Islom nazarida sog‘liq va sog‘liqni saqlash

223
0

Xalifalik davlatida sog‘liqni saqlash siyosati

Bismillahir rohmanir rohiym

Islom nazarida sog‘liq va sog‘liqni saqlash

Islom nazarida sog‘liq

Sog‘liqning lug‘aviy ma’nosi kasallikning aksi, ya’ni kasallikning yo‘q bo‘lishidir. Shuningdek, sog‘liqqa har qanday ayb va shubhalardan, qalbdagi vahima va g‘ulg‘ulalardan pok bo‘lishni ham aytiladi. Badandagi sog‘liq tabiiy holat bo‘lib, bu holatda badan bajaradigan fe’llar o‘zining tabiiy yo‘nalishida yuradi. Yangicha istilohida esa, sog‘liq tushunchasi kengroqdir. Sog‘liqqa “Tabiiy vazifalardan bo‘lgan bir holat, bu holat kasallik sababli gohida o‘zgarib qolishi ham mumkin”, deb qaralgandan keyin, yangicha istilohida sog‘liqqa “U faqat kasallik va illatlardan xalos bo‘lishgina emas, balki u shunga qo‘shimcha, badan sog‘ligi, psixologik va ijtimoiy sog‘lomlik holati hamdir”, deb ta’rif beriladi. Shunga ko‘ra, yaxshi yoki yomon sog‘liq – doimiy faoliyat holatidir. Kasal va illatlarning bo‘lmasligi sog‘liqni yaxshi deb sifatlanishi uchun yetarli ham, zaruriy ham emasdir. Darhaqiqat, Islom sog‘liqqa g‘oyatda muhim ahamiyat bilan qaradi. Sog‘liqni ko‘p odamlar qadriga yetmagan va aldanib qolgan buyuk bir ne’mat, deb sanadi. Buxoriy o‘zinig “Sahihi”da Ibn Abbosdan rivoyat qiladi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
نعمتان مغبون فيهما كثير من الناس
“Ikki ne’mat bor. Ko‘p odamlar bu ikkisida aldanib qoladilar. Bu ne’matlarning biri sog‘lik, ikkinchisi bo‘sh vaqtdir”. Ya’ni, tanu-jon salomatligi va ularning kuchli-quvvatli bo‘lishi. Bo‘sh vaqt insonning turmush mashg‘ulotlaridan, hayot tashvishlridan xoli bo‘lishidir. Hadisi sharifda sog‘liq, bo‘sh vaqt va shu kabi ne’matlardan foydalanib qolishga targ‘ib etiladi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam mo‘minlarni sog‘liqlari yo‘qolmay turib uning qadriga yetishlariga undaydilar. Aytadilarki:
اغْتَنِمْ خَمْسًا قبلَ خَمْسٍ : شَبابَكَ قبلَ هِرَمِكَ ، وصِحَّتَكَ قبلَ سَقَمِكَ ، وغِناكَ قبلَ فَقْرِكَ ، وفَرَاغَكَ قبلَ شُغْلِكَ ، وحَياتَكَ قبلَ مَوْتِكَ
“Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil; keksalikdan oldin yoshligingni, kasallikdan oldin sog‘ligingni, faqirlikdan oldin boyligingni, mashg‘ullikdan oldin bo‘shligingni va o‘limdan olding hayotingni qadrini bil”. Hokim “Al-Mustadrok” da rivoyat qilgan va bu ikki shayxning shartiga ko‘ra sahih hadis degan. Shuningdek, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam mo‘minlarni Alloh ta’olodan ofiyat, sog‘lik-salomatlik so‘rashlariga undaganlar va bu ishni yaqiyn-iymondan keyingi eng yaxshi amallar qatoriga kiritganlar. Ibn Habbon o‘z sahihida rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
سَلُوا اللَّهَ الْمُعَافَاةَ فَإِنَّهُ لَمْ يُعط أَحَدٌ مثل الْيَقِينِ بعد الْمُعَافَاةِ
“Allohdan ofiyat so‘ranglar. Chunki, ofiyatdan keyin yaqiyn(iymon)ning misli xech kimga berilmagan”. Ofiyat dinni fitnalardan pok bo‘lishini va badanni kasallik va qiyinchiliklardan salomat bo‘lishini o‘z ichiga oladi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
لَا بَأْسَ بِالْغِنَى لِمَنْ اتَّقَى اللهَ ، وَالصِّحَّةُ لِمَنْ اتَّقَى اللهَ خَيْرٌ مِنَ الْغِنَى ، وَطِيبُ النَّفْسِ مِنَ النِّعَمِ
“ kishining boy bo‘lishida hech bir zarar yo‘q. Sog‘lik-salomatlik taqvo qilgan odam uchun boylikdan yaxshiroqdir. Qalbning sofligi ham bir ne’matdir”. Hokim rivoyati. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam yomon kasalliklardan panoh tilardilar. Darhaqiqat, Abu Dovud Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallollohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنَ الْبَرَصِ، وَالْجُنُونِ، وَالْجُذَامِ، وَمِنْ سَيِّئِ الأَسْقَامِ
“Ey Alloh! Men Sendan pes, moxov, jinnilik va yomon kasalliklardan panoh tilayman”. Ibn Habbon o‘z sahihida rivoyat qilgan. Keyin, sog‘lik ne’mati ham boshqa ne’matlarga o‘xshaydi. Kishi qiyomat kunida bu ne’matdan so‘raladi. Bu esa, sog‘likning naqadar muhim ahamiyatga ekanligini yana bir bor ta’kidlaydi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam marhmat qiladilar:
إن أول ما يُحاسَب به العبد يوم القيامة أن يقال له: ألم أصح لك جسمك، وأروك من الماء البارد
“Qiyomat kunida banda hisob-kitob qilinadigan eng avvalgi narsa shuki, unga aytiladi; Sening jismu-joningni sog‘lom qilmadimmi va seni muzdek suv bilan qondirmadimmi?!”. Hokim rivoyat qilgan va uni isnodi sahih hadis degan.

Islom nazarida sog‘liqni saqlash

Sog‘liqni saqlash xalq sog‘ligini tekshirib, kuzatib borish, xalq sog‘ligini muhofaza qilish va buning uchun zarur bo‘lgan chora tadbirlarni qo‘llashdir. Zero bu ishlar jismoniy sog‘lomlik va ruhiy salomatlikka olib keladi. Sog‘liqni saqlash xoh shaxs (individual), xoh jamiyat darajasida bo‘lsin, kasalliklar paydo bo‘lmay turib ulardan saqlanishni, yuzaga kelgan taqdirda ularni muolaja qilishni o‘z ichiga oladi. Sog‘liqni saqlashga shu nuqtai-nazardan qarash lozimki, u amalda samarali va uzluksiz ri’oya bo‘lib, bu rioya Islomda shaxs va jamiyat qanday bo‘lishi kerakligi xaqidagi tasavvurni ro‘yobga chiqaradi. Ya’ni, u shaxsning jismoniy va ruhiy salomatlikdan baxramand bo‘lish extiyojini qondiradi, shar’iy vazifalarini bajarishiga imkon yaratadi. Islomiy jamiyat, Islom davlati esa, sog‘liqni saqlashda, Islom risolatini butun bashariyatga da’vat va jihod yo‘li bilan yetkazishda eng zamonaviy uslub va vositalarni ixtiro qilishda, ilm-fan erishgan eng ilg‘or yutuqlarni qo‘lga kiritishda yuqori darajalarga ko‘tarilib boradi. Shariat sog‘liqni saqlashni bevosita davlatning va xalifaning gardaniga yuklaydi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
الإمام راع ومسؤول عن رعيته
“Imom boshliq va u o‘z xalqidan mas’uldir”. Buxoriy rivoyat qilgan. Zero, sog‘lik-salomatlik aholi uchun oziq-ovqat va xavfsizlik kabi eng asosiy ehtiyojlardandir. Balki shuning uchundir Rasululloh sallolohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ آمِنًا فِي سِرْبِهِ ، مُعَافًى فِي جَسَدِهِ ، عِنْدَهُ قُوتُ يَوْمِهِ ، فَكَأَنَّمَا حِيزَتْ لَهُ الدُّنْيَا
“Sizlardan kimning qalbi xotirjam bo‘lsa, tanu-jonu sog‘ bo‘lsa, kundalik oziq-ovqati bo‘lsa, go‘yo u butun dunyoni qo‘lga kiritgandir”. Termiziy rivoyat qilgan va bu hadis hasan, g‘arib degan. Ibn Habbon bu hadisni o‘z sahihida chiqargan. Darhaqiqat, shariatda sog‘liqni saqlash davlatga vojib ekanligiga umumiy va xos dalillar kelgan:
Umumiy dalillarga kelsak:
Sog‘liqni saqlash va tibbiyot davlat subyektlari uchun ta’minlashi kerak bo‘lgan vazifalar sarasiga kiradi. Shu nuqtai nazardan klinika va shifoxonalar musulmonlar sog‘liqlarini tiklash va davolanish uchun murojaat qiladigan muassasalardir. Shuning uchun ham aslida tibbiyot masolih va marofiqlardan ya’ni muassasa va imkoniyatlardan iboratdir. Bunday muassasa va imkoniyatlarni ta’minlashni davlat o‘z zimmasiga olishi vojib. Negaki, Rasululloh sallollohu alayhi va salamning mana bu so‘zlari asosida davlat bunday majburiyatni amalda bajarishi vojib:
الإمام راع ومسؤول عن رعيته
“Imom boshliq va u xalqidan mas’uldir”. Buxoriy Abdulloh ibn Umardan chiqargan. Shuningdek, aholining sog‘lig‘ini saqlash ishlarini ta’minlamaslik zararga olib keladi. Zararni daf etish esa, davlatga vojib. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
لاَ ضَرَرَ وَلاَ ضِرَارَ مَنْ ضَارَّ ضَارَّهُ اللَّهُ وَمَنْ شَاقَّ شَقَّ اللَّهُ عَلَيْهِ
“Zarar berish ham, bir-biriga zarar berish ham yo‘q. Kim zarar yetkazsa, Alloh unga zarar yetkazadi. Kim mashaqqatga solsa, Alloh uning o‘zini mashaqqatga soladi.” Hokim “Al-Mustadrok” da rivoyat qilgan va bu hadisni Muslim shartiga ko‘ra isnodi sahih degan. Mana shu tomondan ham sog‘liqni saqlash davlatga vojibdir.

Ammo hos dalillarga kelsak:
— Imom Muslim Jobir raziyallohu anhudan qilgan rivotda aytiladi:
‏بَعَثَ رَسُولُ اللَّهِ ‏ ‏صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ‏ ‏إِلَى ‏ ‏أُبَيِّ بْنِ كَعْبٍ ‏ ‏طَبِيبًا فَقَطَعَ مِنْهُ عِرْقًا ثُمَّ كَوَاهُ عَلَيْهِ ‏
“Rasululloh sallollohu alayhi va sallam Ubay ibn Ka’bga bir tabib yubordilar. Tabib uning bir tomirini kesib, so‘ngra uni kuydirdi”. Hokim “Al-Mustadrok”da Zayd ibn Sobitdan, u otasidan qilgan rivoyatni keltiradi: “Umar ibn Xattob zamonlarida qattiq kasal bo‘lib qoldim. Shunda Umar menga bir tabib chaqirdilar. Tabib meni parxezga buyurdi. Parxezning qattiqligidan men faqat urug‘ shimardim”. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam davlat rahbari sifatida Ubay raziyallohu anhuga tabib yuborganliklari, ikkinchi roshid xalifa Umar raziyallohu anhu Aslam raziyallohu anhuni davolash uchun unga tabib chaqirganliklari – mana bularning barchasi sog‘liqni saqlash va tibbiyotning davlat o‘z aholisi uchun bepul ta’minlashi vojib bo‘lgan asosiy ehtiyojlar jumlasidan ekanligiga dalolat qiladi.
–Buxoriy “Adabul mufrod” va “Tarixi sog‘iyr” da Mahmud ibn Lubayddan rivoyat qiladi, Mahmud raziyallohu anhu aytadi: “Xandaq jangida Sa’dning bilagi jarohatlanib, u og‘ir axvolga tushib qolganda uni Rufayda degan ayolning oldiga olib bordilar. U ayol jarohatlanganlarni davolar edi. Nabiy sallollohu alayhi va sallam uning oldidan har o‘tganda;
كيف أمسيت “Kunni qanday o‘tkazding”, deb so‘rardilar. Ertalab esa, كيف أصبحت “Tongni qanday ottirding”, deb hol-ahvolini so‘rardilar. Sa’d Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallamga o‘zining ahvolini ma’lum qilar edi. Sa’d raziyallohu anhuni Rufayda xuzuriga olib borilishi Nabiy sallollohu alayhi va sallamning amrlari bilan bo‘lgan edi. Ibn Is’hoq Sa’d ibn Mu’oz raziyallohu anhu qissasida qayd etadiki, Sa’d raziyallohu anhuga xandaq jangida o‘q tekkach, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: “Uni Rufaydaning chodiriga olib boringlar, birozdan keyin men borib ko‘raman”, dedilar. Rufayda Aslam qabilasidan bo‘lgan ayol bo‘lib, jarohat olganlarni davolar edi va u o‘zini nochor qolgan yetim yesirlar, faqir fuqarolar, yordamga muhtojlar va birorta musulmon yaqini bo‘lmagan yolg‘izlar xizmatiga tikib qo‘ygan edi. Buni Ibn Is’hoq “As-siyrat”da, Voqidiy esa, “Al-mag‘oziy”da qayd etganlar. Imom Muslim bu hodisani Oisha roziyallohu anhodan qisqacha rivoyat qiladi. Oisha onamiz aytadilar:
أُصِيب سعد يوم الخندق، رماه رجل من قريش، يقال له بن الْعَرِقَةِ رماه في الأَكْحَلِ ، فضرب النبي صلى الله عليه وسلم خَيمة في المسجد ليعوده من قريب
“Xandaq kuni Sa’d yaralandi. Unga Qurayshdan Ibnul Ariqo degan odam kamondan o‘z uzgan edi. O‘q uning bilak qon tomiriga tegdi. Natijada, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam unga masjidda bir chodir qurdirib, tez-tez undan xabar olib turdilar”. Ko‘rinib turibdiki, chodir Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning amrlari bilan qurilgan edi. Chodir masjidda, ya’ni ommaviy joyda qurilgan edi. U xozirgi umumiy shifoxona o‘rnida bo‘lgan. Rasululloh sallollohu alahi va sallamning mazkur Ibn Is’hoq rivoyatidagi “uni (Rufaydaning chodiriga) olib boringlar!”, degan so‘zlari u zotning ishni davlat boshlig‘i va armiya qo‘mondoni sifatida boshqarganliklariga dalildir. Qolaversa, Sa’d raziyallohu anhu armiya safidagi soldatlardan edi. Biroq, shifoxona faqat askarlarga xos bo‘lmagan. Balki, u umumiy bo‘lib, Ibn Is’hoq rivoyatida kelaganidek, barcha musulmonlarga tegishli bo‘lgan.
Buxoriy “Adabul Mufrod”da keltirganidek, Ibn Sa’d mana bu Rufaydani Ku’ayba, deb atagan. Muhimi shuki, bu ayol davlat boshlig‘ining buyrug‘i bilan masjidda barpo etilgan, bitta chodirdan iborat davlat shifoxonasining mudirasi edi. Hadisi sharifda uning bemorlardan hech qanday haq olmaganligiga ishora bor. Balki, u o‘zini musulmon fuqarolari, beva-bechoralari xizmatiga baxshida etgan edi. Ya’ni, musulmonlar unga davolanish haqqini berishmas, balki ularning davolanishlari muqobilsiz edi. Ushbu bepul meditsina xizmati faqat beva-bechora va faqirlarga xos bo‘lmagan. Chunki, Sa’d Banu Abdul Ashham qabilasining sayyidi bo‘lgan, u faqir, bechoralardan emasdi. Shunday bo‘lsa-da, u ham davoni bepul oldi, meditsina xizmatidan muqobilsiz foydalandi. Shuning uchun davlat o‘zining butun aholisini, boyini ham, kambag‘alini ham bepul tibbiy xizmat bilan ta’minlashi vojib.
– Buxoriy va Muslimda Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi. Anas raziyallohu anhu aytadilar:
عن أنس بن مالك، قال: قدم أناس من عكل أو عرينة، فاجتووا المدينة «فأمرهم النبي صلى الله عليه وسلم، بلقاح، وأن يشربوا من أبوالها وألبانها
“Ukl va Urayna qabilasidan bo‘lgan kishilar keldilar va ular Madinada turgilari kelmadi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ularni emlashga va tuyani sutidan, bavli(siydigi)dan ichishga buyurdilar”. Buxoriyda shu lafz bilan keladi. Muslimda esa, mana bunday lafzda keladi:
“Rausululloh salollohu alayhi va sallam ularga dedilar; “ Agar xohlasangiz sadaqa qilingan tuyalarga borib, ularni sutlaridan va bavllaridan ichinglar. Ular shunday qilishgach, barchalari sog‘ayib ketdilar”. “Madinada turgilari kelmadi”- degani, bezovtalik yoki qandaydir kasallik borgligi uchun Madinada turishni xush ko‘rishmadi. Abu Ubayd, Javhariy va boshqalar bu so‘zni shunday izohlaydilar: shaharda turgisi kelmadi, deyiladi, qachonki u yerda ne’matlar ichida bo‘lsa ham, u yerda turishni yoqtirmasa. Xattobiy aytadi; bu so‘zning aslidan oshqozonni og‘ritadigan bir kasallik tushiniladi. Ya’ni, Madinaning havosi ularga mos kelmagan. Ular Madinaga kelib kasal bo‘lib qolishgan. Shuning uchun u yerda turgilari kelmay qolgan. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ularni davolaydigan, ular uchun shifo bo‘ladigan bir makonni xozirlashga e’tibor qaratganlar. Buxoriydagi hadisning boshqa rivoyatida Rasululloh sallollohu alayhi va sallam aytadilar:
“ … natijada ularni Harraga tushirdilar”. Harra Madinaning tashqarisida qora toshlar bilan qoplangan joy edi. Koshki, Madinaning yeridan ko‘ra ularning tabiatiga Harraning yeri mosroq kelar, degan umidda Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ularni o‘sha joyga chiqishlariga buyurgan edilar. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ularga sadaqa qilingan tuyalrning sutlaridan ichishga izn berganlar. Vaholanki, bu tuyalar Baytul molning tasarrufidagi tuyalar edi. Bu esa, meditsina, tibbiy yordam ham musulmonlarning Baytul moldan mablag‘ ajratiladigan masolih-manfaatlaridan ekanligiga dalolat qiladi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.