Oli Saud hukmdorlari Allohni g‘azablantirishda peshqadamdirlar

0
146

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Oli Saud hukmdorlari Allohni g‘azablantirishda peshqadamdirlar

Shayx Isom Amira

Bugungi kunda musulmon yurtlari hukmdorlari yuz yildan ziyod vaqt muqaddam Usmoniy Xalifalik davlati yiqitilgandan so‘ng malay bobolari hokimiyatni egallaganidan beri Allohning g‘azabiga olib boruvchi dahshatli poygada bir-birlari bilan musobaqalashib kelishmoqda. Bunga qo‘shimcha, ular Alloh nozil qilgan ahkomlar bilan hukm yuritmaslik bilan yo kofir yo zolim yoki fosiq bo‘lishdi, yoxud Allohning kitobiga orqa o‘girib olgan kimsalarning barcha sifatlariga ega bo‘lishdi. Bunga Alloh Azza va Jallaning quyidagi oyatlari dalil:

وَمَنْ لَمْ يَحْكُمْ بِمَا أَنزَلَ اللَّهُ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الْكَافِرُونَ

«Kimda-kim Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qilmas ekan, bas, ular kofirlardir» [Moida 44]

وَمَن لَّمْ يَحْكُم بِمَا أَنزَلَ اللَّهُ فَأُولَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ

«Kimda-kim Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qilmas ekan, bas, ular zolimdirlar» [Moida 45]

وَمَن لَّمْ يَحْكُم بِمَا أَنزَلَ اللَّهُ فَأُولَئِكَ هُمُ الْفَاسِقُونَ

«Kimda-kim Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qilmas ekan, bas, ular fosiqlardir» [Moida 47]

Oli Saud hukmdorlari islomiy yurtlardagi hamkasblaridan Allohni g‘azablantirishda peshqadamliklari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, Muhammad ibn Salmon ikki muqaddas haram yurtini boshqarishda hukmron oila a’zolari orasidagi eng nufuzli shaxsga aylangandan keyin shunday bo‘lyapti. Ibn Salmonning boshqaruvda oiladagi eng nufuzli shaxsga aylanganini uning Saudlar oilasi boshqaruvida ham oilaviy, ham xalq darajasida tub o‘zgarishlarni amalga oshirishga shoshilgani ko‘rsatib turibdi.

Hukmron oila darajasiga kelsak, Ibn Salmon ikki-uch yil muqaddam «Sarlton» mehmonxonasida oilaning ko‘p sonli shahzodalarini hibsga olib, ularni lavozimlaridan mahrum etdi, pullarining bir qismini musodara qilib, so‘ngra – agar uning buyrug‘iga qarshi isyon qilsalar, yanada qattiqroq jazolash bilan tahdid qildi. Xalq darajasida esa, uning tartib-qoidalariga ochiqchasiga yoki bilvosita qarshilik qilayotgan bo‘lib ko‘ringan bir necha ulamolarni qamoqqa oldi. Uning tartib-qoidalaridan biri mamlakatning Amri ma’ruf va nahi munkar hay’atini bekor qilib, o‘rniga «Ko‘ngil ochar ishlari hay’ati»ni tashkil qilishi bo‘ldi. Bularni Ibn Salmon o‘zining mashhur «Mamlakat 2030» dasturi doirasida amalga oshirdi. U ayni dastur orqali Hijoz ahlini g‘arblashtirishni, ular orasida fahsh ishlarni keng yoyishni, ularni chuqur islomiy ildizlaridan ajratishni maqsad qilgan. Bu kimsa hatto ochiqdan-ochiq o‘zgarishlar qabul qildi. Masalan, xorijlik san’atkor erkak va ayollarga viza berish, ularning buzuq festivallarini o‘tkazishlariga ko‘maklashish, Qizil dengizning ayrim plyajlarida g‘arbcha suratda Quyoshda toblanishga ruxsat berish, butun mamlakat bo‘ylab turistik va tibbiy dam olish maskanlarini insho etish kabi. Bu o‘zgarishlarning yaqindagisi Uhud tog‘ining bir qismida tibbiy kurort qurish loyihasidir. Vaholanki, bu tog‘ Uhud janglarini ko‘rgan buyuk tog‘ bo‘lib, Nabiy ﷺ

«أُحُدٌ جَبَلٌ يُحِبُّنَا وَنُحِبُّهُ»

«Uhud tog‘i bizni sevadigan, biz ham uni sevadigan tog‘dir», deya marhamat qilganlar!

Bundan tashqari, mamlakatning ba’zi klublari mashhur futbolchilar bilan fantastik summalarda shartnomalar tuzib, Qatardagi jahon chempionatiga sarflangan mablag‘dan ikki barobar ko‘p mablag‘ sarflanadigan yangi xalqaro musobaqa tadbirini o‘tkazishni rejalashtiryapti!

Tabiiy savol tug‘iladi: Ushbu Najd va Hijoz yurtidagi musulmonlar o‘zlarining qolgan-qutgan islomiy qadriyatlarini ham supurib ketadigan to‘lqin qarshisida qo‘l qovushtirib turaveradilarmi?! Shuningdek, din va tarixlariga mansubliklarini zaiflashtirish, o‘sib kelayotgan avlodlarini g‘arblashtirish hamda Saudiya Arabistonini xuddi Iroq, Tunis, Misr, Turkiya va boshqa musulmon yurtlari kabi holatda qoldirish uchun bo‘layotgan harakatlar qarshisida ham qo‘l qovushtirib turaveradilarmi?!

Bunga javob Arabiston yarim oroli ahlining Islom ahlidan bir bo‘lagi ekanligidadir. Gap shundaki, kofirlar ularni ham, boshqa musulmon xalqlarni ham o‘z dinlari, meroslari va aqidalaridan sug‘urib tashlashga muvaffaq bo‘lisholmadi, bu boradagi barcha urinishlari ayanchli muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Alloh Subhanahu va Taolo Islomni o‘z Kitobi, Sunnati, tarixi, fiqhi va mafkurasi borasida yo‘q bo‘lib ketishdan yoki zavolga yuz tutishidan asragan. Alloh Taolo bunday degan:

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ

«Albatta bu eslatmani (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va shubhasiz, O‘zimiz uni saqlaguvchimiz» [Hijr 9]

Bugungi kunda Islom Ummati boshdan kechirayotgan holatga kelsak, bu bir tulporning qoqilib-yiqilishi, xolos… U yaqinda Allohning izni ila qayta sakrab turib, avvalgidan ham kuchli holga keladi hamda musulmonlarning Payg‘ambarlik minhoji asosidagi ikkinchi roshid Xalifaligi soyasida Islom giganti bo‘lib oyoqqa turadi va o‘ziga, diniga va merosiga zarar bergan uzoq-yaqindagilarning har biridan albatta hisob so‘raydi…. Farzandlarini qirg‘in qilgan, uysiz-qochqinga aylantirgan, nomuslari va muqaddas dargohlarini toptagan har bir kimsadan albatta o‘ch oladi. Ha, Islom Ummati yana shunday holiga qaytadi. Falastin va Aqso masjidida bo‘layotgan hodisalar buning yaqqol misoli va namunasidir. Masalan, bosib olinganiga yuz yildan oshiq vaqt o‘tdi…, bosqinchilar Aqsoga tinmay bostirib kirishmoqda…, Poydevoridan buzib tashlash uchun qazilma ishlarini olib borishyapti… Biroq mana shularning barchasiga qaramay, ushbu dargohning o‘rni musulmonlar yuragida hamon mustahkam qolmoqda. Aqsoda sodir bo‘layotgan har bir hodisa dunyoning har bir yeridagi musulmonlarni qo‘zg‘atib yubormoqda, hatto bu dargoh Islom Ummatining issig‘i o‘lchanadigan termometrga aylandi.

Bu yerda diqqatni qaratish hamda tafsilot va alomatlarini chuqurroq anglash lozim bo‘lgan muhim narsa bor. Gap shundaki, Islom Ummati himoyalanish davridan hujum qilish bosqichiga ko‘chdi. U hozir o‘z yurtlaridagi jinoyatkor rejimlarga qarshi kurashib, ularni ag‘darish va taxtlari xarobalari uzra Xalifalikni barpo etishga harakat qilmoqda. Ushbu yangi bosqich hukmdorlarga doimiy qo‘rquvni tottirmoqda. Chunki ular Islom asosida faoliyat qiluvchi har bir siyosiy harakatni to‘xtatish uchun bor kuchlarini sarflab, tugatib bo‘lishdi. Musulmonlarning uyg‘onishlarini oldini olish uchun qilish kerak bo‘lgan barcha ishni qilishdi. Bu ishda tadqiqotchilar, mufakkirlar, sharqshunoslar va g‘arbparastlardan iborat barcha shaytonu iblislardan yordam so‘rashdi. Bu ishga millatchi va vatanparvar harakatlar, ba’zi islomiy harakatlar, xotin-qizlar jamiyatlaridan iborat son-sanoqsiz lashkarlarni safarbar qilib, milliardlarini sarflashdi. Ular uchun ommaviy axborot eshiklarini lang ochib berdi. Barchalari maktab va oliy o‘quv yurtlariga burun suqib, ta’lim dasturlarini o‘zgartirishdi, dasturlardan Ummat hokimiyati, merosi, jihodi, buyuk tarixi, ko‘hna moziysi va va’da qilingan nurafshon kelajagiga aloqador har bir darsliklarni olib tashlashdi… Biroq, bularning barchasi ularga niyatlarini amalga oshirishlari uchun foyda bermadi. Ular haqida Haq Taboraka va Taoloning ushbu kalomi haq-rost bo‘ldi:

إِنَّ الَّذِينَ كَفَرُوا يُنفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ لِيَصُدُّوا عَن سَبِيلِ اللهِ فَسَيُنفِقُونَهَا ثُمَّ تَكُونُ عَلَيْهِمْ حَسْرَةً ثُمَّ يُغْلَبُونَ وَالَّذِينَ كَفَرُوا إِلَى جَهَنَّمَ يُحْشَرُونَ

«Albatta, kofir bo‘lgan kimsalar mol-dunyolarini Allohning yo‘lidan to‘sish uchun ishlaturlar. Bas, uni sarflaydilar-u, so‘ngra o‘sha (mollari) o‘zlariga hasrat bo‘lur, so‘ngra mag‘lub bo‘lurlar. Kofir bo‘lgan kimsalar jahannamga to‘planurlar» [Anfol 36]

Bugungi kunda Islom Ummati roshid Xalifalik darvozasini qoqmoqda. Uning ochilishi uchun Allohning izn berishi qoldi, xolos. Alloh qachon izn bersa, zolim hukmdorlar bilan Oli Saud hukmdorlari qulab, kofir xo‘jayinlari musulmon yurtlaridan qaytib kelmaydigan bo‘lib bo‘lib qochib qolishadi… Musulmon qo‘shinlar ularni ortlaridan quvib, takbirlar sadolari va islomiy armiyalar zarbalari ostida Rim va boshqa kufr paytlarini fath etadilar. Yer yuzida azizning azizligi, xorning xorligi bilan Islom kirib bormagan na bir shahar va na bir qishloq qoladi. Bu muhtaram Payg‘ambarimizning Tamim Doriy roziyallohu anhu tomonidan rivoyat qilingan ushbu hadislarining tasdiqidir: Tamim Doriy aytadiki, men Rosululloh ﷺning bunday deganlarini eshitgandim:

«لَيَبْلُغَنَّ هَذَا الْأَمْرُ مَا بَلَغَ اللَّيْلُ وَالنَّهَارُ، وَلَا يَتْرُكُ اللَّهُ بَيْتَ مَدَرٍ وَلَا وَبَرٍ إِلَّا أَدْخَلَهُ اللَّهُ هَذَا الدِّينَ، بِعِزِّ عَزِيزٍ أَوْ بِذُلِّ ذَلِيلٍ؛ عِزّاً يُعِزُّ اللَّهُ بِهِ الْإِسْلَامَ، وَذُلّاً يُذِلُّ اللَّهُ بِهِ الْكُفْرَ»

«Bu ish kecha va kunduz yetib borgan joygacha yetib boradi. Alloh bironta ham o‘trog‘u ko‘chmanchining uyini qoldirmasdan unga bu dinni azizning azizligi yoki xorning xorligi bilan kiritadi. Azizlikki, u bilan Alloh Islom dinini aziz qiladi. Xorlikki, u bilan Alloh kufrni xor qiladi». Tamim Doriy bunday der edi: «Men buni o‘z xonadonim ahlida ko‘rdim. Ulardan Islomga kirganlar xayr-barakot, sharaf va azizlikka erishdi. Kofir holatda qolganlar esa, xorlik, rasvolik va jizyaga duch kelishdi».

وَاللَّهُ غَالِبٌ عَلَى أَمْرِهِ وَلَكِنَّ أَكْثَرَ النَّاسِ لَا يَعْلَمُونَ

«Alloh O‘z ishida g‘olibdir. Lekin odamlarning ko‘plari (buni) bilmaydilar» [Yusuf 21]

Roya gazetasining 2023 yil 8 fevral chorshanba kungi 429-sonidan

Izohlar yo'q