Qirg‘iziston Xitoydan 59 million dollar grant olmoqchi

95
0

Qirg‘iziston Xitoydan 59 million dollar grant olmoqchi

Xabar: Qirg‘iziston Xitoydan 59 million dollar grant olishni rejalashtirmoqda.Bu haqda transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayev 20 dekabr kuni Jogorku Keneshning transport, aloqa, arxitektura va qurilish qo‘mitasi yig‘ilishida bildirdi.
Tekebayevning aytishicha, bu mablag‘ Shimol-Janub yo‘lida harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha beshta obyekt qurishga yo‘naltiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu zarur, chunki marshrut bo‘ylab tosh qulashi kuzatilmoqda.
“Beshta obyekt: uchta galereya va ikkita ko‘prik qurilishi ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati 59 million dollarni tashkil etadi, Xitoy bilan grant shartnomasini tayyorlayapmiz, ular kelishib oldilar”, – dedi boshqarma boshlig‘i.
Ma’lum qilinishicha, yo‘lda tosh qulashi kuzatilayotgan boshqa kichik uchastkalar ham bor. U yerda xavfsizlik davlat budjeti hisobidan ta’minlanadi.

Izoh: 2014-yili Qirg‘iziston transport va aloqa vaziriligi shimol-janub muqobil yo‘lini qurish loyihasini amalga oshira boshladi. Yangi barpo etiladigan yo‘lning umumiy uzunligi 433 kilometrni tashkil etadi. Yo‘l qurilishi boshlangan datlabki vaqtda loyihaning umumiy qiymati 850 million dollarga baholangan bo‘lsa, 2021 yilga kelib loyiha qiymati 937 million 500 ming dollarga ko‘tarildi. Loyihaning asosiy moliyalovchisi odatdagidek Xitoyning “Eksimbank”i bo‘lib, loyiha uchun 700 million dollar mablag‘ ajratgan. Loyihaning amalga oshirish esa Xitoyning “China Road & Bridge Corporation” kompaniyasiga topshirildi. E’tiborli jihati, loyiha ishlab chiqilayotganida va keyinchalik yana salkam 90 million dollarga qayta baholanayotgan vaqtda nima uchun tosh ko‘chish xavfi hisobga olinmagan? Agar yana Xitoydan 59 million dollar qarz olinadigan bo‘lsa, “Shimol-Janub” muqobil avtomobil yo‘li Qirg‘izistonga 1 milliard dollarga tushadi. Tabiiyki, Qirg‘iziston hozirgi iqtisodiy holatida ushbu qarz va uning foizlarini to‘lash imkoniga ega emas. Demak, Vazirlar mahkamasi raisi Akilbek Japarov 2022 yil iyun oyidan boshlab “xalq etini o‘ldirish” uchun aytib kelayotgan “Shimol-Janub” muqobil yo‘li boshqaruvini Xitoy o‘tkazib berish uchun zamin hozirlanmoqda. Bundan tashqari, Bishkek IEM, Datka-Kemin EUL ham Xitoyga o‘tib ketish xavfi mavjud.
Shuningdek, Qirg‘izistonning “ avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunga binoan yangi qurilgan yo‘llarning kafolat muddati 5 yil, qayta tiklangan yo‘llar uchun kamida uch yil bo‘lishi belgilangan. Yangi qurilayotgan yo‘lning sifati ham shunga qarab bo‘ladi. Demak, shartnomaga muvofiq, Qirg‘iziston yangi qurilgan yo‘l to‘liq foydalanishga topshirilmay turib yaqin kelajakda har bir kilometri uchun 700 mingdan 1,5 million dollargacha mablag‘ sarflab yo‘lni kapital ta’mirlashni boshlashiga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, buncha mablag‘ qirg‘iz hukumatida mavjud emas, demak ta’mir uchun yana qarz olishga majbur bo‘ladi. Shu tariqa qarz charxpalagi to‘xtovsiz aylanaveradi. 2022 yil iyun holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonning Xitoy oldidagi qarzi 1 milliard 794,1 million dollarni tashkil etgan va qarz to‘xtovsiz oshib bormoqda.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.