Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga keldi

127
0

Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga keldi

 Xabar: O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 26 yanvar kuni davlat tashrifi bilan Bishkekka keldi.

 Oliy darajadagi muzokaralarda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilinadi.

 Ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

 Izoh: O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida Bishkek shahrida Qirg‘iziston-O‘zbekiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Forum davomida ma’lum qilinishicha, 2016 yildan buyon o‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida tovarayirboshlash 7 marta oshgan. Xususan, o‘tgan 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 543 million dollardan oshiqni tashkil etgan bo‘lsa, o‘zaro tovar ayirboshlash 2021 yilga nisbatan 21 foizga o‘sgan.

 Yaqin yillarda har ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada oshirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi. Xususan, har ikki davlatning tashqi savdo aloqalari tahlil qilinganda O‘zbekiston tomoni boshqa davlatlardan import qilayotgan 500 million dollarlik tovarni Qirg‘izistondan olishi mumkinligi, shuningdek, Qirg‘iziston tomoni import qilgan 800 million dollarlik kimyo, tekstil, maishiy texnika, farmatsevtika va boshqa soha mahsulotlari O‘zbekistonda mavjud bo‘lib, tovar ayirboshlashni yanada yaxshilash imkoniyati bor ekanligi ta’kidlandi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi, chorva, issiqxonalar texnologiyasi, tekstil, charm mahsulotlari, gidroenergetika, ko‘mir,  yo‘l-transport, turizm va boshqa bir qator sohalarda hamkorlikni rivojlantirish maqsad qilingan.

 Shuningdek, yo‘l-transport sohasidagi hamkorlik istiqboli haqida so‘z bordi. Ayni vaqtda “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda. Bundan tashqari, Andijon-O‘sh-Qashqar trasport yo‘li imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha loyihalar rejalashtirilgan. Forum davomida shuningdek gidroenergetika sohasidagi hamkorlikka e’tibor qaratildi. Xabar qilinishicha, ayni vaqtda “Qambarota-1” GES qurilishi loyiha bosqichida bo‘lib, moliya imkoniyatlari muhokama qilinmoqda. Shuningdek, gidroenergetika sohasida boshqa loyihalar istiqbollari ham ko‘rib chiqilmoqda.

 Albatta, insoniy jihatdan, ikki qardosh xalq o‘rtasida hamkorlik rivojlanib, turli loyihalarda sherikchlik qilishlari yaxshi. Ammo, bu boshqa yirik davlatlar ta’siridan holi bo‘lishi shart. Aks holda bu hamkorlik vaqtinchalik bo‘lib yetakchi davlatlar manfaatlariga qarab o‘zgarib turadi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston temir yo‘l sohasida hamkorlik qilishni maqsad qilishga intilayotgan bo‘lishiga qaramay, bu loyihaning asosiy sarmoyadori Xitoy bo‘lib, temir yo‘l bu ikki davlatdan ko‘ra ko‘proq Xitoy manfaatlariga xizmat qiladi. Shuningdek, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston “Qambarota-1” GESini birgalikda qurishga kelishishdi. Ammo, ular xali ish boshlamay turib Rossiya ham bu loyihada ishtirok etish istagini bildirdi. Agar Rossiya GES qurilishiga qo‘shiladigan bo‘lsa – katta ehtimol bilan Rossiya bu loyiha o‘z ishtirokisiz amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaydi – GES nazorati Rossiya qo‘liga o‘tib ketadi. Natijada, temir yo‘l ham, GES ham davlat va xalq manfaati uchun emas, balki yirik davlatlarning bosim o‘tkazish quroliga aylanib qoladi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.