Sadir Japarov Turkiyaga tashrif buyuradi

117
0

Sadir Japarov Turkiyaga tashrif buyuradi

 Xabar: Prezident Sadir Japarov 15-16-mart kunlari ish safari bilan Anqaraga boradi. Bu haqda prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Muratbek Azimbekov ma’lum qildi. Safar doirasida davlat rahbari Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlarining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etadi.

 “Ofat hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish va insonparvarlik yordami” deb nomlangan yig‘ilishda favqulodda vaziyatlarni boshqarish va gumanitar yordam ko‘rsatish borasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

 Sammitda tashkilotga a’zo davlatlar – Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari ishtirok etadi. Sammit ishiga Vengriya bosh vaziri va Turkmaniston parlamenti raisi kuzatuvchi maqomida qatnashadi.

 “Safar doirasida davlat rahbarining Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on bilan uchrashishi ham rejalashtirilgan bo‘lib, unda ikki tomonlama hamkorlikning muhim masalalari muhokama qilinadi”, – dedi Azimbekov.

Izoh: Hozirgi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti deb nomlangan xalqaro tuzilma turkiy tilli xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida 2009 yil 3 oktyabrda imzolangan “Naxchivan shartnomasi” asosida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Turkiya hamkorligida tashkil etilgan edi.

 Vengriya tashkilotga 2018 yilda kuzatuvchi maqomi bilan qo‘shildi. 2018 yilning 30 aprelida O‘zbekiston ham bu kengashga a’zo bo‘lish istagini bildirdi va 2019 yil 14 sentyabrda tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylandi.

 2021 yil 12 noyabrda Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VIII Istanbul sammitida tashkilot nomi Turkiy davlatlari tashkiloti deb o‘zgartirildi va Turkmaniston ham tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomiga ega bo‘ldi. Hozirgi vaqtda tashkilot faoliyatini koordinatsiyalash bo‘yicha bosh kotibiyat Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan.

 Biroz avvalroqqa qaytadigan bo‘lsak, rasmiy Vashington 2020 yil 8 fevralda AQSHning Markaziy Osiyoga oid 2019-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi strategiyasini e’lon qildi.

Strategiyada AQSHning mintaqadagi siyosatiga oid quyidagi oltita asosiy tamoyillar bayon etilgan:

Markaziy Osiyo davlatlarining ham alohida, ham butun mintaqa sifatida suverenitet va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash;
Markaziy Osiyoda terroristik tahdidlarni kamaytirish;
Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatish uchun yordam ko‘rsatish va ularni kengaytirish;
Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish;
Qonun ustuvorligini va inson huquqlarini hurmat qilishni qo‘llab-quvvatlash;
AQSHning Markaziy Osiyoga sarmoyalarini jalb qilish.Shuningdek, strategiya doirasida AQSH Markaziy Osiyoga 9 mlrd dollarlik yordam ajratadigan bo‘ldi. 

  “AQSHning Markaziy Osiyo ishlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi bizning milliy xavfsizligimiz manfaatlarini ta’minlashga va chet elda vatanimiz, fuqarolarimiz va manfaatlarimizni himoya qilishga yordam beradi… Barcha besh mamlakat bilan yaqin munosabatlar va hamkorlik AQSH qadriyatlarini targ‘ib qilishga yordam beradi va mintaqadagi qo‘shnilar ta’siriga qarshi turishini ta’minlaydi. Amerika biznesi uchun imkoniyatlarning kengayishi mintaqadagi iqtisodiy farovonlikni oshiradi, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarda ish bilan ta’minlash va sanoatni rivojlantirishga yordam beradi”, – deyiladi hujjatda.

 AQSHning ushbu strategiyasidan keyin uzoq vaqt turkiy tilli davlatlar hamkorligi deb atab kelingan kengash Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirildi va Vashington Erdo‘g‘on zimmasiga mintaqada AQSHning yangi strategiyasini bajarishda vositachi vazifasini yukladi. Shu sababli ham Erdo‘g‘onning Turkiy davlatlar tashkilotini tuzish bo‘yicha olib borgan harakatlariga AQSHning ushbu yangi strategiyasi doirasidagi ish deb qarash lozim.

Shuni unitmasligimiz zarurki, Turkiy davlatlar tashkiloti hech qachon musulmonlar haqida qayg‘urmaydi va ularni himoya qilmaydi. Masalan, bu tashkilotning bosh kotibi Bag‘dod Amriyev uyg‘urlar masalasida tashkilotning pozitsiyasi haqida: “bu Xitoyning ichki ishi, biz boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaymiz” degan edi. Demak, Turkiy davlatlar tashkiloti Amerika qo‘lidagi bir qurol bo‘lib, Vashington Erdo‘g‘on vositasida mintaqa davlatlariga o‘z nufuzini o‘tkazishga harakat qilmoqda.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.