Qodirov Toʼqaevni tanqid qildi

21
0

Qodirov Toʼqaevni tanqid qildi

Xabar: Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Rossiyaga hech qanday foydasi tegmaydi, biroq Moskva hammaga yordam beradi. Xususan, Rossiya Qozogʼiston va Belarusni qutqarib qolgan. Bu haqda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Prezident Qosim-Jomart Toʼqaevning DXR va LXRni tan olmaslik haqidagi bayonotidan keyin ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida taʼkidladi.

“Evropa yetakchilari Putinning oldiga keladi, telefon orqali muzokaralar olib boradi, ular Ukraina manfaatlarini himoya qiladi, bizning KXShT aʼzolarimiz, nega jim turasiz? Nega qoʼshnilaringiz haqida gapirmaysiz, nega urushni tugatishga harakat qilmaysiz? Nega ajdodlarimizni oʼldirgan fashistlarga, banderalarga qarshi pozitsiyangiz yoʼq. Xuddi, hech narsa boʼlmagandek, sanktsiyalardan qoʼrqib, hamma jim”, deya KXShT rahbarlarini tanqid qilgan Qodirov.
Qodirovga koʼra, Rossiya Qozogʼiston va Belarusni qutqarib qolgan hamda Аrmaniston va Ozarbayjon oʼrtasidagi ziddiyatni hal qilishda muhim rol oʼynagan.
“Qozogʼiston suverenitetini yoʼqotishni boshlaganida, kim yordam berdi? Rossiya sanktsiyalardan qoʼrqmaydi. Va agar davlatni tan olish kerak boʼlsa, siz davlatlarni tan olasizmi, tan olmaysizmi bizga ahamiyati yoʼq.”, – dedi Qodirov.
U Rossiya yaqinda Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasida yaxshi natijalarni koʼrsatishini qoʼshimcha qilgan.

Izoh: Qozogʼiston prezidenti Qosim-Joʼmart Toʼqaev Peterburg iqtisodiy forumidagi chiqishida Rossiyaning asosiy targʼibotchisi Margarita Simonyan bergan savolga javoban uning mamlakati oʼzini oʼzi mustaqil deb eʼlon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olmasligini aytdi.

“Biz na Tayvanni, na Kosovoni, na Janubiy Osetiyani, na Аbxaziyani tan olamiz. Shu printsip, bizning fikrimizcha, Lugansk va Donetsk kabi kvazidavlat hududlariga ham taalluqlidir. Bu – sizning ochiqchasiga bergan savolingizga ochiqchasiga javob”, – dedi Toʼqaev.

Qozogʼiston prezidentining Putin yonida oʼtirib bu kabi jiddiy bayonot berishi Putinning gʼashiga tekkani aniq. Putinning Toʼqaev javobidan qoniqish xosil qilmagani Putin “erkatoyi” Ramzan Qodirov tilidan yangradi.

Joriy yil boshida Qozogʼistonda vujudga kelgan ommaviy noroziliklar boshlangach KXShT kuchlari mamlakatga kiritilib Toʼqaev hokimiyatini saqlab qolishga yordam bergan edi. Toqaevning shoshilinch qaror qabul qilishi va KXShT kuchlarini mamlakatga kiritishi xali koʼp bor Toʼqaevga pand beradi. Endi qozoq prezidenti va rasmiylari tomonidan biror nojoʼya harakat sodir boʼlishi bilan rus hukumati va rus tashviqotchilari “Rossiya sizlarni saqlab qolgan” deb taʼna qilishdan charchashmaydi. Jirinovskiy oʼlimidan soʼng Putinning “ogʼziga” aylanib qolgan Lukashenko esa qoʼshni respublikalar “Qozogʼiston fojealaridan saboq olishi” kerakligidan ogohlantirib, ularning Rossiya-Belorus ittifoqiga aʼzo boʼlishdan boshqa yoʼllari yoʼqligini bashorat qilgan edi.

“Qozoqlarga yaqindagi voqealar dars boʼldi, ular ham qoʼshiladi, 15 yillar ichida Ukrainaning ham qoʼshilmasdan iloji qolmaydi. Аrmaniston ham hech kimga kerak emasligini tushundi, aniq bizga qoʼshiladi, Ozarbayjon sal soʼroq ostida, chunki uni Turkiya qoʼllab-quvvatlayapti. Oʼzbekiston, Tojikiston va Turkmanistonning ham qoʼshilmasdan boshqa iloji qolmaydi”,- degan edi Lukashenko.
Rossiya agar Ukrainada biror natijaga erishib, hech boʼlmaganda Lugansk va Donetsk viloyatlarining bosib olishga muvaffaq boʼlsa Rossiyaning keyingi siyosati faqat harbiy kuchga asoslanadi. Putinning imperialistik ishtahasi ochilib, postsovet respublikalarini kuch bilan boʼlsa ham oʼz qoʼl ostida birlashtirish sari jiddiy harakat boshlaydi. Bunda birinchi nishon Qozogʼiston boʼlishi mumkin.

Аbdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.