Tunis rejimining Roshid G‘annushiyni hibsga olishi ortida nima yotibdi

0
156

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Tunis rejimining Roshid G‘annushiyni hibsga olishi ortida nima yotibdi?

Muhandis Visom Atrash

Muxolafatning fikricha, Nahza harakati raisi Roshid G‘annushiy bilan ayni hizbdagi bir necha yetakchilarning davlat xavfsizligiga tahdid ayblovi bilan hibsga olinishidan maqsad, muxolafatdagi eng ko‘zga ko‘ringan kuchni yo‘q qilish bo‘lgan. Ayni paytda, ba’zilar yurtdagi krizisga javobgarlikni bitta Nahza harakatiga yuklayotgan bo‘lsa, boshqalar uni yo‘q qilishga urinish dahshatli oqibatlarga olib keladi, deb hisoblashmoqda.

Muxolafatga qarashli Milliy Najot jabhasi raisi Najib Shobbiy Al-Jaziraga bergan intervyusida – 2023 yil 17 aprel dushanba kuni Nahza harakati raisi Roshid G‘annushiy bilan ayni hizbdagi bir necha yetakchilarning qamog‘ga olinishidan ko‘rinib turibdiki, hozirgi rejim prezident Qays Saidning siyosiy muxolafatni ovozini o‘chirib, uni butunlay yo‘q qilishga urinish istagini amalga oshirmoqda, dedi.

Shobbiyga ko‘ra, Nahza harakati yurtdagi eng muhim siyosiy partiya bo‘lib, muxolafatning eng muhim siyosiy koalitsiyasi bo‘lmish Najot jabhasining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Shuning uchun Nahza rahbarlarining hibsga olinishi hamda Nahza bilan Najot shtab-kvartiralarining tortib olinishi ayni kuchlarning siyosiy faoliyatini falajlashga qaratilgan noqonuniy harakatdir. (Al-Jazira net).

Tunis siyosiy maydonini kuzatib borish asnosida shuni unutmaslik kerakki, G‘arb «mo‘tadil islom» kartasidan foydalanishga va uning tarafdorlariga pul tikishga majbur bo‘lgan. Chunki G‘arb avvaldayoq bu mo‘tadillar oqimining zaifligini ko‘rgan va musulmon yurtlarida ekstremizm va fundamentalizmning tarqalishiga qarshi kurashda birinchi mudofaa liniyasi sifatida mana shu kartadan foydalanishga o‘zining muhtojligini anglab yetgan.

O‘shandan boshlab AQSH yetakchiligidagi G‘arb «bu fundamentalistik oqim butun dunyo bo‘ylab G‘arb manfaatlariga tahdid soluvchi asosiy unsur», degan e’tiborda uni buzish va yoyilishini cheklash bo‘yicha tadqiqot va analizlar tayyorlash bilan shug‘ullandi. Amerikaning «musulmon yurtlarida mo‘tadil islomchilar tarmoqlarini qurish va qo‘llab-quvvatlash» to‘g‘risidagi farmoni asosida «RAND» tadqiqot instituti tomonidan tayyorlangan tadqiqot ayni tadqiqotlarning eng ko‘zga ko‘ringani bo‘lsa kerak.

Biroq, Tunisda qo‘zg‘olon boshlanishi va Ibn Ali bilan uning rejimi ishlarni butunlay nazoratdan chiqarib yuborishi G‘arbni ushbu musulmon yurtdagi tizgin qo‘ldan chiqib ketishidan qo‘rqib, maydonni qayta jilovlashga shoshilishga majbur qildi. Ana shunda Nahza harakati rahbari Roshid G‘annushiyning Britaniyadan Tunisga qaytishiga hamda qamoq va lagerlardagi islomchilarning ozod etilib, hokimiyatga kelishlariga ruxsat berildi. Bu ish siyosiy maydonni jilovlash hamda Islom va uning ahkomlariga chanqoq xalq tizginini mahkam ushlash rejasining bir qismi edi. Chunki o‘sha paytda Tunis qo‘zg‘olonida mintaqadagi qolgan funksional rejimlarning ham naqadar zaifligi, devorlari yorilib, «Arab bahori», nomli to‘lqinda yiqilish va vayron bo‘lish yoqasiga kelib qolganligi hamda Tunisda tub o‘zgarishlarga bo‘lgan haqiqiy istakni aks ettiruvchi bebaho ramziylik borligi yaqqol ko‘rinib qolgan edi.

Tunisdagi mo‘tadil islomchilar bilan majburan muomala qilishdan va faqatgina ularni siyosiy Islomning rasmiy vakili sifatida ko‘rishga katta e’tibor qaratishdan Islom loyihasining mazmunini buzish hamda siyosiy va iqtisodiy muvaffaqiyatsizliklar javobgarligini keyinchalik ularga yuklash ko‘zlangan edi. Toki, mustamlakachi kofir o‘zining musulmonlar tanasiga zulukdek yopishib olgan ilmoniy rejimlarini saqlab qolishga va faqat basharalarni o‘zgartirish siyosatini davom ettirishga muvaffaq bo‘lsin.

G‘annushiy boshchiligidagi Nahza harakati yetakchilarining hibsga olinishi, asosan, islomiy uyg‘onishni oldini olish, Islomni siyosiy ishlarga aralashishdan chetlatib, ibodat maskanlariga cheklab qo‘yish uchun tashlangan zarur qadam o‘rnida, G‘annushiy va uning harakati rasmiy turda tamsil etgan Islomga qarshi kurash doirasida bo‘ldi. Ularning hibsga olinishi qo‘zg‘olonlar qavsini yopish (qo‘zg‘olonlarga nuqta qo‘yish), arab bahori yo‘nalishini tugatish, shuningdek, umidsizlikni yoyish va o‘zgarishga bo‘lgan umid va istakni o‘ldirish uchun uning boshlanish nuqtasi bo‘lgan Tunisdagi cho‘g‘ini o‘chirish urinishlari davomida amalga oshirildi. Bu Shom tog‘uti Bashar Asadning G‘arbni qo‘zg‘olonlar to‘lqiniga qarshi turishga, shuningdek, okeandan okeangacha barcha rejimlar qulashidan oldin, ilmoniylikning so‘nggi mustahkam qal’asi hisoblangan o‘z rejimini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan kundagi iltimosiga javob bo‘ldi.

Shuning uchun G‘annushiyning qamog‘ga olinishini biz Suriya tashqi ishlar vazirining Tunisga kelishi va qonxo‘r Baas rejim bilan munosabatlarni normallashtirishning e’lon etilishi bilan bir vaqtda bo‘lganiga guvoh bo‘lyapmiz. Tunisdagi Tiyorush Sha’biy nomli millatchi harakatning matbuot vakili Muhsin Nobatiy bu e’lonni ushbu va boshqa qarshilik harakatlarining g‘alabasi, dedi!

Bundan tashqari, prezident tarafdorlari yurtdagi vaziyatni shu ahvolga kelishi javobgarligini G‘annushiyga yuklashdi. Yurtdagi jarchilar, ya’ni «adashgan yo‘llarga kirmaslik», degan narsani targ‘ib qiluvchi noxolis ommaviy axborot vositalari G‘annushiyni qamog‘ga olish to‘g‘risidagi qarorni prezidentning hayit sovg‘asi, deb atashdi. Biroq, Tunis masalasi Britaniyani do‘st tutgan va o‘zini demokratiya botqog‘iga otgan G‘annushiy shaxsidan ko‘ra chuqurroq masala. Shuningdek, diktatorlar safiga qaytish uchun mushuk kabi Makronga surkalayotgan kimsaning bu masalani boshqarishidan ham ancha katta masala. Darhaqiqat, Tunis masalasi mustamlakachilar changalidan ozod bo‘lishni istayotgan Ummat masalasidir.

Endi, Qays Saidning yo‘lini ochish maqsadida qolgan siyosiy muxolafat figuralarning nishonga olinganiga va tezda ularga «davlat xavfsizligiga qarshi til biriktirish» va «davlat strukturasini o‘zgartirishga urinish» kabi ayblovlarning tirkab tashlanganiga kelsak, bu hamma zolim-jobir rejimlarning odatidir. Ular o‘z barqarorligini o‘rnatish va nufuzini kengaytirish qo‘llaridan kelmagach, bunga faqat o‘zlariga muxolif bo‘lgan va tanqid qilganlarni ovozini o‘chirish bilangina erishishyapti. Bu bilan o‘zgartirishga bo‘lgan barcha urinishlarni qoralashga hamda xo‘jayinlari rozi bo‘ladigan mustamlakachilik siyosatini tatbiq qilish uchun zamin tayyorlashga harakat qilishyapti. Bunga eng kuchli dalil, ayni ayblovlar bilan qamog‘ga olinganlar orasida davlat strukturasi yoki hukumat rejimini o‘zgartirishga real harakat qilgan birorta kimsaning yo‘qligi, birortasi ham bunga harakat qilmaganidir. Balki, ulardan ba’zilari ajnabiydan kuch olish orqali prezidentni o‘zgartirishga yoki hukumatdagi biror mansabga erishish uchun ajnabiy bilan muloqot qilishga harakat qilgan, xolos. Bu harakatlarning barchasi hokimiyat ortidan chopish uchun yuzaki kurash doirasida bo‘lib, mustamlakachilik quroliga aylanib qolmoqda.

Buning muqobili o‘laroq, rejimni ag‘darish va oyog‘ida arang turgan bu davlat strukturasini o‘zgartirish qo‘zg‘olon kunlarida xalq talabi bo‘lgan edi va juda ko‘p insonlar ayni talab bilan ko‘chaga chiqqandi. Hatto bu talab qo‘zg‘olon alanga olishiga asos va davom etishiga sabab bo‘lgandi… Omma xalq rejimni ag‘darish va xalqning o‘zgarish istagini amalga oshirish ishini yurtni omonlik qirg‘og‘iga eltishda yetakchilikni o‘z zimmasiga olgan sara siyosiy guruhga qo‘yib bergan edi. Hozirga kelib, o‘zgartirish uchun bo‘lgan da’vat «men fikrlagandek fikrlaysanlar» degan siyosat doirasida jinoyat sanaladigan bo‘lib qoldimi?! Nahotki «islomchilar»ga umid bog‘lagan kishilar mustamlakachi rejimlardan qutulishning birdan-bir yo‘li Xalifalik va unga da’vat qilayotganlarga yordam berish bilan bo‘lishini anglab yetmasalar?! Alloh Taolo aytadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِن تَنصُرُوا اللهَ يَنصُرْكُمْ وَيُثَبِّتْ أَقْدَامَكُمْ

«Ey mo‘minlar, agar Allohga yordam bersangiz, U ham sizga nusrat-yordam beradi va qadamlaringizni sobit qiladi» [Muhammad 7]

Xulosa qilib aytganda, siyosiy Islom loyihasiga qarshi kurash bilan ko‘rsatilayotgan soxta qahramonliklar iqtisodiy yordam uchun mustamlakachi kofirga yalinishdan va uyulib qolgan qator krizislardan qutulish uchun najot kamarini shu kofirdan qidirishdan boshqa narsa emas. Bu omadsiz hukmdorlar yaqinlashib kelayotgan to‘fonni mana shunday urinishlar orqali yengib o‘tishmoqchi. Vaholanki, ushbu to‘fon, Allohning izni ila, yaqinda ularning mulklarini ham, xo‘jayinlarining nufuzini ham yo‘q qilib, o‘tgan zaif hukmronlik yillaridagi xarobalari uzra Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalikni barpo qiladi. Xalifalik Ummat birligini qayta tiklab, yerlarini ozod etadi va Allohning shariatini tatbiq qiladi. Bu Allohga aslo mushkul emas.

Roya gazetasining 2023 yil 26 aprel chorshanba kungi 440-sonidan

Izohlar yo'q