir, Erdoganga yoki masalan G‘annushiyga ovoz bermaslik Islomni qabul qilmaslik hisoblanmaydimi?!

Bu bilimsizlikdan xoli bo‘lmagan chalkashtirish bo‘lib, bunga nisbatan quyidagilarni ta’kidlamoqchiman:

Birinchi: Kimda-kim yigirma yil hokimiyatda bo‘lsa-yu, lekin shuncha vaqt butun jamiyatni Islomni va Islom uchun harakat qilayotganlarni yaxshi ko‘radigan jamiyatga aylantirish uchun kifoya qilmagan bo‘lsa hamda odamlarni Islomni yaxshi ko‘radigan kishilarga aylantirish uchun o‘zining hukmronlik qilgan davrini kifoya qilmaydi, deb hisoblasa, demak, Alloh undaylarning o‘ziga ham, shuncha vaqtiga ham baraka bermabdi! Zero, odamlarga o‘z fikrlari va tushunchalarini o‘zgartirishlari uchun bir necha o‘n yilliklar kerak bo‘ladi, degan gap mutlaqo noto‘g‘ri. Chunki Nabiy ﷺga odamlarni yuzlab yillar e’tiqod qilib kelgan o‘z dinlari va tushunchalarini o‘zgartirish uchun bir necha yil kifoya qilgan. Buning uchun Islom ahkomlarini odamlar ustidan tatbiq qilish va johiliyat qonunlari bilan hukm yuritmaslik yetarli bo‘lgan edi. Buning aksi o‘laroq, bugungi kunda Islom to‘nini kiyib olgan shaxs yoki jamoalar johiliyat qonunlari bilan hukm yuritishmoqda. Odamlar ularni danak kabi tuflab tashlaganda yoki boshqaga moyil bo‘lib ketishganda esa, ovoz olish uchun Islomdan foydalanishyapti!

Ikkinchi: Erdoganga ovoz bermagan odamlar ustidan ular Islom boshqaruvini xohlashmadi, balki ilmoniylikni xohlashyapti, deya hukm chiqarish noto‘g‘ri. Partiyasi qariyb chorak asrdan beri hokimiyatda qolib, hali ham Mustafo Kamol tuzib bergan konstitutsiyani joriy qilayotgan ekan, Erdogan vakillik qilayotgan bu qanday Islom?! Uning tarafdorlari «bir necha o‘n yilliklar davomida hukm surgan ilmoniylik oldida Erdogan hech narsa qila olmaydi», degan gapda nega bunchalik qattiq turishadi?! Ularga javobimiz shuki, Nabiy ﷺ Madinai Munavvaraga kirib kelganlarida musulmonlar aholining atigi beshdan birini tashkil qilardi. Shunga qaramay, ul zot birinchi kundan boshlab Islomni tatbiq etdilar. Ammo biz Madina aholisining kufrga qattiq o‘rganib qolishgani yoki Islomning tatbiq etilishini istashmagani sababli ul zotga qarshi isyon qilgan, degan narsaga aslo guvoh bo‘lmaganmiz!

Uchinchidan: Erdogan chorak asrlik hukmronligi davomida Islom bilan hukm yuritishni istaganda, unga hech narsa to‘sqinlik qilmagan bo‘lardi. Chunki Turkiyadagi odamlar Islomni yaxshi ko‘radilar va Islom bilan hukm yuritilishini istaydilar. Bunga eng kuchli dalil bir necha yil muqaddam dunyo tadqiqot markazlari tomonidan Xalifalik haqida o‘tkazilgan ommaviy so‘rov natijasidir. O‘shanda odamlar Xalifalik davlatida yashashni afzal ko‘rgan davlatlardan biri Turkiya bo‘ldi. Shunday bo‘lgach, Erdogan va uning ilmoniy partiyasiga ovoz bermagan insonlarni qanday qilib Islomni xohlashmaydi, deb aytish mumkin?!

To‘rtinchidan: Adolat va Taraqqiyot partiyasi hech qachon o‘zini islomiy partiya deb da’vo qilmagan. Balki uning tarafdor va izdoshlari shunday deb o‘ylashadi. Aksincha, Adolat va Taraqqiyot partiyasi o‘zining ilmoniy partiya ekanini va Turkiyada Islomning tatbiq etishga hech qachon intilmaganini kecha-yu kunduz ochiq ta’kidlab keladi. Bu partiya Xalifalikni ag‘dargan dinsiz, jinoyatchi Mustafo Kamolning suratisiz birorta ham konferensiya va uchrashuv o‘tkazmaydi. Agar maktab va universitetlarda hijobga ruxsat bergan bo‘lsa, bu uning islomiy partiya bo‘lganligi uchun emas, balki G‘arbning erkinliklar modelini tatbiq qilayotgani uchundir. Adolat va Taraqqiyot partiyasi ruxsat bergan narsaga, Amerika, Ispaniya va yahudiy vujudi ham ruxsat beradi. Shu bois, bu yerdagi afzallik qayerda?!

Beshinchidan: Erdogan va uning partiyasiga Islomni tatbiq qilmagani uchun uzr yo‘q. Chunki chorak asr hukmronlik odamlarni Islom tatbiqiga rozi qilish uchun kifoya qiladi. Shunga qaramay, uning tarafdor va izdoshlari «Erdoganning Islomni tatbiq etishiga to‘sqinlik qilayotgan narsa Turkiyada salmoqli kuchga ega bo‘lgan ilmoniylardir», degan da’voni qilishadi! Ularga javobimiz shuki, Erdogan, ayniqsa, 2016 yildagi inqilobga urinish hodisasidan so‘ng sudya va ofitserlardan iborat o‘ziga qarshi chiqqan har bir shaxsni hibsga oldi, qamog‘ga tashladi va uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Binobarin, mamlakatning mutlaq hukmdoriga aylandi. Uning boshqaruvda birorta ham real raqobatchisi yo‘q. Shunday ekan, agar Erdogan Islomni to‘liq tatbiq qilishni istaganda edi, albatta tatbiq qilgan bo‘lardi. Ana shunda uning qo‘llab-quvvatlovchisi tabiiy bo‘lgan, ya’ni Turkiyadagi musulmon xalqqa tayangan bo‘lardi. Biz shuni unutmaymizki, Turkiyadagi insonlar qirq million kvadrat kilometrdan ziyod maydonda hukmronlik qilgan va besh asrdan ziyod vaqt mobaynida dunyoning xo‘jayinlari bo‘lgan. Ular haligacha o‘z farzandlariga Ertugrul, Fotih, Sulaymon va Salim, deb ism qo‘ymoqdalar… Shunday ekan, Turkiya va Erdoganga nima yetishmayapti va ularni Islomni tatbiq etishdan nima to‘syapti?! Erdogan ichkaridan qo‘rqyaptimi desak, yuqorida buni noto‘g‘riligini bayon qildik… U holda, xorijdan qo‘rqyaptimi? Bu kimsa cherkovni masjidga aylantirishni istagan paytda Yevropadan ham, boshqasidan ham qo‘rqmadi-ku! Turkiya gaz qidiruv kompaniyalari gaz konlarini qidirib, O‘rta yer dengizining sharqiy qismida kezib yurgan paytda Erdogan buni xalqaro reaksiyaga umuman e’tibor bermasdan amalga oshirdi-ku. Bas, nega Islomni tatbiq etish haqida gap ketganda, uning tarafdorlari bu mumkin emas, deb da’vo qilishadi?! G‘alati paradoks shuki, Erdogan Islomni tatbiq qilmoqchiligini, ammo bunga xalqaro pozitsiya monelik qilayotganini yoki Islomga qarshi bo‘lgan o‘zining kofir muxolafatchilaridan qutulmoqchi ekanini hech qachon da’vo qilmagan. Xulosa shuki, bu kimsaning Islomni tatbiq qilishga qodir emasligi noto‘g‘ri. Balki u Islomni tatbiq qilishni istamaydi. U o‘zi uchun namuna qilib olgan shaxs Ertugrul yoki Fotih emas, Mustafo Kamoldir. Shunday ekan, Erdogan tarafdorlari podshohni uning o‘zidan ham ko‘proq himoya qiladigan bo‘lib olmasinlar. Chunki Erdoganning o‘zi ham, partiyasi ham ilmoniydir… Tarafdor va izdoshlari bunga rozi bo‘ladilarmi yoki yo‘qmi, ularning haqiqati mana shu.

Xulosa qilib aytganda, Islomni tatbiq etish sharafini Alloh har kimga ham, ayniqsa, odamlar bilan namoz o‘qib, ularga xuftonda imomlik qiluvchi, so‘ng muborak zaminni bosib olgan va yigitlar, qariyalar, ayollar va go‘daklarni o‘ldirayotgan yahudiy vujudi prezidentini kutib oluvchi kimsaga nasib qilavermaydi… Shuningdek, Alloh bu sharafni bir tomondan Ayo Sofiya masjidini ochib berib, boshqa tomondan «Turkiyaga kirish izni yo‘q», degan dastak bilan Shom ahlini mamlakatga kiritmay, chegaralarda ularning o‘limiga sababchi bo‘layotgan kimsaga ham yoki Ramazonda odamlar bilan birgalikda iftorlik qilib, boshqa tomondan Afg‘oniston, Iroq va Shomdagi musulmonlarni qirg‘in qilishga samolyotlarini yuborayotgan kimsaga ham nasib qilmaydi.

Xullas kalom, erdoganparastlarga shuni aytmoqchimizki, agar Turkiya tepasiga Islom va uning ahliga kecha-yu kunduz dushmanlik qiluvchi kamolchilar qayta kelgudek bo‘lsa hamda ikkinchi bosqich saylovida yutib chiqishsa, buning javobgari Erdogan va partiyasi a’zolari bo‘ladi. Alloh ulardan chorak asr hokimiyatda nima qilding, Islomning qaysi hukmini tatbiq etding, deb albatta so‘raydi.

Turkiya Erdogan va uning partiyasining bo‘ynidagi omonat edi. Agar ikkinchi turda odamlar ularning raqiblariga ovoz berishsa, bu ularning Islomni istamaganliklarini anglatmaydi, balki, Erdogan va uning partiyasining ushbu omonatga xiyonat qilishganini va uni suiiste’mol qilishganini anglatadi. Allohga qasamki, ertaga Erdogan ham, partiyasi ham kuch-qudrat va qahr egasining huzurida «koshki bu omonatni bir kun bo‘lsa ham ko‘targanimizda edi», deb qolishlari aniq.

Roya gazetasining 2023 yil 24 may chorshanba kungi 444-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.