Nabiy ﷺning mavludlari Ummat va davlat mavludidir

35
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Nabiy ﷺning mavludlari Ummat va davlat mavludidir

Ustoz As’ad Mansur

Nabiy ﷺning mavludlari samoga yoyilib, zulmatni tarqatib, Yer kurrasi va undagi insoniyatga ziyo ulashgan Nurdir. Biz bilamizki, Alloh Taolo mana shu nur ila insoniyatning hidoyat topishini xohladi. Shuning uchun kim kufr keltirib, haqdan yuz o‘girsa azobga, kim Allohga imon keltirib, taqvo qilsa jannatga loyiqdir.

Muhammad ﷺning mavludlari buyuk voqeadir. Ushbu voqea tarixni o‘zgartirdi, shu voqea bilan barcha ummatlardan oliy ko‘hna Ummat tug‘ildi, shu voqea bilan eng buyuk va eng qudratli davlat barpo bo‘ldi. Nabiy ﷺning mavludi insonlarni zulmatlardan nurga, dinsizlik chakalakzorlaridan ilm-fan, mafkura va axloqda eng yuksak martaba yo‘liga chiqardi… Shuningdek, eng taraqqiy topgan, oliy madaniyatli va eng to‘g‘ri uyg‘otuvchi hazoratni olib kelib, hamma sohada ilg‘orlik va ijodkorlikni vujudga keltirdi.

Savodsiz, yetim bir insonning shunday ishlarni amalga oshirishi aqlga sig‘adimi?! Mafkura va falsafani bilmagan, din va hazoratlarni oldindan o‘rganmagan, o‘qishni ham, yozishni ham bilmagan bir kishi! Shu holdagi shaxsdan bular qanday qilib amalga oshishi mumkin?! Ha, bu haqiqatda Payg‘ambarlikdan boshqa narsa emas! Aks holda, shunday bir holatdagi inson bu ishlarni qilishga muvaffaq bo‘lolmasdi.

Qurol-yarog‘siz, yordamchi va tarafdori ham, odamlarni o‘ziga jalb qilgudek biror maqom-mansabi ham, do‘st va dushman sotib oladigan mol-davlati ham yo‘q… U kishiga zaif hol, kambag‘al, o‘rtacha, kuch-qudratga ega bo‘lmagan insonlardan boshqasi imon keltirmadi. Ular odamlar tortib olishmasligi uchun dinlarini yashirardilar. Bas, shunday holdagi insonlar bilan qanday bir davlat qurish mumkin?!

Ul zot bu kishilar bilan shunday bir guruhga asos soldilarki, barchalari Islomga oshuftalik va sevgi bilan kirishdi, u zotning pokiza qo‘llaridan ta’lim va saqofat olgani ishq-muhabbat ila shoshilishdi. Ul zotning huzuridan bir nafas ham ajrala olishmadi, faqat uxlash va bola-chaqa boqish uchun ajraldilar, xolos. Ul zot bu insonlarni jaholat mafkurasi bilan to‘qnashiladigan va Quraysh zodagonlariga qarshi kurashiladigan ikkinchi bosqichga tayyorladi. Sinov va imtihon bo‘lmish ushbu bosqichda ular kofirlar qo‘lidan ashaddiy azoblarga duch kelishdi… Biroq, sabr qilishdi, sobit turib, ahd-paymonlarini o‘zgartirishmadi va bir davlatga yetakchilik qila olishga tayyor barkamol bir Hizbga aylanishdi.

Alloh ularning qalbi rostgo‘y, xolis, sobit va fidoiy ekanini bildi va ularning yetakchisiga nusrat talab qilishni vahiy qildi. Ul zotga Alloh nusrat va g‘oliblikni va’da qildi, ammo buning uchun sa’y-harakat qilishni, sabab va musabbabotlarni mahkam ushlashni ham farz etdi. Chunki nusrat oltin patnislarda kelmaydi, balki obdan tekshirish va sinovlar ortidan keladi. Shuning uchun, ul zot qavmlar eshiklarini qoqib, ularning yetakchilari bilan gaplashdilar… Kimlari qarshilik qildi, kimlari shart qo‘ydi… Ammo ul zot hammasidan bosh tortdilar, faqat Alloh uchun, jannat uchun xolis nusrat talab qildilar. Va nihoyat, Alloh nusrat ahli sari yetaklab, ul zot davlat barpo etdilar, bayroqlar tikib, Alloh yo‘lida haq jihod olib bordilar.

O‘n yil hukmdor sifatida ichkarida bino qurish, tashqarida jihod qilish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Shaxsan o‘zlari yigirma to‘qqizta g‘azotu jang-jadalni olib bordilar, 100dan ziyod sariya-rota yubordilar, bu haqda Ibn Hajar Asqaloniy rivoyat qilgani kabi. Davlat shunday bino etiladi: ichkarida Islom ahkomlarini tatbiq etish, tashqarida uni jihod bilan yetkazish.

Xo‘sh, ul zot bu uslubni qanday bildilar?! Hizbga asos solib, uyushma, tashkilot, saqofat maskani bunyod etishni, fikriy va siyosiy kurashga sho‘mg‘ishni, nusrat talab qilib, bay’at so‘rash va davlat e’lon qilishni… keyin ichki va tashqi siyosat, boshqaruv, ijtimo va iqtisod nizomini ishlab chiqishni, bularning barchasini qanday qildilar?! Haqiqat shuki, bularning barchasini faqatgina vahiydan oldilar. Aks holda, mazkur holatdagi bir insonning fikr, ilm, falsafa, saqofat va dinlardan bexabar bo‘lgan qavmdan ummat shakllantirib, ular yordamida eng buyuk davlatlarni mag‘lub etgan, asrlar davomida dunyoni boshqargan davlatni barpo etishi aqlga sig‘adimi!

Shu bois, aqlan ul zotning yo‘liga ergashmoq va siyratlarini ushlamoq shart, nega ham shart bo‘lmasin, axir ul zotga ergashmoqning farzligiga qat’iy dalillar mavjud bo‘lsa?!

Kimda-kim Nabiy ﷺni yaxshi ko‘rishini da’vo qilayotgan bo‘lsa, bas, ul zotga ergashsin, o‘ziga ul zotni namuna qilib olsin va ul zotning yuz yil oldin kofirlar tomonidan ag‘darilgan davlatini qayta barpo etishga harakat qilsin. Mavludi Nabiyni nishonlash ziyofat va bayramlar uyushtirish, qasida va nashidalar aytish, shirinliklar tarqatish bilan bo‘lmaydi. Yo‘q, balki mavludi Nabiyni nishonlash ul zotning yo‘llariga qarichma-qarich, qadamma-qadam ergashish va bundan qilcha og‘ishmaslik bilan bo‘ladi.

Nabiy ﷺ faqatgina dinni yetkazuvchi bo‘lmagan, balki Alloh nozil qilgan ahkomlar bilan hukm yurituvchi hukmdor va davlat rahbari bo‘lganlar. U zot Alloh yo‘lida jihod qiluvchi qo‘shinga qo‘mondonlik qilib, reja-taktikalar tuzar edilar. Payg‘ambarimiz ﷺ buyuk siyosatchi bo‘lganlar. U zot shartnoma va sulhlar tuzib, jang e’lon qilar, shuningdek, harbiy qo‘mondonlar, muovin, voliy va mulozimlar tayinlar, ularni ishdan bo‘shatar, elchilar qabul qilar, vaqti kelganda ularni qabul qilmay, qaytarib yuborar edilar.

Payg‘ambar ﷺ Islomni yetkazib, insonlarga ta’lim berar edilar. Ammo maktab ta’limi hamda miyalarga ma’lumotlarni to‘ldirish, odamlarni yig‘latib, shu bilan kifoyalanadigan ma’ruzalar qilish asosida ta’lim bermadilar. Balki Islom ahkomlarini voqe-hodisalarga tushirib, ular orqali muammolarni hal qildilar va odamlarni dunyoyu oxirat baxt-saodatiga erishtirish uchun manfaatlarni qabul qildilar, zararlarni daf etdilar. Odamlarni u yer, bu yerda ko‘chib yuradigan kitoblarga yoki kompakt-disklarga yoxud ilmiga amal qilmaydigan ulamolarga aylantirish uchun emas, balki, shoyad ular Allohning azobidan saqlansalar, deya dinni o‘rgatdilar.

Rosululloh ﷺ Allohning har bir narsani bayon qiluvchi, ba’zi narsalarni xos, ba’zilarini umumiy keltirib, ba’zilarini mutlaq qiluvchi, ikkilamchi masalani tub ildiziga bog‘lovchi, komil, mukammal va keng qamrovli din olib keldilar. Yoki Kitobda kelmagan hukmni ham bayon qildilar… Bularning barchasi Allohdan vahiy sifatida bo‘ldi va shariat manbalari Kitob va ul zotning Sunnati bilan kamoliga yetdi.

Nabiy ﷺni yaxshi ko‘radiganlar mana shularga e’tibor berishmaydimi?! Allohning zikriga qalblari erib, o‘zlariga kelishib, ul zot qilgan ishni qilish vaqti kelmadimi?! Rosululloh ﷺ kufr tuzumi hukm surgan bir zamonda boshqaruvga sherik bo‘lishdan bosh tortmadilarmi?! Darhaqiqat, ul zot hokimiyatni to‘liq olishda qattiq turdilar va

«حَتَّى يُظْهِرَهُ اللهُ أَوْ أَهْلَكَ دُونَهُ»

«… Yo Alloh bu dinni g‘olib qiladi yoki men shu yo‘lda halok bo‘laman …», degan mashhur so‘zlarini aytdilar.

Mana shu mabdaiy pozitsiyadir:  yo Islom hokimiyati yoki shu yo‘lda o‘lim.

Nabiy ﷺ o‘z mavludlarini qo‘shiq qilib kuylash, raqs tushish, nog‘ora va surnaylar chalish bilan nishonlashni talab qilganmi?! Yoki ul zot ketma-ket qozongan nusratlarni, tinimsiz nozil bo‘layotgan oyatlarni, yer yuzida ularning tatbiq etilayotganini va muammolarga yechim bo‘layotganini nishonlaganmi?! Axir roshid xalifalardan biri bo‘lmish Umar roziyallohu anhuga bir yahudiy – sizlar Kitobingizda oyatni o‘qiyapsizlar, ammo agar biz yahudiylarga bitta oyat tushganda edi, uni albatta hayit-bayram qilib olgan bo‘lar edik, demaganmidi, so‘ng Alloh Taoloning

﴿الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَـكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيْتُ لَـكُمُ الإِسْلَامَ دِيناً‌﴾

«Bugun sizlarga diningizni komil qildim, ne’matimni benuqson-to‘kis qilib berdim va sizlar uchun (faqat) Islomni din qilib tanladim»           [Moida 5]

degan kalomiga ishora qilmaganmidi?! Kofirlar dinimizning qiymati, buyukligi, benuqson va mukammalligini, keng ko‘lamli mabda ekanini ilgari ham anglashgan, hozir ham anglashmoqda. Biroq, unga imon keltirishmadi va bunga yo qaysarliklari yoki hasadlari yoxud o‘z manfaat va rahbarliklarini qattiq istaganliklari yo-da nafs-havo va shahvatlariga berilishganlari sabab bo‘ldi. Shuning uchun ham Islomga qarshi urush ochib, uning davlatini qayta barpo etmoqchi bo‘layotganlarga qarshi kurashishyapti. Ammo ular istamasalarda, Rosululloh ﷺ

«ثُمَّ تَكُونُ خِلَافَةٌ عَلَى مِنْهَاجِ النُّبُوَّةِ»

«Keyin Payg‘ambarlik minhoji asosidagi Xalifalik bo‘ladi», deya bashorat berganlaridek, Islom davlati albatta barpo bo‘ladi. Ha, Allohga qasamki, u albatta barpo bo‘ladi, chunki alomatlari zohir. Nega ham barpo bo‘lmasin, axir, u g‘ayb olamini ham, shohidlik olamini ham bilguvchi Allohning vahiysi bo‘lsa. Bas, ushbu davlatni barpo etish uchun harakat qilayotganlarga jannat bo‘lsin va u naqadar yaxshi maskan!

Roya gazetasining 2022 yil 2 noyabr chorshanba kungi 415-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.