“Gazprom Qirg‘iziston” gaz tarifini ko‘tarishni talab qildi

0
191

“Gazprom Qirg‘iziston” gaz tarifini ko‘tarishni talab qildi

 Xabar: “Gazprom Qirg‘iziston” kompaniyasi gaz tariflarini har kubometr uchun kamida 19,9 somgacha oshirishni talab qilmoqda. Kompaniya aholini qo‘shnilarining past tariflariga e’tibor qaratmaslikka chaqirdi – Qirg‘izistonni o‘zining gazi yo‘q. Shuningdek, ular faqat tariflarni oshirish uy-joy massivlarini gazlashtirishni tezlashtirishga yordam berishini aytishdi.

 Kompaniya rahbarining iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari Arzimat Aldayarovga ko‘ra, gazning bir kubometri uchun amaldagi 18,7 som bo‘lgan tarif “Gazprom Qirg‘iziston” foydasini u yoqda tursin, hatto xarajatlarni ham qoplamaydi.

 “Agar iste’molchi tarifi tabiiy gazni xarid qilish va har bir abonentning o‘t yoquvchi joyiga yetkazib berish xarajatlarini to‘liq qoplab, uning 1 kub metri  19,9 somdan bo‘lsa, u holda  gazlashtirish sur’atlarini sezilarli darajada tezlashtira olamiz”, – degan u, deputatlarning gazlashtirish sust bormoqda degan tanqidlariga javoban.

 “Tarif hozirgi darajada qolsa ham, biz mamlakatni gazlashtirish bo‘yicha ishimizni to‘xtatmaymiz”, – dedi Aldayarov.

 “Gazprom Qirg‘iziston” kompaniyasining ta’kidlashicha, kompaniya sakkiz yildan buyon zarar ko‘ruvchi tarifga amal qilib kelmoqda, natijada aholi uchun bunday subsidiyalarning umumiy miqdori 5 milliard somdan oshgan. Shu bilan birga, kompaniya mamlakat rasmiylariga kelishuvdagi norma haqida eslatib o‘tdi, unga ko‘ra gaz tariflari kompaniyaning barcha xarajatlarini qoplashi va yiliga 12 foizlik foyda keltirishi kerak.

 “Kompaniyani ko‘pincha qo‘shnilar bilan solishtirishadi. Nima uchun O‘zbekistonda, Qozog‘istonda, Rossiyada tariflar arzon? Biz import qiluvchi o‘lka ekanimizni tushunishimiz kerak. O‘zbekiston, Qozog‘iston hamda Rossiya gazni eksport qilishadi. Ular yuqori eksport narxlar orqali ichki tarifni subsidiyalashadi”, – deb tushuntiradi Aldayarov.

 Gazprom Qirg‘iziston”ning ma’lumotiga ko‘ra, qirg‘iz hukumati kompaniyaga 700 mln som qarz.

 Izoh: 2014-yili “Qirg‘izgaz” Rossiyaning “Gazprom”iga 1 dollar evaziga sotib yuborilgan edi. O‘sha vaqtda “Gazprom” kompaniyasi “Qirg‘izgaz”ning barcha qarzlarini to‘lash, aholini zangori olov bilan uzluksiz ta’minlash, tariflarni pasaytirish va mamlakat gaz infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun 5 yil davomida 20 milliard rubl sarmoya kiritish majburiyatini olgan edi. O‘sha vaqtdan beri aholi gazning har ming kub metri uchun 220 dollardan to‘lab kelmoqda. Tabiiyki, bunday narx aholi uchun og‘irlik qiladi va har kim ham uyni istishda gazdan foydalana olmaydi. “Gazprom” va’da qilgan gazlashtirish ishlari ham oddiy xalq hisobidan olib borilmoqda. Uyiga gaz tushirmoqchi bo‘lgan odam “gazchilarga” trubasidan tortib, devorga qoqadigan miqigacha olib beradi va tortilgan har bir metr turba uchun 300 somdan pul to‘laydi.

 Narxni tushirishni va’da qilgan kompaniya bugunga kelib gaz narxini oshirishni talab qilmoqda. Avvalroq, prezident Japarov may oyidan svet narxi oshirilishi va amaldagi 700 kilovatt soat uchun 0,77 tiyin o‘rniga 1 somga ko‘tarilishini aytgan edi. Svet ortidan gaz narxi oshishi ham aniq bo‘lib qoldi. Demak, bo‘lgulik yana oddiy xalqqqa bo‘ladi. Oddiy qilib aytganda, “o‘zing uchun o‘l yetim”.

 Abdurahmon Odilov

Izohlar yo'q