Tashiev: MXDQ tomonidan hamma narsa va hamma toʼliq nazorat qilinadi

29
0

Tashiev: MXDQ tomonidan hamma narsa va hamma toʼliq nazorat qilinadi

Xabar: Milliy xavfsizlik davlat qoʼmitasi rahbari Qamchibek Tashiev “Novыe litsa” nashriga bergan intervьyusida ayrim siyosiy kuchlar mamlakatda “qandaydir tartibsizliklar” uyushtirishga intilayotganini aytdi. Shu bilan birga, u maxfiy xizmat mamlakatdagi hamma narsani nazorat qilishidan ogohlantirdi.

Tashievning aytishicha, MXDQ mamlakatda notinchlik boʼlmasligi uchun barcha kompleks choralarni koʼrmoqda. Jumladan, qoʼzgʼolon va inqiloblar.
“Nega? Chunki keyingi inqilob hech qanday yaxshilikka olib kelmasligini butun jamiyat va oddiy, fikrlaydigan odamlar tushunadi. Biz rivojlanishimiz kerak. Biz barcha siyosiy kuchlar bilan, hatto inqilob qilmoqchi boʼlgan odamlar bilan ham murosa topishimiz kerak. Hammalarini taklif qilaman: “Oʼrtoqlar! Nega sizga inqilob kerak?”” – dedi Tashiev.
Qoʼmita fuqarolarni tinglayaptimi, degan savolga Tashiev maxfiy xizmat “hammani, hamma narsani va toʼliq” nazorat qilishini takrorladi.

Izoh: Japarov-Tashiev tandemi boshqaruvi inqirozga uchrab, xalq ichida amaldagi hukumatga nisbatan ishonchsizlik va nafrat kuchayib borgani sari MXDQ raisi Tashievning tahdidli va odamlar qalbiga qoʼrquv hissini solishga qaratilgan bayonotlari koʼpaymoqda. Chunki, Japarov amalga oʼtirganidan beri bergan birorta ham vaʼdasini bajarmadi. Iqtisod kundan-kunga choʼkib, qimmatchilik va ishsizlik xalq tinkasini quritib bormoqda. Davlat qarzi ozayishi oʼrniga ortib, hukumat byudjet tashkiloti xodimlari ish haqlarini qarz olish bilan toʼlayapti, xalq zimmasidagi soliq yukini oshirib boryapti.
Muxolifatda yurgan vaqtda hukumatni davlat yerlarini noqonuniy sotishda ayblab kelgan Tashiev oʼzi amal kursisiga oʼtirgach oʼnlab gektar yerni qoʼshni davlatlarga berish qaroriga kelgan. Bunga nisbatan mahalliy aholi keskin qarshilik qilib chiqqach esa Tashiev oʼzini goʼllikka solib, kelishilgan yerlar xaritasi bilan yaxshi tanishib chiqmagani, bilmasdan “boʼpti” deb yuborganini aytib chiqdi. Oʼtgan yili Qirgʼizistonning Qora-Suv tumanidagi Savay qishloq aholisi Kampirobod suv ombori atrofidagi 50 gektar yerni Oʼzbekistonga berilishiga qarshi mitingga chiqishganida ular bilan uchrashgan Tashiev “Oʼylaymanki, boshqacha qilish mumkin – ular toʼsib qoʼygan 20 gektar yerni almashtirish. 50 emas, balki 20 gektar”, – deb xalqni tinchlantirishga uringandi. Boshqa bir uchrashuvda esa norozilik bildirgan odamlarni “tilini sugʼurib olish” bilan qoʼrqitgan edi. Bundan boshqa “qoʼlingni sindirb qoʼyaman”, “u qilaman, bu qilaman” degan tahdidlari ham koʼpayib bormoqda. Endi esa butun Qirgʼiziston xalqini qoʼrqitishga urinib, “MXDQ hammani va hamma narsani nazorat qilayotgani”ni aytib chiqdi.
Bakiev boshqaruv davrining oxirgi vaqtlarida ham xalq noroziligini pasaytirish va qoʼrqitish uchun kuch ishlatar organlari rahbarlari tahdidli bayonotlari bilan chiqishi koʼpaygan edi. Oʼsha vaqtdagi ichki ishlar vaziri, marhum Moldamusa Kangantiev “norozilik namoyishiga chiqqanlar qattiq jazolanishi” bilan tahdid qilgan edi. Oradan koʼp oʼtmasdan xalq oʼzidan ketgan prezident va amaldorlarning “qattiq” jazolab qoʼygan edi.
Qoʼrqitish va shantaj ustiga qurilgan hukumat uzoqqa bormasligiga Qirgʼizistonda sodir boʼlgan uch davlat toʼntarishi misol boʼla oladi. Аmaldagi hukumatning ham paymonasi toʼlib borgani sari boshqaruvda faqat qoʼrqitish va odamlarni jim boʼlishga majburlash yoʼlini tutmoqda.

Аbdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.